Aziz Haydarov - "Bunyodkor" akademiyasi rahbari!

  • 28 iyun, 2022, 22:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Kuni kecha “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Mehriddin Abdullaev “Bunyodkor”ning faoliyatini yanada rivojlantirish borasida tegishli mas’ul mutaxassislarga navbatdagi topshiriqlarni berdi. Yig‘ilishda futbol klubi prezidenti ayniqsa, “Bunyodkor”ning bugungi kundagi yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini tanqid ostiga oldi.

 “Akademiya faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, tez kunlarda “Bunyodkor” futbol akademiyasida tub islohotlar amalga oshirish jarayonini boshlash kerak. Futbolchilarni tarbiyalash bo‘yicha yangi, bugungi kun talabiga to‘liq javob beradigan, evropacha futbol andozalariga mos maqsadli dastur ishlab chiqish zarur. Bundan asosiy maqsad – bu orqali akademiya hamda klubning faoliyatini transformatsiya qilish, ya’ni mavjud tizim, shart-sharoitlar va oldingi rivojlanish dasturini qaytatdan yangilash, muhitni yaxshilash”, – dedi klub prezidenti.

Malakali murabbiylar, skaut, selektsioner va shu kabi boshqa zamonaviy kadrlar bilan ta’minlanish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olishdan iborat bo‘lgan selektsiya tizimi, futbolchilarning jismoniy tayyorgarlik holati, ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash metodologiyasi, yoshlar orasida adolatli va sog‘lom raqobat yaratish, futbol infratuzilmasi va akademiyaning moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash hamda mavzuga oid boshqa masalalarda sezilarli kamchiliklar kuzatilayotganligi ta’kidlandi. Ularni imkon qadar qisqa fursat ichida to‘liq bartaraf etib, rivojlanishda yuqori o‘sish va samara ko‘rsatish, asosiy jamoaga mahoratli va iqtidorli futbolchilarni tayyorlab berish ko‘rsatkichini, ya’ni akademiyaning foydali ish koeffitsientini keskin oshirish “Bunyodkor” akademiyasiga mas’ullar uchun yaqin kelajakdagi eng dolzarb vazifalar ekanligiga katta urg‘u berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti tomonidan tashkiliy masala ko‘rildi hamda 27 iyun kuni “Bunyodkor” futbol akademiyasiga yangi direktor tayinlandi. Ushbu lavozimga yurtimiz futbolidagi ko‘zga ko‘ringan vakillardan bo‘lmish Azizbek Haydarov loyiq topildi. O‘z vaqtida “qaldirg‘ochlar” safida uzoq yillar davomida to‘p tepgan Haydarov endilikda “Bunyodkor” FKda mahoratli futbolchilarni tayyorlash tizimida faoliyat olib boradi.

“Bunyodkor” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!