"Barcha aybni o‘z bo‘ynimga olaman, klubdan ketsam Davron Fayziev bosh murabbiy bo‘lishini bilardim" - Baxtiyor Ashurmatov "Qo‘qon-1912"ni tark etishi haqida

  • 10 iyul, 2022, 14:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Baxtiyor Ashurmatov “Qo‘qon-1912” klubini tark etdi. Uning o‘rniga bosh murabbiy sifatida Davron Fayziev ishlaydigan bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishdan keyin Baxtiyor A’zamovich Sports.uz saytiga intervyu berdi.

Tecno

- Baxtiyor A’zamovich, birinchi davrada "Qo‘qon-1912" jamoasining natijalari ko‘ngildagidek chiqavermagach, bosh murabbiy o‘zgarishi haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi. Siz voqealar rivoji shunday tus olishiga tayyormidingiz?

- Gapning ochig‘i, mavsum boshida chempionat o‘yinlari boshlanganida muxlislar oldida uyalib qolishimiz mumkin, degan xavotir bor edi. Chunki o‘tgan yilgi mavsumdan keyin asosiy tarkibning 8 nafar o‘yinchisi jamoani tark etdi. Oxirigacha moliyaviy holatimiz aniq emasdi. Selektsiya jarayonida sust edik. Shunga qaramasdan, ayrim futbolchilarni iltimos qilib jamoada olib qoldim. Quvondiq Ro‘zievni bir yil yordam bergin deb iltimos qildim. Ro‘ziev yaxshi takliflari bo‘lishiga qaramasdan Qo‘qonda to‘p surishga rozi bo‘ldi. Mavsum yaqinlashganida rahbarlarimiz Javohir Sidiqov masalasini hal qilib berishdi. Yomon tarkib yig‘madik. Lekin ayrim chiziqlarda raqobat yo‘qligi baribir natijalarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi va mavsum boshidagi bizning xavotirlarimiz o‘rinli chiqib, baribir murabbiyning iste’fosi bilan tugadi. “Surxon” bilan o‘yindagi mag‘lubiyatni juda og‘ir qabul qildim. Natijada iste’fo so‘radim. Lekin rahbarlarimiz bunday holatda jamoadan ketish noto‘g‘ri bo‘lishini aytishdi. Mavsum boshida va “Surxon” bilan uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan keyin ham ketishga qaror qilganimda oldimda bir nechta takliflar bor edi. Lekin rahbariyat ishonch bildirganidan keyin vaziyatni o‘nglashga hamda qiyin paytda jamoani tashlab ketmaslikka qaror qildim. Lekin birinchi davraning oxirgi ikkita o‘yinidagi omadsizlik baribir ketishimga sabab bo‘ldi. Men iste’foga tayyor edim. “Bunyodkor” va “Dinamo”ga qarshi o‘yinlar men uchun vaziyatni o‘nglashga imkoniyat edi. Ikkala uchrashuvda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatganimizga qaramasdan oxirgi daqiqalarda yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatolar evaziga gol o‘tkazib yuborganimiz va durang o‘ynaganimiz ketishimga sabab bo‘ldi.

- Bizningcha, klubda yana boshqa muammolar ham natijaga va o‘yinga ta’sir ko‘rsatgandek. Ayniqsa, moliyaviy holat bo‘yicha qarzdorliklar borligi haqida eshitgandik. Bu haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Bilasizmi, hozir iste’foga chiqqanimdan so‘ng qandaydir muammolarni bahona qilib o‘zimni oqlamoqchi emasman. Hech kimni jamoa selektsiyaga qancha mablag‘ ishlatdi, jamoaning moliyaviy holati qanaqa, klubdagi tarkib yuqori o‘rinlar uchun kurasha oladimi-yo‘qmi, qiziqtirmaydi. Natija bo‘lmaganidan so‘ng murabbiy sifatida aybni men o‘z bo‘ynimga olaman. Murabbiy yaxshi natija bo‘lishini hammadan ko‘ra ko‘proq xohlaydi. Og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazganimdan keyin ham bor vujudim bilan ishladim. Muxlislar va rahbariyat ishonchini oqlashga harakat qildim. Lekin afsus, har doim ham biz xohlagan narsa bo‘lavermaydi. Xudoni aytgani bo‘ladi. Qo‘qonda rizqimiz shu kungacha ekan. Noiloj. Rosti, murabbiy uchun eng og‘ir holat siz hurmat qilgan, qadrlagan muxlislarning natija bo‘lmaganida murabbiydan norozi bo‘lishidir. Agar ishqibozlar ishonchini oxirigacha oqlolmagan bo‘lsam muxlislardan uzr so‘rayman. Nima bo‘lganda ham qo‘qonlik jonkuyar muxlislarimizni doimo hurmat qilganman va qadrlaganman. Hamma vaqt qo‘qonlik ishqibozlarga hurmatimni saqlab qolaman va Xudo xohlasa yana ko‘rishamiz deb umid qilib qolaman. Biz futbolchilarning, murabbiylarning baxtiga har doim sog‘-salomat bo‘lishsin.

baxa1

- Joriy mavsumda murabbiy sifatida eng katta xatoga qaerda yo‘l qo‘ydim, deb o‘ylaysiz?

- Bu vaziyatni katta xato deb ham aytmagan bo‘lardim. Lekin ilojini qilib, markaziy himoyachi Bobur Akbarovni, markaziy yarim himoyachilar – Farhod Bekmurodov va Iqbol Malikjonovlarni olib qololmaganim deb aytgan bo‘lardim. To‘g‘ri, ular jamoani tark etganida olib qolish imkoniyati bo‘lmadi. Uchala futbolchi ham jangovar, yakka kurashlarda kuchli futbolchilar edi. Ularni olib qololmaganimiz hisobiga jamoamizda jangovarlik nisbatan pasaydi. Markaziy himoya va tayanch yarim himoyada deyarli raqobat bo‘lmadi, hisob. O‘yinlarni tahlil qilganimizda ham statistikani qaraganimizda boshqa jamoalarga nisbatan yakka kurashlarda natijalarimiz pasayib ketdi. Taktik jihatdan ayrim xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin. Ammo tarkib tanlashda Murod Xolmuhammedov va Aleksandr Merzlyakovni jarohat olib safdan chiqqanini hisobga olsak, tanlash imkoniyatimiz ham kam edi.

- Klubdan ketishingizda rahbariyat o‘zgarganining qanchalik ta’siri bor?

- Eski rahbarimiz Qo‘qon futboli jonkuyari Bahtiyor aka Tolipovning menga bo‘lgan ishonchi juda yuqori edi. Lekin Baxtiyor aka sog‘ligi tufayli ishdan ketganidan keyin Qo‘qon futbolining yana bir jonkuyari Asqar aka Usmonov rahbar bo‘lib, ma’lum muddat ishladi. Bu inson ishlaganda ham jamoadan ketish ehtimolim juda kam edi. Keyin Asqar aka Usmonov o‘rniga yosh, izlanuvchan, o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan Grigoriy Viktorovich keldi. Bu inson kelganida rosti men ham, jamoadagi futbolchilar ham xursand bo‘ldik. Bu yosh mutaxassisning kelishi bilan jamoa oldiga endi yuqori maqsadlar uchun kurasha oladigan jamoa tuziladi, deya ishonchim komil edi. Lekin afsuski, oxirgi to‘rt o‘yinda salbiy natija bo‘lgach, Grigoriy Viktorovich Ayrapetov bilan maslahatlashib murabbiyning o‘zgarishi jamoa uchun foyda bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldik va hamkorlikni to‘xtatdik. Meni ishonchim komilki, Ayrapetov bilan jamoa katta o‘sishga erishadi. Chunki Grigoriy Viktorovichni ko‘pdan beri bilaman, hurmat qilaman. U juda ham intiluvchan, maksimalist inson.

ashurmatov5

- O‘rningizni yordamchingiz Davron Fayziev egalladi. Bu o‘zgarishni kutganmidingiz yoki sizni hayron qoldirdimi?

- Davron Fayzievni “Qo‘qon-1912”dan ketsam o‘rnimga bosh murabbiy bo‘lishini anchadan beri bilardim. Shu sababli bu vaziyatga hayron qolganim yo‘q. Davron Fayziev 26 yillik qadrdon do‘stim. Qiyin paytlarimizda ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganmiz. Aytaylik, Davron Fayzievni o‘rnida boshqa mutaxassis murabbiylar shtabida bo‘lib, o‘rnimga murabbiy bo‘lmoqchiligini bilganimda darhol rahbariyatdan uni iste’foga chiqarishni so‘ragan bo‘lardim. Do‘stim – Davron Fayzievga esa faqat omad tilayman. U yaxshi mutaxassis. Ikkinchi davrada jamoaning selektsiyada faolligini hisobga olsak, Davron Fayzievning yanada kuchli jamoa tuza olishiga aminman. Jamoada yaxshi yigitlar yig‘ilgan. To‘g‘ri, birinchi davrada ko‘p ochko jamg‘armadik. Ammo bu jamoada ozgina raqobat ko‘paysa bemalol har qanday raqibga qarshi munosib kurasha oladi.

Shu fursatdan foydalanib, men ishlagan vaqt davomida qo‘llab-quvvatlagan muxlilslarga, har qanday holatda ham oxirigacha kurashgan futbolchilarga minnatdorchilik bildirib qolaman. “Qo‘qon-1912” jamoasiga, uning muxlislariga ikkinchi davrada omad tilayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!