"Bobur Arena"da qoyilmaqom muhit yoxud "Andijon" amaldagi chempionni qanday engdi?

  • 9 oktabr, 2023, 11:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 21-turida Andijonda kutilganidek super to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. “Bobur Arena”da shu kuni qoyilmaqom muhit hukm surdi. Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Toshkentdagi uchrashuvda jamoalar 1:1 hisobida durang qayd etgandilar. Bu safargi bahs ham ikkala jamoa uchun g‘oyat muhim hamda ahamiyati jihatidan juda yuqori edi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Paxtakor” oxirgi paytlarda qora chiziqqa tushib qoldi. Sentyabr oyini g‘alabasiz yakunlashdi. Bosh murabbiy Maksim Shatskixga tanqid toshlari otilayotgani sababi aynan shundan. “Andijon” esa etakchilarga qarshi bellashuvlarda ajoyib o‘yin namoyish etib, ulardan ochkolar tortib olayotgani ham ayni haqiqat. Buni bu safar ham “Bobur Arena”da ko‘rdik.

O‘yin shu qadar jangovor va shiddatkorona o‘tdiki, vaqt juda tez o‘tib ketgandek tuyuldi. Tan olish lozim, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov shogirdlarini mazkur muhim uchrashuvga har tomonlama puxta tayyorlay oldi. Butun bahs mobaynida maydon egalari o‘zining rang-barang hujumlari, chiroyli harakatlari va albatta jamoaviy birdamligi bilan barchada iliq taassurot qoldirdilar. Raqib O‘zbekiston iftixori va chempioni – “Paxtakor” bo‘lishiga qaramay, “Burgutlar” o‘z parvozini chiroyli tarzda amalga oshirdi.

and-pax

Shu kuni “Paxtakor” tarkibida ilk bor belaruslik darvozabon Pavlyuchenko debyutini o‘tkazdi. Aytish lozimki, u bahs mobaynida jamoasini bir necha bor gollardan saqlab turdi, o‘z seyvlari orqali. Biroq uchrashuv oxirlarida “Andijon”ning albaniyalik to‘purari Rubin Xebayning fantastik zarbasi oldida baribir ojiz qoldi. Tajribali hujumchi olis masofadan to‘pni o‘ziga o‘nglab olgan holda shunaqangi aniq zarba yo‘lladiki, uning qarshisida darvozabon ojiz qoldi va ushbu gol uchrashuvning tom ma’nodagi bezagiga aylandi.

“Andijon” birinchi bo‘limda ham va ayniqsa ikkinchi bo‘limda ham qator xavfli hujumlarni sodir etdi. Jamoaviy sifatida katta kuch bilan oldinga tashlanish, golli imkoniyatlarni yaratishda ham Xomyakov jamoasi ajoyib o‘ynadi. Futbolchilar g‘alaba uchun borini berdilar va yakunda buning uchun g‘alabani qo‘lga kiritgan holda ajoyib tarzda mukofotlandilar.

Yana bir gap: shu kuni “Andijon”ning asosiy o‘yinchilaridan biri Farhod Bekmurotov o‘zining tavallud kunini nishonladi. Buni qarangki, futbolchi tug‘ilgan kunida “Paxtakor”ga qarshi to‘p surdi. Tabiiyki, uning uchun eng oliy sovg‘a bu shubhasiz “Andijon”ning “Paxtakor” ustidan erishgan g‘alabasi bo‘ldi.

fara

Darhaqiqat, “Andijon” jamoasi o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etib, muxlislariga shodu-hurramlik ulashdi, hammaning kayfiyatini tog‘dek ko‘tardi. Shu bilan birga chempionatdagi intrigani yanada jonlanishiga sabab ham bo‘ldi. “Andijon” turnir jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashishga munosib ekanini va haqli ekanini ham ko‘rsatmoqda. 

“Andijon” – “Paxtakor” – 1:0 (0:0).

8 oktyabr. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 10584 tomoshabin.

Hakamlar: Komiljon Rasulov, Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin.

Nazoratchi: Jahongir Saidov

Komissar: Bekzod Aripov.

“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Ilhom Alijonov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug‘aniev (Suhrob Berdiev, 82), Farhod Bekmurotov (Levan Arveladze, 67), Sardor Azimov (Sardor Abdunabiev, 82), Armin Boshnyak (Farhod Sohibjonov, 82), Rubin Xebay (Shahboz Erkinov, 90+6).

“Paxtakor”:  Pavel Pavlyuchenko, Hojiakbar Alijonov, Odil Hamrobekov, Shaxzod Azmiddinov, Farruh Sayfiev, Metyu Stinvorden, Diyor Xolmatov, Doston Hamdamov (Dilshod Saitov, 66), Sardor Sobirxo‘jaev (Muhammadali O‘rinboev, 85), Psemishlav Banashak (Behruz Asqarov, 85), Po‘latxo‘ja Xoldorxonov.

Gol: Rubin Xebay, 84 – 1:0.

Ogohlantirishlar: Vladimir Bubanya, 89 – Doston Hamdamov, 20. Shaxzod Azmiddinov, 44. Psemishlav Banashak, 67.

“Andijon” matbuot xizmati.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
09/10/2023 13:24
Балли "Андижон" омад бардавом булсин