Baxtiyor Ashurmatov: "Navbahor" ham, "Qo‘qon-1912" ham kelasi mavsum bu yilgidan ko‘ra, yuqori marralarni zabt etishadi"
“Navbahor” – “Qo‘qon-1912” (2:3) jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakuniga etganidan keyin mehmon jamoa ustozi Baxtiyor Ashurmatov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Uchrashuvdan avval ham aytgandim, “Navbahor”ga qarshi uchrashuv derbi maqomiga ega bo‘lgan. Kim yutishidan qat’iy nazar chiroyli va jangovar o‘yin bo‘lishi xususida oldingi intervyuimda aytgandim. Gapim isbotini topdi. Ikkala jamoa ham oxirigacha chiroyli futbol namoyish qilishdi. Futbolchilarimiz ko‘rsatmalarimizni to‘g‘ri bajarishdi. O‘ylaymanki, bugun haqqoniy g‘alabaga erishdik. “Navbahor” jamoasiga ham minnatdorchilik bildirishni xohlagan bo‘lardim. Chunki 3:1 hisobida yutqazayotgan bo‘lishiga qaramasdan muxlislari uchun oxirigacha kurashishdi. Ishqibozlar chiroyli futbol ko‘rishganlari sababli jamoalarni o‘yin tugaguncha qo‘llab-quvvatlab turishdi. Jamoamizga ishonib yo‘l bosib kelgan qo‘qonlik muxlislarimizga katta rahmat. O‘ylaymanki, “Navbahor” ham, “Qo‘qon-1912” ham kelasi yili bu yilgidan ko‘ra, yuqoriroq marralarni zabt etadi.
- Birinchi davrada “Navbahor” yutgandi. Shuning uchun bugun shogirdlaringizda ishtiyoq boshqacha bo‘ldimi?
- Gapning ochig‘i, bu men uchun his-hayajonga ega bo‘lgan o‘yin edi. 2014 va 2015 yillarda “Navbahor”da ishlaganman. O‘sha ishlagan yillarim qalbimdan chuqur iz qoldirgan. Shu sababli men uchun ahamiyati yuqori o‘yin edi. Birinchi davrada mag‘lubiyatga uchragandik va bugun revansh olishga harakat qildik, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. O‘yin oxiridagi vaziyat uchun “Navbahor” muxlislaridan uzr so‘ragan bo‘lardim. O‘yinchimizga tanbeh berib o‘tdik. Endi keyingi safar bunaqangi harakatlar jamoamiz tomonidan bo‘lmaydi.
- Jamoangizning ushbu mavsumdagi natijasi haqida nima deya olasiz?
- Bu yilgi natijadan qoniqmaganligimiz aniq. Ushbu mavsum vodiy futboli uchun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi deb aytish mumkin. “Navbahor” ham, biz ham yuqori maqsadlarni qo‘ygandik. Birinchi davrada yo‘qotgan ochkolarimiz baribir bilindi. Shu bois yuqori o‘rinlar uchun kurasha olmadik. Mavsumni qoniqarsiz o‘tdi deb aytsak bo‘ladi. Afsuski, “Turon” bilan “Andijon” Superligadan tushib ketishdi. Vodiy jamoalari tezroq yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan bo‘lishsa, shunda futbolimiz saviyasi ham oshadi.

Fikrlar