Babayan "Navbahor"ning ruhan "sinib" qolishiga yo‘l qo‘ymadi yoxud oxirgi turda yakuniy nuqtani qo‘ya oladimi?

  • 9 noyabr, 2022, 01:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Hammasi oxirgi turga qoldi. Mamlakat chempionligi qaysi klubga nasib qilishi eng asosiy masalaga aylanib qoldi. 12  noyabr kuni barchasi uzil-kesil hal bo‘ladi. Shu kuni chempionlik egasi aniqlanadi. Da’vogarlar o‘sha-o‘sha: “Paxtakor”, “Navbahor” va “Nasaf”. Faqat farqi shundaki, biz ketma-ketlikda nomlari keltirilgan jamoalarning imkoniyatini shunga mos ravishda hisoblayvering. Chunki “Nasaf”ning kutilmaganda o‘z uyida mag‘lubiyatga uchragani “Paxtakor” bilan “Navbahor”ga qo‘l keldi.

25-turdagi natijalar ancha ajabtovur bo‘ldi-a? Masalan, “Surxon” – “Dinamo” – 1:4, AGMK – “Olimpik” – 6:0,  “Nasaf” – “Neftchi” – 0:1, “Paxtakor” – “Qizilqum” – 6:0...

Ha, “Paxtakor”ning jangovar tarkibdagi “Qizilqum” darvozasiga javobsiz 6 ta gol urishi ham kutilmagan natija bo‘ldi. Balki “Sherlar”ning bu o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritishi kutilgandir, biroq hisobning 6:0 bo‘lishi?! “Qizilqum”ning raqibiga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmagani kishini ajablantiradi. Bu esa navoiyliklarda muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Nima bo‘lganda ham “Nasaf”ning Qarshidagi kutilmagan mag‘lubiyatidan “Paxtakor” foydalanib 1-o‘ringa chiqib oldi. Bu yoqda “Navbahor” ham jim qarab turgani yo‘q. Chempionlik ishqida yonayotgan namanganliklar bu turda “Paxtakor”dan farqli o‘laroq Bekobodda jiddiy qarshilikka duch keldi. Chunki “Navbahor” “Sherlar” kabi 6 ta gol urmadi, ammo g‘alabasi uchun birgina gol kifoya qildi.

babayan samvel3

Samvel Babayan jamoasi yaqinda O‘zbekiston Kubogi finalida “Nasaf”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, lekin bundan ular tushkunlikka tushib qolishmadi. Jamoani Kubok finalidan keyin birin-ketin mehmonda ikkita o‘yin kutib turgandi. Biri “Lokomotiv”, ikkinchisi “Metallurg”. Lekin “Navbahor” Kubok qo‘ldan chiqib ketgan bo‘lsa ham “sinib” qolmadi. Odatda, nimadir qo‘ldan boy berilsa jamoalarda tushkunlik kayfiyati paydo bo‘ladi. Buni “So‘g‘diyona” misolida ko‘rdik. Ammo Samvel Babayan “Navbahor”da bor ekan, u qo‘l ostidagi futbolchilarni ruhiy tushkunlikka tushishiga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki Babayan kuchli ruhshunos sifatida ham nom qozongan va u qiyin vaziyatda nima qilishni yaxshi biladi. Bu natijalarda ko‘rindi. “Lokomotiv” darvozasiga javobsiz ikkita, “Metallurg”ga esa bitta gol urdi. “Navbahor” rahbariyati Babayan bilan o‘rtadagi shartnomani uzaytirgani bejiz emas. Rahbariyat to‘la-to‘kis bosh murabbiyga ishonadi. Bu eng muhimi.

Natijada hozir namanganliklar hisobida 50 ochko bilan 2-o‘ringa chiqib oldi. Peshqadam “Paxtakor”dan bir ochko ortda xolos. Tabiiyki, barcha masala 12 noyabr kuni uzil-kesil hal bo‘ladi. O‘tgan turda peshqadamlarning natijalari turli-tuman bo‘lganini hisobga olsak, oxirgi turda ham yana hamma narsa bo‘lishi mumkin. O‘sha kuni chempionlik uchun kurashayotgan uchala klub uchun hal qiluvchi bo‘ladi. Tan olish kerak, Babayan va "Navbahor" bu mavsumda intrigani sezilarli darajada kuchayishiga yaxshigina xizmat qilishdi. Natijada raqiblarga ushbu klubni yutish boshqacha motivatsiyaga aylandi. Buni to‘g‘ri qabul qilish lozim. Chunki "Navbahor" klubi shunga yarasha kuchayishga erishdi.

babayan samvel5

Mavsum avvalida o‘z oldiga sovrinli o‘rinlar uchun kurashish vazifasini qo‘ygan “Navbahor” kamida bronzani naqd qilib qo‘ydi. Klub oxirgi marta qachon sovrindor bo‘lganini bilasizmi? 2018 yilgi mavsumda kuchli uchtalikdan joy olgandi. Bu yil esa ancha ko‘tarilishga erishdi. Uzoq yildan so‘ng bu safar Kubok finaliga chiqqani ham aslida “Navbahor” uchun bir yutuq desak adashmagan bo‘lamiz. Boz ustiga yana bir muhim vazifa shu ediki, kelasi yil uchun Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish edi. Buni Babayan va uning jamoasi uddaladi. Endi “Navbahor” xalqaro maydonda ko‘rinish beradi. Bu Namangan ahli uchun katta bayram. Necha yillardan beri klub Osiyo Chempionlar ligasini orzu qilardiyu, ammo bu orzuligicha qolib ketaverardi. Samvel Babayan asta-sekin muxlislarga xursandchilik ulashishni boshladi. Bu yoqda chempionlik uchun hali umid bor yoki 2-o‘rin!

Klubning chempionatimizdagi statistikasiga qarasak, 1 dan - 15 gacha bo‘lgan o‘rinlarni egallagan. Qizig‘i, hali “Navbahor”ning hisobida kumush medal – 2-o‘rin yo‘q. Oxirgi turda namanganliklar o‘z maydonida AGMKni qabul qiladi. Ushbu uchrashuvning ahamiyati qanchalik ekanligini namanganliklar juda yaxshi tushunib turishibdi. “Navbahor” yutsa bo‘ldi, kamida kumush medal naqd. Shuning uchun Babayan jamoasi mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda yakunlash ilinjida. 

Oxirgi turda siz bilan bizni juda qaynoq intriga kutayotgani haqiqat. Har xil natijalar qayd etilayotgan mahalda chempionlik kimga nasib qilishini aytib bo‘lmayapti. Kimning ko‘chasida tantana bo‘lishini 12 noyabr kuni ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Sharipov Akhmed
09/11/2022 09:31
Узбекистонда ягона хурмат қиладиган сайтларимдан бири Sports.uz . Лекин негадур кечаги Пахтакор : Кизилқум ва АГМК : Олимпик театрларини обдон ёритмаяпти . Навбахор бн уйинда ёки атрофида брор ходиса бўлса дарров хамма сайтлар шай холатда , лекин хамма корган ТЕАТР ни (уйин деб булмайди) ёритмаяпсила голлар шунчаки киноки очик ойдин Пахтакорни қулоғидан тортишяпти . Биринчи уринга Насаф ёки Навбахор хақли Пахтакор умуман лойиқ эмас . Чемпионатни ушлаб турган ва интрига беряпкан жамоалархам Насаф бн Навбахор . Металлург ва АГМК хам Навбахор Насафга жон жахти бн уйнайди , Пахтакор га келса нимагадур сичқонга охшаб қўрқоқ булиб енгил уйинда ютқазади . Хуллас Чемпионатда Пахтакор бор экан усиш булмайди ! Админлар шаффофликни таминлаш учун Пахтакор : Кизилқум уйинини куриб чиқинглар , АГМК : Олимпикнихам !
&
Ziyodbek
09/11/2022 09:08
Shuhratbek hayrat yahshi siz qolibsiz navbahor haqida ijobi yondoshodigan otangizga rahmat