"Birinchi liga klubi Superliga jamoasini urib qo‘ydi!"
O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev o‘zining telegramdagi kanalida O‘zbekiston kubogining guruh bosqich 1-turida "Andijon II" o‘z maydonida "Olimpik"ni (1:0) mag‘lubiyatga uchratgani borasida fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Yaqinginada hatto Birinchi ligada yo‘q klub Shirin gaz servis rahbarlarining tashabbusi bilan Andijon II nomi ostida ligamizda paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Coca-cola kubogining Toshkentda o‘tgan saralashida asosini Andijon futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari tashkil qiladigan bu jamoa ketma-ket uch g‘alabani qo‘lga kiritib, guruh bosqichiga yo‘l oldi.
Guruh bosqichidagi raqiblar yomon emas — Turon, Olimpik, Sho‘rtan. Yosh futbolchilar tajriba to‘plashi uchun ajoyib imkoniyat.
Xullas, mana shu klub bugun Olimpikni qabul qilib, 1:0 hisobida ustun keldi. Ya’ni, Birinchi liga klubi Superliga jamoasini urib qo‘ydi (!). Tarkibning aralash ekani emas, natija tarixda qoladi. Aslida Olimpik zaxirasida ham yaxshi yigitlar bor, ular U-21 chempionatida bemalol o‘ynayapti. Shu yigitlarning kuchi bugun Andijondagi futbol akademiyasiga etmadi. Parij-2024 yo‘lida jam bo‘lgan jamoaga bitta yaxshi akademiya qarshilik ko‘rsata olishi cho‘h go‘zal ish. Katta g‘alabalar kichik muvaffaqiyatlardan boshlanadi. Bunday o‘yinlar kishi kayfiyatini ko‘taradi.
Mana shunday akademiya 2018 yilda 14 ta hududiy birlikning hammasida bittadan ochilgandi. 4 yil davomida bu akademiyalar katta kuchga aylanishi kerak edi. Keyin esa ulardan mahorat maktablari yasamoqchi bo‘lishdi.
Prezidentning 3610 qarori asosidagi bu 14 ta akademiyaga viloyat hokimlari katta yordam bergan. Biz ularni yangi bosqichga olib chiqishni va hammasining ustida Andijon II kabi loyihalarga asos solishni istaymiz. Ishonamizki, tez orada bunga erishamiz ham", - deb yozdi Imomxo‘jaev.

Fikrlar