“Barsa”ning qamalgan yulduzi o‘ziga klub sotib olib, yana futbol o‘ynaydi

  • 23 dekabr, 08:23
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Barselona” klubi va Braziliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Dani Alves Portugaliyaning “San-Juan-de-Ver” futbol klubi egasiga aylanishni va futbolchilik faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirmoqda.

Tecno

Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Alves Portugaliyaning uchinchi divizionida ishtirok etuvchi “San-Juan-de-Ver” klubini sotib olishning so‘nggi detallarini kelishib bo‘ldi.

Bundan tashqari, 42 yoshli futbolchi o‘zi xarid qiladigan klub bilan yarim yillik shartnoma imzolashni va maydonga qaytib, futbol o‘ynashni mo‘ljallab qo‘ygan.

Alves uch yillik tanaffusdan keyin sport formasini tiklab olish uchun bir oy mashg‘ulot olib borishi etarli, deb hisoblamoqda.

Braziliyalik yulduz o‘z davrida Ispaniyaning “Barselona” va “Sevilya”, Frantsiyaning “Pari Sen-Jermen”, Italiyaning “Yuventus”, Braziliyaning “Baiya” va “San-Paulu” kabi jamoalarida to‘p surgan. Himoyachi so‘nggi bor 2023 yilning 8 yanvarida Meksika chempionati birinchi turi doirasida “Pumas” jamoasi safida “Xuares”ga qarshi o‘yinda maydonga tushgan edi.

Dani Alves futbol tarixida eng ko‘p sovrin yutgan o‘yinchilardan biri bo‘lib, uning hisobida 43 ta chempionlik sovrini bor. Dani olti karra Ispaniya chempioni, ikki karra Frantsiya chempioni, Italiya chempioni bo‘lgan, uch marta Chempionlar Ligasida, ikki marta UEFA Kubogida, uch marta UEFA Superkubogida zafar quchgan.

Braziliya terma jamoasi tarkibida u ikki martadan Konfederatsiyalar kubogini (2009, 2013) va Amerika kubogini (2007, 2019) qo‘lga kiritgan, shuningdek, Olimpiya chempioni ham  bo‘lgan.

2024 yil fevralida Alves jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha 4,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 2025 yilning martida Kataloniya Oliy sudi (TSJC) sobiq futbolchini oqlash haqida qaror chiqardi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!