
Bizga zeriktirib qo‘ymaydigan o‘yinlar kerak! Superligamizning navbatdagi turida qanday sarguzashtlar kutmoqda?
Chempionatimizning navbatdagi turi ham eshik qoqib kelmoqda. Ayni paytda Coca-Cola Superliga ishtirokchilari bor e’tiborlarini bo‘lajak o‘yinlarga qaratishgan. Ushbu turda ham siz bilan bizni zeriktirib qo‘ymaydigan o‘yinlar kutmoqda.
12 iyul (yakshanba)
“Andijon” – “Surxon”
9-turni ushbu jamoalar ishtirokidagi o‘yin boshlab beradi. Mazkur qarama-qarshilikni esa bemalol katta qiziqishga sabab bo‘layotgan uchrashuvlar qatoriga kiritsa bo‘ladi. Sababi, hali andijonliklarning hisobida umuman g‘alaba yo‘q. Ammo chempionatdagi eng ko‘p durang “Andijon”ga tegishli bo‘lib turibdi. Ular 8 ta o‘yinning 5 tasida durang o‘ynashgan. Viktor Kumikovning yangi klubidagi ilk g‘alabasini qachon qo‘lga kiritishini kutayotganlar esa ko‘p. “Surxon”da ham yaqinda bosh murabbiy o‘zgarganidan xabardorsiz. Tajribali Ravshan Haydarov klub boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Biroq uning termizliklar jamoasidagi debyuti muvaffaqiyatli chiqmadi. Toshkentda “Lokomotiv”ga imkoniyat boy berildi. Shunday bo‘lsa-da, “Surxon”ning o‘yini chakki emas. Haydarovga esa vaqt kerakligini unutmaslik lozim. Uch oylik tanaffusdan keyin raqiblariga ochko ulashayotgan jamoa yangi bosh murabbiy qo‘li ostida tezroq bunday yoqimsiz an’anaga barham bermoqchi. Buning uchun esa ular hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Andijon”ning maydonida yutishi talab etiladi. Tushunib turgan bo‘lsangiz, uch ochko ikkalasiga ham nihoyatda zarur. Shuni inobatga olganda, o‘yin juda keskin o‘tadi. Ikkala klubning imkoniyatlarini chamalaganda shunday fikr hayolga kelyapti: go‘yoki “Andijon” oltinchi duranggini qayd etadigandek...
“Metallurg” – “So‘g‘diyona”
Bu ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Metallurg” ham, “So‘g‘diyona” ham bir-biriga munosib raqiblar. Ikkalasiga ham qaysar jamoalar, deb ta’rif bersak mos tushsa kerak. Chunki ular yuqori o‘rinlar uchun kurashishyapti va bu yo‘lda etakchilarga yaxshigina muammolar tug‘dirishyapti. Ikkala klubning tarkibida ajoyib futbolchilar bor. Lekin bunday to‘qnashuvlarda ko‘proq murabbiylarning taktik qo‘llanmalari va jamoalarning tayyorgarligi ko‘p narsani hal belgilab beradi. Anig‘i shuki, bu o‘yinni ko‘rsangiz aslo zerikib qolmaysiz.
13 iyul (dushanba)
“Paxtakor” – AGMK
Bunisi esa shubhasiz turning eng markaziy o‘yini hisoblanadi. Ayni paytdagi turnir jadvalida 1- va 2-o‘rinlardagi jamoalarning to‘qnashuvi va bunday bellashuvlar aslo e’tibordan chetda qolmaydi. Boz ustiga, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMK hali mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Amaldagi chempion – “Paxtakor” esa allaqachon bunday tuyg‘uni o‘zida his qilib ko‘rdi. Shu bilan birga ikkala jamoa bosh murabbiylari – Shota Arveladze va Mirjalol Qosimov qarama-qarshiligi, degan ta’rifni ham qo‘llamoqdalar. Mana shunday paytda murabbiylarning futbolchilarini o‘yinga qay darajada tayyorlay olgani ham asosiy o‘ringa chiqadi. Lekin bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlar statistikasiga qarasak, ko‘pincha “Paxtakor” AGMK uchun noqulay raqibga o‘xshab ko‘rinadi. Masalan, o‘tgan yilgi to‘qnashuvlarda ham asosan “Paxtakor”ning yirik hisoblardagi g‘alabalariga guvoh bo‘lgandik. Ammo o‘sha paytlarda chindan ham AGMK hali “Paxtakor”ga etarlicha qarshilik ko‘rsata oladigan darajada emasdi. Bu yil esa vaziyat o‘zgargan va nihoyat Qosimov Olmaliqda o‘zi istagan jamoani shakllantira olganga o‘xshaydi. Tarkibida ham tajribali o‘yinchilar bisyor. Qani ko‘ramiz, AGMK qay darajada shakllanganini “Paxtakor” bilan o‘yin ko‘rsatib beradi.
“Navbahor” – “Qizilqum”
Ochig‘i, “Qizilqum”ga havas qilib bo‘lmaydi. Ular yaralangan sher kabi bo‘lib turgan “Navbahor” bilan Namanganda o‘ynaydi. Qolaversa, navoiyliklarning natijalari yaxshi emas. Ketma-ket golsiz mag‘lubiyatlardan keyin o‘tgan turda bir ochko ishlashdi. Xo‘sh, “Qizilqum” futbolchilari Namanganda “Navbahor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga qodirmi? Agar durangga erishishsa ham bu ular uchun g‘alabaga teng natija hisoblanadi, ishonavering. “Navbahor”ni bejizga yaralangan sherga qiyoslamadik. O‘tgan turda “Bunyodkor”ga yutqazishgach, jamoa ustozi Andrey Kanchelskis ancha jiddiy gaplarni aytdi va keyingi turda boshqacha o‘yin ko‘rsatishga va’da ham berdi. Demak, mezbonlar ham bo‘lajak bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Baribir tashqaridan qaraganda ham ko‘pchilik mezbonlarning g‘alabasiga shubha qilmayapti.
14 iyul (seshanba)
“Lokomotiv” – “Mash’al”
O‘tgan turda “Mash’al” “Paxtakor”ga yutqazib qo‘yganidan keyin Shota Arveladze muborakliklarning o‘yiniga yaxshi baho bergan holda “Mash’al”ni qiziqarli jamoa sifatida ta’rifladi. Biroq ularni oldinda yana bir jiddiy o‘yin kutmoqda. Oxirgi paytlarda asta-sekin o‘z o‘yinini topib borayotgan “Lokomotiv”ning to‘sig‘idan o‘tishlari kerak. Bu uchrashuvda mehmonlar himoyaviy taktika tanlashadimi yoki raqibga ochiq o‘yinni taklif qilishadimi? “Mash’al”ning o‘ziga ham ochko zarur va shu bois ular tavakkal qilishni istashmasa kerak. Agar “Lokomotiv” maydonida bir ochkoni qo‘lga kiritishsa ham “Mash’al” bundan quvonsa arziydi.
“Qo‘qon-1912” – “Nasaf”
Bir qarashda qo‘qonliklar uy jamoasiga aylanib qolgandek. Boisi, o‘z maydonidagi beshta o‘yinning barchasida yutishdi va safarda o‘tkazilgan uchta uchrashuvda yutqazishdi. Ammo “Qo‘qon-1912”ning o‘yini ancha jangovor ko‘rinish hosil qilmoqda. Bu safargi o‘yin esa yanada qiziqarli va shiddatli o‘tishi aniq. Shu bilan birga ikkala jamoaga ham qiyin bo‘lishini hozirdanoq bemalol ayta olamiz. Har qanday holatda ham bu juda jiddiy o‘yin bo‘ladi.
“Buxoro” – “Bunyodkor”
G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Buxoro” bu safar Vadim Abramov boshchiligidagi “Bunyodkor” bilan bellashadi. Ayni paytda jamoalar o‘rtasidagi farq ancha katta. “Bunyodkor” juda qiziqarli va hujumkor o‘yin ko‘rsatmoqda. “Buxoro”da esa buning aksi. Axir mavsum boshidan beri g‘alaba qozona olmay kelayotgan jamoaning o‘yinini qanday ta’riflashni ham bilmay qolasan kishi. Ikkita durang va qolgan barcha uchrashuvlarda yutqazdi. Hozirgi ruhiy tushkunlik hukmronlik qilayotgan bir paytda “Buxoro”ning “Bunyodkor”ni engishiga kuchi etarmikin? Balki bu o‘yin buxoroliklar ustozi Muhsin Muhammadiev uchun oxirgi imkoniyat bo‘lsa-chi?
Fikrlar