Berdiev jamoasi shu qadar noqulayki, raqib 22 yildan beri yutolmaydi yoxud finaldagi mag‘lubiyat "Nasaf"ga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

  • 10 noyabr, 2021, 12:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

5 noyabr kuni OFK Kubogi finalida Bahraynda alamli tarzda mag‘lubiyatga uchragan “Nasaf” klubi endi Superligada qoldirilgan ikkita o‘yinini o‘tkazib oladi. Bunda PFLning sa’y-harakatlarini e’tirof etish kerak. Chunki “Nasaf”ning “Surxon” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalariga qarshi o‘yinlarini qaysidir kunlarga to‘g‘rilash lozim edi. Bunda esa ular FIFA kunlaridan foydalanishga qaror qildilar.

PFL matbuot xizmatining xabarida aytilganidek, milliy terma jamoamizning navbatdagi yig‘inidan foydalangan holda qarshiliklarning ikkita o‘yini 11 va 15 noyabr kunlariga belgilandi. Bunda esa albatta terma jamoa ustozi bilan maslahatlashildi va bu safar ushbu yig‘inga “Nasaf” futbolchilaridan foydalanmaslikka rozi bo‘ldi. Shunday qilib, “Ajdarlar”ning qolib ketgan ikkita uchrashuvi terma jamoaning yig‘ini bahonasida o‘tkazib olinadi.

“Al-Muharraq” klubiga qarshi o‘yinda nokautga uchrab qaytgan “Nasaf” jamoasi o‘ziga kela oldimi? Yirik hisobdagi mag‘lubiyat futbolchilarning kayfiyati va ruhiyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? Balki “Surxon” bilan uchrashuvda bu kabi savollarga javob topishimiz mumkin. Ungacha bor e’tiborini OFK Kubogiga qaratgan “Ajdarlar”ning Manamaga katta maqsadlar bilan yo‘l olib, uyiga quruq qo‘l bilan qaytgani yoqimsiz bo‘lgani haqiqat. Endi nima bo‘ladi? “Nasaf” o‘z yo‘lida davom etadi, OFK Kubogi qo‘ldan ketdi va bor e’tibor ichki chempionatga qaratiladi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi hozir Superliga va Kubok bahslarida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari kurashni davom ettiradi.

nasaf1_2

Chempionatda boshqalardan ikkita kam o‘yin o‘tkazgan “Nasaf” endi qisqa muddat oralig‘ida qoldirilgan uchrashuvlarini o‘tkazib, boshqa klublarga o‘yinlar soni bo‘yicha etib oladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, 11 noyabr kuni “Surxon” jamoasi bilan bellashadi. Qarshiliklar e’tiborni ushbu o‘yinga qaratgan. OFK Kubogi finalidagi mag‘lubiyatdan keyin “Nasaf”ning qanday o‘yin ko‘rsatishi biz uchun ham qiziq.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tmoqchimizki, qarshiliklar 22 ta uchrashuvda 40 ochko bilan musobaqa jadvalida 4-o‘rinda. 24 tadan o‘yin o‘tkazgan “So‘g‘diyona” bilan AGMK 43 hamda 46 ochko bilan 2- va 3-o‘rinlarda borishyapti. Bir qarashda “Nasaf”ning ikkita qoldirilgan o‘yini borligi uchun ularda sovrinli o‘rinlar uchun imkoniyat bir muncha yaxshiroqdek ko‘rinyapti. Lekin unutmaslik kerakki, raqiblarga ham ochkolar juda muhim. Masalan, “Surxon” Superligada qolish uchun kurashyapti va hali bu yo‘lda maqsadiga erishib bo‘lgani yo‘q. Termizliklar hisobida 23 ta uchrashuvda 21 ochko bor va 10-pog‘onadan joy olib turibdi.

surxon

Albatta, “Surxon” – “Nasaf” juftligida favorit qarshiliklar hisoblanadi. Buni hamma yaxshi bilib turibdi. Agar “Surxon” bu o‘yinda bir nima qilib g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Superligada qolish vazifasini deyarli bajaradi va o‘zini ancha engil his qilishi mumkin. Ammo “Nasaf”ga ham uch ochko muhimligini inobatga olganda, o‘yin juda murosasiz o‘tishi aniq. Ko‘pchilik esa Ro‘ziqul Berdiev jamoasining g‘alabasiga ishonyapti.

“Surxon” – “Nasaf” o‘rtasidagi oldingi o‘yinlar statistikasiga kelsak, bo‘lajak bahs jamoalarning 22-to‘qnashuvi sifatida tarixdan joy oladi. “Surxon” uchun “Nasaf” shu qadar noqulay raqibki, 1999 yildan beri qarshiliklarni mag‘lubiyatga uchratish yo‘lini topa olmay kelyapti. “Surxon” 21 ta uchrashuvda bor-yo‘g‘i bir marta “Nasaf”ni yutgan xolos. 1999 yilning 16 noyabr kuni o‘z maydonida raqibini 3:1 hisobida enggan. Ushbu g‘alaba “Surxon” uchun hozircha birinchi va oxirgisi bo‘lib turibdi. Bunday g‘alabalardan “Nasaf”da 17 ta bor. Shu yilning birinchi davrasida Qarshidagi uchrashuvda mezbonlar raqib darvozasiga oz emas, ko‘p emas, javobsiz naqd 6 ta gol urdi. O‘tgan yilgi bahsda esa “Nasaf”dagi o‘yinda maydon egalari termizliklarni 5:0 hisobida tor-mor keltirgan. Ikki safardan beri o‘ta yirik hisoblar bilan ustun kelayotgan “Nasaf” bu gal ham ushbu yoqimli an’anasini davom ettirarmikin? Darvoqe, bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlarda duranglar soni 3 ta. Ahamiyatlisi, oxirgi durang 2000 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi va o‘shanda 3:3 hisobi qayd etilgandi. Xullas, “Surxon” 22 yildan beri “Nasaf”ni mag‘lub eta olmayapti. O‘zaro bahslarda termizliklar 15 ta, qarshiliklar esa 58 ta gol urgan. Statistikada katta ustunlik shubhasiz Berdiev jamoasida.

nasaf_4

Darvoqe, kuni kecha O‘FA tomonidan futboldan chetlatilgan “Surxon”ning sobiq sardori Asror G‘ofurov Bangladesh chempionatiga ko‘chib o‘tdi. U “Surxon” bilan oktyabr oyida shartnomani bekor qilgan va faoliyatini yana legioner sifatida davom ettirishni ma’qul ko‘rdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ulja Tojiev
10/11/2021 16:05
ёш болалар бн шунча уйин курсатиш жуда яхши курсатгич рахмат насаф уйинчиларига биз жуда хурсандмиз! олга насаф футболди яхши тушунмайдиган бази бир мухлисларга кулок солма омад.
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
10/11/2021 14:18
OFK kubikdaki uyinni bilan Nasaf hech qanaqasiga uyilmasa ham buladi. Nasaf fudbol uynadi shunchaki omad yoz ugurdi. Nasaf shu fenalgacha kelguncha ham utkan yil yosh sastav bilan 2 urunni oldi. ayrim muhlisla kup gapirapti lekim uzi aslida Nasaf qilgan ishni beron klub. 10 foizini bajarsin undan keyin gapirsa ha unga tushunsa bulardi. Agar Nasaf OFK olgani. ochigi Surhonga 2 sastavni tashla ham alam qilmasdi. chunki Surhon Viloyat jamoasi. Viloyat jamoasi bulganidan oliy legaga qatnashsin. manga qolsa hamma Viloyatdan jamoa qatnashsin. chunki hammasini sponseri hokimiyat bulgandan. keyin hamma muhlisla haqli.