
Babayan bilan aloqalari, «Paxtakor»dan arazlagani va «Turon»ning kelajagi haqida Javohir Sohibov bilan intervyu
Bir necha yillar ilgari O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surgan Javohir Sohibov hozirda «Turon» klubi a’zosi sanaladi. Oson bo‘lmagan faoliyat olib borgan futbolchi bilan suhbat sizni bee’tibor qoldirmasligi aniq.
- Siz juda ham og‘ir jarohat oldingiz. Aytingchi, og‘ir damlarda butsalarni mixga ilib yuborish haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?
- To‘g‘risi, og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazdim. Muammolarga duch keldim. Ketish haqida o‘yladim, ammo oila a’zolarimning qo‘llab-quvvatlashi sababli yana kurashga qaytdim. Jarohatim muammo tug‘dirgani bois uzoq muddat klublar ko‘rigidan o‘ta olmadi. Yaratganga shukur hozir hammasini engib o‘tdim.
- Nega aynan «Turon»dan tushgan taklifni qabul qildingiz?
- To‘g‘risi, «Turon» klubi Superligaga ko‘tarilganidan xabarim bor edi. Ular uchun xursand bo‘ldim. Sababi, men aynan shu klub joylashgan tumanda tavallud topganman. Aynan shu omil sababli Yaypan klubidan tushgan taklifni qabul qildim.
- «Paxtakor» sizni davolatish uchun pul to‘lashdan voz kechgani rostmi?
- Yo‘q, aslida hammasi o‘zgacha bo‘lgan. Men jarohat olgan paytimda klub jarrohlik operatsiyasini to‘lab berdi. Keyin rahbariyat o‘zgardi. Meni tiklanish jarayonim uchun ketadigan xarajatlarni qoplashlari muammoga aylandi. Yangi rahbarlar bilan bu masalada so‘zlashish uchun klub mutasaddilari bilan uchrashishga urindim. Ba’zan 4 kunlab o‘tirib klub rahbarlari bilan uchrasha olmaganman. O‘sha davrlarda Umid Ahmadjonov sport direktori edi. Oqibatda, yil oxirida boshqa jamoaga ketishga qaror qildim. Aslida, «Paxtakor» menga davolanishni to‘lab bermoqchi ekanligini aytgan, lekin yoshlik qilib ketishni afzal ko‘rganman. Nima bo‘lgan taqdirda ham «Paxtakor»dan minnatdorman. Sababi, shu jamoa non-tuzini eb katta bo‘lganman.
- Milliy terma jamoada to‘p surgan futbolchi birdaniga chetga chiqib qolishi qanchalar alamli?
- Sizga g‘alati eshitilishi mumkin, lekin 3 yil futbolsiz qolgan paytlarim ham takliflar kelib turgan edi. Buning uchun yaratganga shukurlar aytaman. Aslida, uzoq muddat futbolsiz qolganim uchun hech kim men bilan shartnoma imzolashni istamagan. «Turon»ga kelgach, yana hammasi o‘z izmiga tushib ketishni boshladi. Nasib qilsa, yana terma jamoa libosida to‘p surish niyatim bor.
- Nima uchun xorij klublarida to‘p surishni uddalay olmadingiz? Bunga boshqa sabablar bormi?
- Menimcha, Ukraina haqida so‘rayapsiz. To‘g‘risi, ketishimdan avval boshqa gap bo‘lgan edi. Borgach, umuman boshqa klub ko‘rigida bo‘ldim. Ular menga va’da qilingan summani taklif etishgani yo‘q. Shu sababli transferim amalga oshmadi. Ochig‘i, menga «Rux» sen bilan qiziqyapti deyishgan edi. Borgach, hammasi o‘zgarib ketdi.
- Nima uchun «Paxtakor» darvozasiga urgan golingizni bunday ehtiros bilan nishonladingiz? Bunga qandaydir sabablar bormi?
- Shunchaki, emotsiyaga berilib ketdim. Aslida, golni nishonlash niyatim yo‘q edi. 4 yillik tanaffusdan so‘ng, Superligada gol urganim uchun juda ham xursand edim. Shu bois, nishonlashda o‘zimni tutib tura olmadim.
- Hozirgi «Turon» elitada jon saqlab qoladimi? Jamoaning imkoniyatlari qanday?
- Albatta! Biz endi o‘zaro kelishib to‘p surishni boshladik. Yigitlar yangi kelganlar bilan chiqishib ketdi. Hozir ham yuqori o‘rinlar uchun kurash olib borish imkoniyatimizni qo‘ldan chiqarganimiz yo‘q. Nasib qilsa, musobaqada yaxshi o‘rinlarni egallaymiz.
- Sizni Samvel Babayanning «yoqimtoy» futbolchisi deb atashadi. Aytingchi, shu gap rostmi?
- Yolg‘on deb ayta olmayman. Samvel Babayan meni futbolchi sifatida yaxshi ko‘rar, doimo o‘z ustimda ishlashim lozimligi haqida aytar edi. Men ham uning ishonchini oqlash maqsadida aytilgan ko‘rsatmalarini to‘liq bajarganman. Shu bois, u meni doimo birinchi planga olib chiqishga intilgan. Men undan minnatdorman.
- Hozirgi «Paxtakor» bilan siz davringizdagi «Paxtakor»ni solishtiring! Qay biri kuchliroq?
- Ayni damdagi «Paxtakor» katta pullar evaziga tuzilgan. Moliyaviy juda baquvvat klub. Shu bois, kuchli yigitlar unda jam bo‘lgan. Avvalgisida ahvol umuman o‘zgacha edi. Biz klub emblemasi hurmati 5-6 oylab maosh olmagan paytlarimiz bo‘lgan. Ko‘tarma va g‘alaba uchun beriladigan pullarni deyarli bir yillab olmaganmiz. Buni hamma biladi. 2015 yil chempion bo‘lganimizda ham 6 oy maoshsiz harakat qilganmiz. Hozir «Paxtakor»da kuchli futbolchilar to‘p surmoqda. Bizning davrdagilar ham ulardan qolishmas edi deb bemalol ayta olaman. Bilasizmi, «Paxtakor» doim «Paxtakor» bo‘lib qolaveradi!
- Rejalaringiz qanday? «Paxtakor»dan taklif tushsa, «Turon»ni tark etasizmi?
- Oldindan hech narsa deya olmayman. Avvalo mavsum yakunlansin, menga «Paxtakor»dan taklif kelib tushsin. Ana shunda, biror bir fikr bildirish mumkin. Hozircha, bor e’tiborimni «Turon»dagi faoliyatimga qarataman.
Fikrlar