"Bavariya"da o‘ynagan to‘rt futbolchi o‘ziga jamoa sotib oldi
Myunxenning mashhur "Bavariya" klubi sobiq yulduzlari Tomas Myuller, Yann Sommer, Mats Hummels va Lukas Ernandes Portugaliyaning "Eshtrela Amadora" jamoasi aksiyalarini sotib oldi. Bu haqida The Sun nashri xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, futbolchilar kiritilgan investitsiya konsorsiumi klub aksiyalarining 90 foizini taxminan 40 million yevro evaziga qo‘lga kiritgan.
Shu bilan birga, Myuller, Sommer, Hummels va Ernandes klub boshqaruviga bevosita aralashishni rejalashtirayotgani yo‘q. Konsorsiumga rahbar etib Yohannes Mosmang tayinlangan. U taxriban o‘n yil davomida "Bavariya"da ushbu futbolchilar bilan birga ishlagan.
"Eshtrela Amadora"ning avvalgi egasi Paulu Lopu klubni 2020 yilda bor-yo‘g‘i 71 ming yevroga sotib olgan edi. 2023 yildan buyon jamoa Portugaliya chempionatining oliy divizionida ishtirok etmoqda.

Fikrlar