
“Bavariya” yil oxirida qay ko‘rinish hosil qiladi?
“Bavariya” 2019-yil yozgi transfer bozoriga tayyorgarlikni hozirdanoq boshlab yubordi. Myunxenliklar bu mavsumda “Borussiya Dortmund” timsolida jiddiy raqibga duch kelgach, qishda o‘z safini ikki Jahon chempionlari bilan to‘ldirishga ulgurdi. Yanvar boshida klub o‘ng qanot himoyachisi Benjamen Pavarning transferini amalga oshirdi. Frantsiya Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialda bosh sovringa ega chiqqan o‘yinlarda aynan Pavar asosiy tarkibdan o‘rin oldi. Mart oxirida esa Frantsiyaning chap qanot himoyachisi Lyuka Ernandes naq 80 million evroga “Bavariya”ga mavsum yakunida ko‘chib o‘tadigan bo‘ldi.
Bu ikki transfer klubning maqsadlaridan darak bermoqda. Albatta yozda ular bu bilan to‘xtab qolmaydi. “Robberi era”si tugab yangi davrga o‘tmoqchi bo‘layotgan jamoa yil oxirida qay ko‘rinish hosil qilishi mumkin? Yana kimlar jamoa tarkibini to‘ldirishi mumkin? Quyidagi tahlil ana shu haqida.
- Orzu jamoasi
Klub asosan Bundesliga ichidan eng zo‘rlarini yig‘ish bilan shug‘ullanishi ko‘pchilikka tanish. Xorijdan katta pullar evaziga futbolchi transfer qilish ularga yot holat. Faqatgina Aren Robben, Frank Riberi va Xavi Martineslar transferi bundan mustasno.
Ammo birgina Ernandes transferiga katta pul tikilishi maqsad jiddiy ekanligini namoyish qilmoqda. Ularning “orzu stsenariysi”da Pavar va Lyuka Zyule va Xummels bilan kuchli himoya chizig‘ini hosil qilishi kerak. Bundayn rejada Xummels yosh sheriklariga o‘z tajribasi bilan bo‘lishishi talab etiladi.
Pavarning o‘ng qanotga kelishi ortidan Joshua Kimmix o‘zining tabiiy pozitsiyasi yarim himoya markaziga qaytarilishi mumkin. U Germaniya termasida aynan shu nuqtada harakat qiladi. Uning Tyago Alkantara bilan hamkorligi kuchli ko‘rinish hosil qilsa kerak. Ularning oldida Serj Gnabri va Tomas Myullerlar erkin hujumkor yarim himoyachi yoki hujumchilarga aylanishadi. Yanvarda ular “Chelsi”dan Xadson-Odoini olib kelishga urinib ko‘rdi va muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo yozda u baribir jamoaga olib kelinishi mumkin. Jeydon Sancho ingliz futbolchilari Germaniya maydonlarida o‘zini ko‘rsata olishlari mumkinligini bu mavsumda to‘liq isbotlab bo‘ldi.
Oldingi chiziqda albatta Levandovski bo‘ladi. Undan boshqasi bo‘lishi ham mumkin emas. To‘g‘ri klubni bir qator nomdor hujumchilar bilan bog‘lashmoqda. Ammo polshalik hujumchining jamoadagi o‘rni ayni vaqtda dahlsiz hisoblanadi.
- “Qayta qurish”
Agarda “Bavariya” haqiqatdan jamoani qayta qurmoqchi bo‘lsa, ular ko‘proq pul sarflashlari kerak bo‘ladi. Bu esa ularga yoqmasligi aniq, ammo haqiqat mana shu. Noyer o‘z joyida qoladi, chunki “Barsa” Ter Shtegenni sotishga ko‘nmasligi aniq. Bundesligada esa unga yaqin darajadagi boshqa posbon yo‘q.
Bunday rejada Kimmix Pavar bilan himoyadan joy oladi va 30 yoshli “qariya” Xummels zaxira o‘rindig‘iga jo‘natiladi. Pavar, Zyule va Lyukalardan oldinda Tyago va Leon Gorettskalar mustahkamlik bag‘ishlaydi.
Gnabri ham ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish darajasidagi o‘yinini namoyish qilmoqda. Xames esa "Real"ga qaytarilsa ajabmas. Jamoa hujumini yangi vakillar Xadson-Odoi va Niklas Pepelar boshlashi mumkin. Bunday taqdirda Levandovski zaxiraga “mixlanadi” yoki sotib yuboriladi. Timo Verner “Bavariya”ning yangi “yulduzchasi” bo‘lishi mumkin. U bilan myunxenliklarning hujumi ancha jiddiy ko‘rinish hosil qiladi.
- “Myunxenlik bolakaylar”
“Bavariya” ayni paytda ancha yoshi katta jamoaga aylangan. Ammo “qariya”larni o‘rnini bosa oladigan bir qator yosh iqtidorlar ham bor. Kristian Fruxtl 19 yoshda bo‘lishiga qaramay kelajagi bor posbon deya atalmoqda. Himoyada ham anchagina yoshlar bor. Kimmix – 24 da, Pavar, Zyule va Lyukalar yangi mavsum arafasida 23 yoshga kiradi.
Yarim himoyada 21 yoshli Renato Sanshesh bor. Uning yonida 24 yoshli frantsuz Tolisso harakat qiladi. Gnabri ham endigina 23 yoshni qarshi oldi. Qanot hujumida 21 yoshli Koman raqibni qiynashi mumkin.
O‘ng qanotda esa kanadalik Alfonso Devis bor. Aql bovar qilmas ijro va tezlikka ega yana bir yulduzcha. Oldingi nuqtada mavsum kashfiyotiga aylangan Arp harakat qiladi. U o‘z harakatlari bilan “Alyans Arena”dagilarni hushnud qilishi mumkin.
Fikrlar