
Bizga yana darvozabon kerak
“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta klub rahbariyatidan yozgi transferlar oynasi yopilgunicha yana bir darvozabon olib berishni so‘rayapti.
Ayni paytda “kanonirlar” safida David Rayya birinchi raqamni o‘ziniki qilib turibdi. Undan oldin asosiy darvozabon bo‘lgan Aaron Ramsdeyl zaxirada o‘tirishga ko‘nmayapti va shu kunlarda boshqa klubga o‘tishga harakat qilyapti.
Yaqingacha Ramsdeylni kutgan “Vulverxempton” bu transferni amalga oshirmaydigan bo‘ldi. Biroq “Sautgempton” tajribali posbonni ijaraga olishni rejalashtiryapti. “Avliyolar” aslida “Feyenoord” golkiperi Yustin Beyloni chaqirgan edi. Bu posbon tibbiy ko‘rikdan o‘tolmadi.
Agar Ramsdeyl klubni tark etsa, “Arsenal” bosh murabbiyi uning o‘rniga “Espanol” vakili Xuan Garsiyani olib keladi. 23 yoshli darvozabon ham katta klubga o‘tishga qarshi emas.
Fikrlar