Ba’zan qiziq, ba’zida esa g‘ashga teguvchi jarayon. Yozning tugamayotgan "seriallari" haqida!

  • 4 iyul, 2022, 23:00
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yoz fasli futbolda "seriallar" mavsumi hisoblanadi. Futbolchilar yangi manzillar sari otlanadi. Jamoalar pul topish maqsadida o‘z o‘yinchilarini qimmatroqqa sotishni o‘ylaydi. Yulduzlarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan klublar imkon qadar transferlarga kamroq pul ishlatgisi keladi. Ba’zida mana shu faktorlar bir bo‘lib, futbolda uzoq davom etuvchi "seriallar"ni vujudga keltiradi. Keling, ularning eng aktuallariga to‘xtalib o‘tamiz!

Tecno

Robert Levandovski

"Bavariya" hujumchisi Robert Levandovskining Myunxen klubi bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilning yozida yakuniga etadi. Biroq polshalik goleador yana bir yil nemis jamoasida to‘p tepish niyatida emas. U yangi chorlovlar va yangi marralar tomon oshiqmoqda. Unga ayni vaqtda "Barselona" asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. "Serial" vujudga kelishiga sabab nima bo‘lmoqda? Birinchidan, "Bavariya" yoshi biroz o‘tib qolgan hujumchisi uchun katta pul so‘ramoqda. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, miqdor 75 million evrogacha ko‘tarildi. Moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan "ko‘k-anorranglilar" ayni vaqtda bu pulni to‘lashga qodir emas. Ular "Bavariya"dan biroz narxni pasaytirishni so‘rayapti. Myunxenliklar ham qaysarlik qilishda davom etyapti. Vaziyat chilallashtirayotgan odam - Levandovski. Ha, u oyoq tirab olgan. Ispan grandi libosida to‘p tepish istagi unda juda yuqori. Ko‘ramiz, echim qanday bo‘lar ekan. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, bir tomon taslim bo‘lishi lozim. "Bavariya" taslim bo‘lsa, Robert arzonroqqa "Barsa" safiga kelib qo‘shiladi, "Barselona" taslim bo‘lsa, Robert Myunxen klubida qoladi. Qimmatroqqa uni kataloniyaliklar sotib olmaydi. Bu variantni unutish kerak. Vaziyat shuni taqozo etadi.

285615

Frenki de Yong 

"Barselona" yarim himoyachisi klubdan ketish niyatida emas. U hali "ko‘k-anorranglilar" sharafini uzoq muddat himoya qilishni istaydi. Biroq sening istaklaring bilan odamlar har doim ham hisoblashavermaydi. Erik ten Xag MYuga kelganidan so‘ng sobiq shogirdini yana qo‘l ostida o‘ynatgisi kelib qoldi. Ayni vaqtda "Barsa" uni sotish haqida o‘ylamoqda. Har kuni nashrlarda shu xabar bod-bod yangraydi. Uning transfer summasi, bonuslar va yangi jamoasida qancha maosh olishi shular jumlasidandir. Xullas, transfer ishlari tezroq bita qolmayapti. Bunga asosiy sabab qilib niderlandiyalik xavbekning ketishni istamayotganini aytish mumkin. Biroq o‘z jamoang seni sotishni juda qattiq istasa, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Ronaldu kelasi mavsum EChLda o‘ynaydigan jamoa safiga o‘tishni istayapti. De Yongda ham maqsad EChLda o‘ynash. Top darajadagi futbolchilarni bu klub qiziqtirmay qo‘ygandek tuyulmoqda. Shunday bo‘lsa-da, inkor etib bo‘lmas faktor mavjud. Ular hamon dunyoning eng boy klublaridan biri hisoblanadi. 

b1f4f4d7-2589-430c-a900-aa62e2eb8af6_alta-libre-aspect-ratio_default_0

Rafinya 

Bu yozda seriallarga sababchi bo‘layotgan jamoa - "Barselona". Ular ayni vaqtda moliyaviy qiyin davrni boshdan o‘tkazmoqda. Shuni inobatga olgan holda, klub imkon qadar tejamkor rejimda transferlar amalga oshirishni istamoqda. Boy jamoalarga farqi yo‘q. Misol uchun, "Real"ga Tchuameni kerak edi va uni bonuslari bilan 100 millionga sotib oldi, Nunes ham "Liverpul"ga salkam shu pulga keldi. Biroq "Barsa" istasa ham bunday qila olmaydi. Braziliyalik Rafinya ayni vaqtda "Barsa" radarida bo‘lib turibdi. "Chelsi" va "Arsenal" unga ko‘proq pul taklif qilmoqda, ammo futbolchining o‘zi ispan grandi safida to‘p tepishni niyatida. Katta ehtimol shunday ham bo‘lsa kerak.  "Blaugranas"ning hozirgi ahvoli biroz achinarli. Ular pul ishlash uchun turli yo‘llardan foydalanmoqda. Xohlasangiz, "Kamp Nou"da to‘y yoki bazmlarni o‘tkazishingiz mumkin. Ha aytgancha, "Kamp Nou" emas, "Spotify Kamp Nou". Avvalgi rahbariyatning xatolari (aslida ahmoqliklari) hozirgilar uchun qimmatga tushmoqda. Shunda ham bu jamoa o‘z safiga yulduzlarni chorlashda davom etaveradi. O‘sha yulduzlar ham aynan shu manzil tomon oshiqaveradi. 

960x0

Pol Pogba 

"Manchester Yunayted"ning so‘nggi taklifini ham rad etib, erkin agentga aylangan Pogbani ayni vaqtda "Yuventus" o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Asosiy da’vogar ham aynan ular. Ochig‘i, u MYuda muvaffaqiyatsiz faoliyat olib bordi. Ba’ida gollar urib, assistlar amalga oshirib, porlab turdi, ammo unga stabillik etishmadi. "Yuventus" uning jonajon klubi. Bir necha bor yana shu jamoaga qaytish istagi borligini aytgan. Biroq hozir meni qiziqtirayotgan narsa - nega u hali ham turinliklar bilan shartnoma imzolamadi. U boshqa klublarning takliflarini ham ko‘rib chiqyapti, nazdimda. Yuqoridagi 3 transferga qaraganda, Pogbaning qaerga borishi aniqroq. Shuningdek, OAVda bu ko‘p muhokama ham qilinmayapti. Shunday bo‘lsa-da, "Pogba seriali" tarixga ega. Uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan o‘tkir syujetli "serial". 

Pogmentary-3-Pogba-Psg-First-rumours-then-Raiolas-call

Paulo Dibala 

Eng abstrakt va turli versiyalarga ega bo‘lgan "serial" shu bo‘lsa kerak. Dibala "Yuventus"ni erkin agent sifatida tark etdi. Ishonasizmi, ayni vaqtda unga qiziqmayotgan grand jamoani topish qiyin. "Milan", "Inter", "Napoli", "Real", "Barselona", "Atletiko", MYu, "Nyukasl" va yana eslay olmayotganlarim ham bor. U top darajadagi futbolchi. Har qanday klub u kabi kreativ va iqtidorli o‘yinchini o‘z tarkibida ko‘rishni istaydi. Menimcha, argentinalikning o‘zi ham bir qarorga kelmagan. Uni qaysi jamoada ko‘rsak ham biz uchun qiziq. Sababi, u erkin ijodkor va har qanday murabbiy bilan ham til topisha olmaydi. 

ae71a2b6e694e64621a1683318d57d389fe24411



                                                                                                                                                                                 Xudayqulov Karim maqolasi 


Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!