
Bahrom Abdurahimov: "Ha, takliflar bor. Avvalo, "Nasaf" bilan gaplashaman"
“Nasaf” klubining eng mehnatkash va tinib-tinchimas futbolchilaridan biri – bu Bahrom Abdurahimov. Yarim himoyachi shunday xarakterga egaki, agar u o‘z o‘yinini ko‘rsatadigan bo‘lsa, hech kim to‘xtata olmay qoladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, raqiblar ham asosan Abdurahimovni yiqitib qolishdan boshqa iloj topa olmay qoladilar.
Bahrom Abdurahimov hayotda kamtar va kamgap. Aniqrog‘i, matbuotda doim ham ko‘rinish beravermaydi. Shuning uchun bu o‘yinchi intervyu berishni xushlamaydi. Hamkasblarimiz ham Abdurahimov bilan suhbatlashishni xohlashadiyu, biroq futbolchi doim rad javobini berib keladi. Kamina ham ko‘pincha undan intervyu olish istagi haqida aytganimda keyinroq deb ortga surib kelardi. Nihoyat, bu safargi mavsum tugagach, taklifimizga ko‘ndi. Lekin kamgapligi suhbat jarayonida sezilib turdi.
- Rostini aytish kerakki, sizni suhbatga ko‘ndirish juda qiyin kechdi. Nima uchun o‘zingizni OAVdan olib qochasiz?
- Bilmadim, nimagadir shunaqa. O‘zi oxirgi marta intervyuni sizga bergandim, adashmasam.
- Bahrom, faoliyatingizda “Nasaf” boshqacha ahamiyat kasb etadi. Ro‘ziqul Berdiev sizdan qanday foydalanishni yaxshi biladi va futbolchi sifatida sizni ancha shakllantira oldi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Birinchi bo‘lib Ro‘ziqul Berdiev chaqirganida o‘ylanmasdan rozi bo‘lgandim. O‘sha paytda “Nasaf”da Artur Gevorkyan, Erkin Boydullaev, Botir Qoraev va yana boshqa mahoratli futbolchilar to‘p surishardi. Albatta, meni shu darajaga chiqishimda Berdievni hissasi katta bo‘ldi.
- “Nasaf”ning bu yilgi natijalaridan qarshiliklar xursand. Siz uchun ham barchasi qoniqarlimi yoki nimadandir ko‘nglingiz to‘lmadimi?
- Ha, albatta. Bu yil oldingisidan ancha yaxshi bo‘ldi. Superkubok va O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdik. Shunday ekan, men uchun ham yaxshi o‘tdi.
- “Nasaf” bilan shartnomangiz ham tugayapti. Rejangiz qanday? Kelasi yili ham bu erda qolmoqchimisiz yoki ketasizmi?
- Ha, “Nasaf” jamoasi bilan shartnomam tugayapti. To‘g‘risi, hozir biror nima deya olmayman. Barchasi endi hal bo‘ladi.
- Bilishimcha, sizga bir qator takliflar bor. Qaysi jamoalar qiziqish bildirishmoqda?
- Ha, takliflar bor. Avvalo, “Nasaf” bilan gaplashaman. Keyin boshqalarni ko‘rib chiqamiz.
- “Andijon” klubi orqali katta futbolga kirib kelgansiz. Sobiq klubingizga qaytib faoliyatingizni o‘sha erda tugatish niyatingiz bormi?
- Ha, xuddi shunday. “Andijon” jamoasi orqali katta futbolga qadam bosganman. Taqdirimizda yana yozilgan bo‘lsa, “Andijon”da ham o‘ynarman.
- 35 yoshdasiz. Ammo ko‘rinishingizdan o‘xshamaysiz. Maydonda ham hamon yoshlardek tez va chaqqonsiz. Hali beri tugatish haqida o‘ylamayapsizmi?
- To‘g‘ri, ko‘pchilik shunaqa deydi. Hali kuchim bor. Faoliyatimni tugatish haqida o‘ylayotganim yo‘q.
- “Nasaf” barcha sovrinlarni yutdi, faqat chempionlikdan tashqari. Nega chempionlikka sira erisha olmayapti? Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Haqiqatan “Nasaf” hamma sovrinlarni yutdi. Xudo xohlasa, keyingi yili orziqib kutilgan chempionlikka erishadi.
- Siz uchun bu yil eng yaxshi murabbiy va futbolchi kim bo‘ldi?
- Ro‘ziqul Berdiev bilan Abbos Fayzullaev.
- Faoliyatingizdagi qaysi qaroringizdan haligacha afsuslanasiz?
- Bunaqa afsuslanadigan narsam yo‘q.
- Futboldan keyin o‘zingizni qanday tasavvur qilasiz? Futbolda qolasizmi yoki...
- Hali o‘ylab ko‘rmadim. Futbol sohasida qolsam kerak, yana bilmadim. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar