
"Bir yillik shartnomam bor, lekin..." - Bilasizmi, Lutfulla To‘raev o‘z golini birinchi o‘ringa qo‘ydi, bunga sabab?!
“Bunyodkor” klubining sardori hamda etakchisi Lutfulla To‘raev o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘la oqladi. U yana bir bor o‘z saviyasini ko‘rsatdi. Jamoani birlashtirish, o‘yinni tashkil qilish borasida Lutfulla etakchilarga xos xususiyatini namoyish qildi.
“Mavsum-2021” qanday o‘tdi?
“Qaldirg‘ochlar” 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Chempionat mobaynida bir-biridan ajoyib o‘yinlarini ko‘rdik. Lutfulla To‘raev avvalo yakuniga etgan mavsum haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Bu yilgi O‘zbekiston Superligasi juda qiziqarli o‘tdi. Bu bejizga emas. Turnir jadvaliga qarasangiz ham ikkinchi o‘rindagi jamoa bilan beshinchi pog‘onadagi klub o‘rtasida ikki ochkolik farq bor xolos. Mana shu tomonlama ham qiziq kechdi. To‘g‘ri, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bo‘ldi. Lekin hech nima qiyinchiliksiz bo‘lmaydi. Bu hol hamma jamoada kuzatildi. Bevosita “Bunyodkor”ga keladigan bo‘lsak, chempionatni 5-o‘rinda yakunladik. Bu esa hozirgi kundagi “Bunyodkor” uchun a’lo darajadagi natija hisoblanadi. Ayniqsa, boya aytib o‘tganimdek, o‘rtadagi ikki ochkolik farqni hisobga olsak, bizni natijamiz yaxshi.
Kimni goli chiroyli?
PFL tomonidan mavsumning eng chiroyli golini aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilyapti. Unda 9 nafar o‘yinchilarning kiritgan gollari ishtirok etyapti. Har kim o‘ziga yoqqan golga ovoz berishi tabiiy. Qizig‘i, ro‘yxatda aynan Lutfulla To‘raevning goli ham eng chiroylisi bo‘lishga da’vogarlar qatorida bor. Bu borada To‘raev shunday dedi:
- Eng chiroyli gollar borasida shaxsan o‘z golimni birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardim. Chiroyli gollar nominatsiyasida aksariyati uzoq masofalardan urilgan-a? To‘g‘ri, ularning gollarini yomonlab bo‘lmaydi, hammasi chiroyli. Ammo akrobatik tarzda urilgan gol o‘zim uchun eng zo‘ri. Agarda men uzoqdan gol urib, boshqasi akrobatik tarzda darvozani ishg‘ol qilganida o‘zimnikini emas, albatta o‘sha golni birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardim.
Eng yaxshi murabbiylar va futbolchilar haqida
Shuningdek, yilning eng yaxshi murabbiyi va futbolchisi ham aniqlanadi. “Bunyodkor” sardori esa shaxsiy fikrini aytdi.
- Eng yaxshi murabbiylar bo‘yicha birinchi o‘ringa albatta “Bunyodkor” ustozi Shuhrat Maqsudovni qo‘ygan bo‘lardim. Boya bejiz aytmadim, 2-o‘rindagi klub bilan o‘rtamizda faqat ikki ochkolik farq kuzatildi xolos. Buning ustiga “Bunyodkor” bu yilgi Superligada o‘z maydonida umuman yutqazgani yo‘q. Yil boshida esa tarkibimizdan besh nafar o‘yinchi ketib qoldi. Shunga qaramay, biz yaxshi darajada o‘ynay oldik. Bunga esa tabiiyki, bosh murabbiyimiz sababchi. Ikkinchi o‘ringa Ulug‘bek Baqoev, uchinchi o‘ringa esa Ro‘ziqul Berdievni qo‘yaman. Futbolchilardan birinchi o‘ringa “Nasaf” hujumchisi Xusayn Norchaevni aytaman. Bu yil yaxshi o‘ynadi, ko‘z tegmasin. Keyingi mavsumda ham omadini bersin va darajasini yanada yuqoriga ko‘tarishining tarafdoriman. Ikkinchi o‘ringa “Bunyodkor” o‘yinchisi Farruh Ikromovni qo‘yaman. Agar u jarohat olmaganida men uni birinchi o‘ringa aytgan bo‘lardim. Kuchli uchlikda Dragan Cheran ham bor. Chunki u uchinchi yil to‘purar bo‘lyapti. Aslida aytaman desak yaxshi futbolchilar ko‘p. Lekin uchtasini tanlash kerak-da. O‘zlarini ko‘rsatgan murabbiylar ham ko‘p bo‘ldi.
To‘raev “Neftchi”ga o‘tadimi?
So‘nggi paytlarda bu futbolchiga Farg‘onaning “Neftchi” jamoasidan taklif bo‘lgani xususida eshityapmiz. Aslida ham bunday o‘yinchiga boshqa klublardan jiddiy qiziqishlar bo‘lishi odatiy hol. Tajribali futbolchi “Bunyodkor”dan ketarmikin? Javobini o‘zidan eshitamiz.
- Bunga aniq javob bera olmayman. Hali hech nima aniqmas. Men hozirda “Bunyodkor”daman. Bugun jamoamiz bilan ilk yig‘inni boshladik va 8 kun davomida mashg‘ulotlarda qatnashamiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. “Bunyodkor” bilan yana bir yillik shartnomam bor. Lekin bu shartnoma ko‘rib chiqiladi. O‘xshab qolsa ketaman, bo‘lmasa qolaman.
“Bunyodkor” mashg‘ulotlarni boshladi
Ko‘rib turganingizdek, klub yangi mavsum uchun ilk yig‘inga kirishdi. Jamoada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi muxlislarni qiziqtirishi aniq. Lutfulla To‘raev mazkur masalaga ham e’tiborini qaratdi.
- Hali “Bunyodkor”da yangi o‘yinchilar yo‘q. Eski futbolchilarni to‘liq yig‘ib ololganimiz ham yo‘q. Ayrim sabablarga ko‘ra, bir nechtasi ilk mashg‘ulotda ishtirok eta olmadi. 2022 yilning yanvar oyida tarkibga yangi futbolchilar qo‘shilsa kerak. Birinchi o‘rinda o‘zimizdagi o‘yinchilarni saqlab qolish kerak. O‘ylashimcha, 5-6 ta futbolchilarning shartnomalari tugagan. Yangilar deganda ham olamshumul o‘zgarishlar bo‘lmasa kerak. Bilasiz, “Bunyodkor” o‘z akademiyasidan chiqayotgan iqtidorli o‘yinchilarni o‘ynatadi. Ularga jiddiy e’tibor bilan qaraladi.
Qarzdorlik bartaraf etildimi?
“Bunyodkor”ning moliyaviy ahvoli qanday? Klubning futbolchilardan qarzi bormi yoki hammasi uzil-kesil hal qilinganmi? Vaziyatga oydinlik kiritish uchun To‘raevga yuzlandik.
- Klubni qarzi bor. Rahbarlar hammasi yaxshi bo‘lishini aytishgan, kutib o‘tiribmiz. Hisob-kitob qilishlari kerak. Ammo necha oylik qarzi borligini ayta olmayman. Biz klubga, klub esa bizga ishonadi. Shunday ekan, ortiqcha gap-so‘z yo‘q.
Fikrlar
ка бунака гол уролмайман деганда