
Bahodir Bakiev: "Jang qilamiz, taslim bo‘lmaymiz!"
Poytaxtimizda ayni kunlarda sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Albatta, ushbu turnirda yurtimizning sara sambochilari ham ishtirok etayapti. Jumladan, jahon chempioni Bahodir Bakiev o‘zi uchun yangi bo‘lgan, 64 kg vazn toifasida ishtirok etdi va yana bir marotaba O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi.
Nafaqat sambo balki MMA yo‘nalishida ham o‘z janglarini o‘tkazadigan ushbu sportchimiz 27 fevral kuni "Muradov_ professional_ Liga"ning 3-turnirida ham o‘z jangini o‘tkazadi. Biz esa ushbu vakilimiz bilan qisqacha suhbatda bo‘ldik.
- Avvalo, yana bir marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lganligingiz bilan tabriklaymiz!
- Katta rahmat!
- Yangi vazn -64 kgda ishtirok etdingiz, bu qiyinchilik tug‘dirmadimi?
- Yo‘q, qiyinchiliklarga duch keldim, deb ayta olmayman. Yangi vazn toifasi bo‘lsa ham barchasi yaxshi bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu vaznda ham jahon chempionligini qo‘lga kiritaman.
- Qig‘iq jihati, siz 27 fevral kuni "Muradov_ professional_ Liga"sida ham jang qilasiz, jismoniy holatingiz qay darajada?
- Juda yaxshi jismoniy holatga egaman va nasib qilsa 27 fevral kuni ham g‘alaba qozonib, barchani xursand qilaman, degan umiddaman.
- O‘zbekiston chempionati mobaynida jarohatlar orttirib olmadingizmi?
- Birinchi chiqishimda oyoqlarimni paylarini tortib oldim. Yarim finalda burnim sinib ketdi. Hozir shularni davolash bilan bandman.
- Ushbu jarohatlar 27 fevral kuni pand berib qo‘ymaydimi?
- Aslo yo‘q. Jang qilamiz, taslim bo‘lmaymiz! Oyoqda jarohat bormi yoki burnimiz singanmi, bunga qaramaymiz va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
- Bu borada sizga omad tilaymiz!
- Rahmat!
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Bakievning MMAdagi rekordi 8 g‘alaba, 4 mag‘lubiyat va bir durangdan iborat. U bu boradagi so‘ngi jangini MPL - "Muradov_ Professional_ League 1" turniridja o‘tkazib, qozog‘istonlik Shukur saginayga kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.
Fikrlar