Belbog‘li kurash bo‘yicha U20 O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi

TIGGO 2 PRO

Joriy yilning 19-22 sentyabr kunlari Namangan shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha (U 20) o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida  O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyati sportning o‘yin turlari va engil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabiga qarashli "Barkamol avlod" nomli manejida o‘tgan mazkur mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 250 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etishdi. 
Musobaqada o‘g‘il bolalar erkin va klassik yo‘nalishlarda o‘nta vazn toifalarida, qizlar esa erkin yo‘nalishda sakkizta vazn toifasiga g‘oliblik uchun kuch sinashishdi.

Musobaqaning birinchi kuni an’anaga muvofiq  tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Mazkur marosimda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, federatsiya bosh kotibi Abdixalil Malikov,  jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi vakili Ralf Fayziev (AQSh)  ishtirok etib, barcha polvonlarga omad tiladi.

Reglamentga ko‘ra, g‘oliblar noyabr oyida Rossiya davlatida o‘tishi rejalashtirilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi belgilangan va shu boisdan ham musobaqa murosasiz va shiddatli kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Ikki kunlik qizg‘in bellashuvlarda o‘z vazn toifalarida Firdavs Haqnazarov (48 kg. Toshkent v.), Oybek Siddiqov (52 kg. Farg‘ona),  Abror Ahmadjonov (57 kg. Namangan), Moldir Alimbaeva (48 kg. Qoraqalpog‘iston), Feruza Sobirova (52kg.Farg‘ona) singari kurashchilar barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilishdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!