Baxtiyor Ashurmatov: "Bugun jamoamni tanimadim"
Coca-Cola Superliga 1-turidan o‘rin olgan "Turon" – "Buxoro" (1:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov mag‘lubiyatga izoh berdi.
"To‘g‘risi, shuncha ko‘rgan tayyorgarligimiz, rahbarlar va muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi – hammasini birgina o‘yin "bir pul qildi". Buni juda ham uyatli mag‘lubiyat deb ta’riflasak bo‘ladi. Son jihatdagi ustunlik bo‘la turib, g‘alaba qozona olmadik. "Buxoro" bugun o‘z mehnati evaziga g‘alaba qozondi. Ushbu mag‘lubiyatda aybni to‘liq o‘z bo‘ynimga olaman. To‘g‘ri, ilk turda kutilmagan hisoblar ko‘p bo‘ldi, lekin bizning o‘yin sifatimiz ham ayanchli bo‘ldi. Tushkunlikka tushmasligimiz kerak. O‘ylaymanki, jamoamiz o‘z o‘yinini topa oladi.
Bugun jamoamni tanimadim. Imkoni bo‘lganda, tanaffusda bundan ham ko‘proq o‘zgarishni amalga oshirardim. Tayyorgarlik jarayonidagi o‘yinimizdan bugun asar ham yo‘q edi. Tarkibimizda tajribali futbolchilar bor va ular xayajonlandi deya olmayman. O‘zgarishlar ham o‘zini oqlamadi. Shu sabab futbolchilarni ayblamagan bo‘lardim. Bugun eng yomon uchrashuvimizni o‘tkazdik", dedi "Turon" jamoasi ustozi.
Fikrlar