
Bir kechada 275 million dollar gonorar egasi, eng ko‘p nokaut, 2 yarim metrli gigant... Ular kimlar? Professional boks eng zo‘r statistika egalari bilan tanishing
Professional boks olamida yillar davomida faoliyat olib borib, hozirgi kunda imkonsiz bo‘lib tuyilgan statistikaga erishgan jangchilar talaygina. Mana shunday bokschilarni sizga tanishtirishga qaror qildik.
Eng yoshi katta chempion
Bernard Hopkins boks tarixidagi eng yoshi katta chempion bo‘lgan. U 49 yoshida ham chempionlikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek u, yuqori darajada jang qilgan yoshi katta bokschi sifatida tan olingan.
Eng ko‘p professional mag‘lubiyat
Ushbu yo‘nalishda Reggi Striklendga "teng keladigan" bokschi topilmagan. U professional boksdagi faoliyati davomida 363 ta jang o‘tkazib, shulardan 276 tasida mag‘lubiyatga uchragan.
Eng bo‘yi past og‘ir vazn toifasidagi chempion
Odatda og‘ir vaznli bokschilar anchgina bo‘ydor bo‘ladi. Professional boks tarixidagi ushbu vaznda eng bo‘yi past chempion Tommi Byorns sanaladi. Uning uzunligi 1,70 sm bo‘lgan va chempionlik kamarini 13 bora muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Eng og‘ir chempion
Professional boksning og‘ir vazn toifasi jangchilari ichida chempionlikni qo‘lga kiritgan eng og‘ir bokschi Nikolay Valuevdir. Uning bo‘yi 213 sm bo‘lsa, og‘irligi 148 kgni tashkil etgan. "The Russian Giant" taxallusi ostida ringga ko‘tarilgan ushbu bokschi hamyurtimiz Ruslan Chagaev tomonidan taslim etilganini ham e’tirof etish joiz.
Eng ko‘p chempionlarga ega davlat
Boks global sport turi bo‘lsa-da, uning eng qaynagan o‘chog‘i Amerika Qo‘shma Shtatlari hisoblanadi. Shuningdek, ushbu davlat eng ko‘p chempionlarga ega. AQShdan shu vaqtgacha 431 ta chempionlar etishib chiqqan. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Meksikadan deyarli 3 barobar ko‘p demakdir.
Chempionlarni eng ko‘p mag‘lub etgan bokschi
Boks olamida bu borada Floyd Meyvezer etakchilik qilmoqda. U professional faoliyati davomida 50 ta jang o‘tkazgan va mag‘lubiyatga uchramagan. Shulardan 23 tasida chempionlarni mag‘lub etgan.
Eng ko‘p g‘alaba qozongan bokschi
Hamma ham bu borada etakchi bo‘lishni istaydi. Ammo Len Uikvarning rekordini takrorlash oson emas. U faoliyati davomida bir oyda bir necha marotaba jang o‘tkazgan. Qo‘lpoplarini mixga ilganida u jami 467 ta jang o‘tkazib, shulardan 339 tasida g‘alaba qozongan edi. Uning bu natijasini nafaqat takrorlash, balki yaqin kelish ham hozirda mushkul.
Eng bo‘yi past chempion
Boksda bo‘yning baland bo‘lishi pastroq raqibga nisbatan anchagina ustunlik taqdim etadi. Lekin Jek Matlalaga bu faktor halal bermadi. O‘ta engil va birinchi o‘ta engil vazn toifasida 147 smli sobiq WBO chempioniga raqiblari bu borada muammo tug‘dira olmagan.
Bir vaqtning o‘zida 3 vazn chempioni
Garchi hozirda chempionlik kamarlari ancha ko‘p bo‘lsada, bu ishni uddalay olganlar topilganicha yo‘q. Tarixda Henri Armstrong bir vaqtning o‘zida 3 ta vaznda chempionlik kamarlarini saqlab turgan bokschi sifatida nom qozongan. U nafaqat chempion, balki o‘z vaznlarida mutlaq jahon chempioni maqomiga ham ega bo‘lgan. U birinchi engil, engil va yarim o‘rta vaznlarda kamarlarni o‘ziniki qilib turgan.
Eng ko‘p nokaut qayd etgan bokschi
Eng ko‘p nokautli g‘alabaga ega bo‘lish boks olamida har kim orzu qiladigan statistika desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Boks tarixida ushbu nomni Billi Byord egallab turibdi. U faoliyati davomida 356 marta jang o‘tkazgan. G‘alabali janglarining 138 tasida raqiblarini nokautga uchratgan. Ushbu raqamlar hozir shunchaki noreal dek tuyuladi. Bugungi kundagi aktiv bokschilar orasida nokautlar soni 51 tani tashkil etadi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Billi Byordning statistikasi hali "xavfdan xoli".
Eng yosh chempion
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi boksda ham tajriba muhim o‘rin tutadi. Lekin bu bokschi o‘zini bundan istisno ekanligini isbotlab berdi. 1976 yilda 17 yoshli Uilfred Benites Antonio Servantesni mag‘lub etgan holda eng yosh jahon chempionlik kamari egasiga aylangan.
Mag‘lubiyatsiz faoliyatini yakunlagan yagona og‘ir vazn vakili
Og‘ir vazn toifasida zarbalar og‘ir ekanini inobatga olsak, nokautli mag‘lubiyatlar qayd etilishi ehtimoli har doim mavjud. Ammo bu ehtimol Roki Marsiano uchun begonaligicha qoldi. U faoliyati davomida mag‘lubiyatsiz qo‘lqoplarini mixga ilgan yagona og‘ir vazn toifasi vakili hisoblanadi. Uning rekordi 49-0 ko‘rinish olgan edi. Hozirga WBC chempioni Tayson Fyuri 30-0-1 va WBA, IBF WBO, IBO kamarlari egasi Aleksandr Usik ushbu natijani takrorlashi mumkin.
Eng uzun bokschi
Bo‘y va quloch kengligi boksda ayni qo‘l keluvchi vositalardan biri hisoblanadi. Ruminiyalik Jorj Mitu eng bo‘yi baland professional bokschi bo‘lgan. Uning bo‘yi 2,41 metrni tashkil etgan. Lekin u atiga ikki marta jang o‘tkazgan va har ikkalasida muddatidan oldin g‘alaba qozongan.
Og‘ir vazn ko‘p karra mutlaq jahon chempioni
Bir marotaba mutlaq chempionlikka erishish har bir bokschining oliy maqsadlaridan biri sanaladi. Bu sen har bir yo‘nalishda chempionlik kamarini qo‘lga kiritding degani. Boks olami afsonasi Muhammad Ali bu borada 3 katta mutlaq jahon chempionligini qo‘lga kiritdi yagona og‘ir vaznli bokschidir. U o‘z davrida Soni Liston, Jorj Forman va Leon Spinkslarni mag‘lub etgan holda 3 bor bu nomga sazovor bo‘lgan.
Eng uzoq davom etgan bahs
Avvalgi davrlarda boks qoidalari biroz boshqacha ko‘rinish olgan. Ushbu jang tashkil etilganda g‘alaba qozonishning yagona yo‘li faqat nokaut qayd etish edi. 1893 yilda o‘tkazilgan Endi Bouen va Jek Barki jangi eng uzoq to‘qnashuv sifatida tarixga muhrlandi. Ushbu jang 110 raund bo‘lib o‘tgan va bu 7 yarim soat vaqt davom etgan. Barki jangda har ikkala qo‘lini sindirib olgan va bahs yakunlangan vaqtda ikkala bokschilar ham deyarli 4 yarim kilogramm vazn yo‘qotgan.
Eng ko‘p vaznda chempion
Faoliyat boshlanganidanoq to yakunlanguniga qadar 8 vaznda jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan yagona bokschi filippinlik Menni Pakyao sanaladi. U bu borada etakchi bo‘lsada, lekin bir marotaba ham kamarlar birlashtiruvchi jangda ringga ko‘tarilmaganligi ham bir statistika.
Eng katta gonarar
Har bir bokschi o‘z jangi va mashhurligidan kelib chiqqan holda mablag‘ ishlab topadi. Pul haqida gap ketganda boksda Floyd Meyvezer esga olinadi. Uning Konor Makgregorga qarshi jangda olgan mablag‘ini hali boshqalar bir jangda qo‘lga kiritgani yo‘q. 5 vaznda sobiq jahon chempioni va UFCning sobiq ikki divizion chempioni o‘rtasidagi jang, shubhasiz, muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Buni 4.3 millionta sotilgan pullik translyatsiya ham isbotlab beradi. 11-raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongan Meyvezer bu bahs orqali o‘z hisobini 275 million dollarga boyitib olgan.
bolavip.com asosida Jalol Axmedov tayyorladi
Fikrlar