"Bobur Arena"dagi yangi daraja yoxud "dahshatli" atmosferadagi o‘yin tafsilotlari

  • 31 mart, 2024, 05:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

30 mart oqshomida Andijondagi “Bobur Arena” stadionida bo‘lib o‘tgan “Andijon” – “Nasaf” to‘qnashuvi kutilganidek superjangga aylanib ketdi. Avvalo, stadionda atmosferaga respekt!

Butun O‘zbekiston ushbu o‘yindan katta zavq oldi, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘yindagi muhit, stadionda muxlislarning katta armiyasi tomonidan yaratilgan o‘zgacha vaziyat hammasi shunchaki super edi. Uchrashuvdan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida buni alohida ta’kidlab o‘tdi. “Andijon” fan-klubi doimgidek barchani hayratda qoldirishda va muxlislik madaniyati hamda qanday qo‘llab-quvvatlashligi bo‘yicha yangi sifat darajasini namoyish etmoqda. Bu kabi fantastik muhitda har qanday jamoaning o‘ynagisi keladi.

Uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, aynan “Bobur Arena”dagi atmosfera og‘ushida ikkala jamoa maza qilib futbol o‘ynadi. O‘yinchilardagi ishtiyoq va shijoat ham maydonda sezilib turdi. O‘yin tempi shunga yarasha yuqori edi. “Andijon” uchrashuvni faol boshlaganiga qaramay, hisobni ochish mehmonlarga nasib qildi. Qanotdan uyushtirilgan hujumni Zoran Marushich gol bilan yakunladi. Bu esa “Nasaf” vakillariga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi va yana Igor Litovka darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratdilar. Biroq 33-daqiqaga kelib “Andijon” himoyachisi Islom Mamatkazin katta sahnaga chiqdi. U jarima zarbasidan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab, “Bobur Arena”ni larzaga keltirdi.

Birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham jamoalarda golli imkoniyatlar bo‘ldi. Masalan, Litovka ayrim vaziyatlarda jamoasini gollardan saqlab qoldi. Shuningdek, “Andijon” o‘zining tezkor reydlari orqali xavfli zarbalarni yo‘llab golga juda yaqin keldi. Ayniqsa, bahs oxirida “Burgutlar” g‘alabani ilib ketishlariga oz qolgandi. Levan Arveladzening jarima maydoni ichida Rustam Turdimurodovni qulay vaziyatga chiqargani fonida “Nasaf” darvozasi oldida navbatdagi o‘ta xavfli holat yuzaga kelgandi. Ammo himoyachilar katta qiyinchilik bilan darvozasi oldidan to‘pni uzoqlashtirdilar. “Burgutlar”ning har bir a’zosi maydonda ko‘zi “yonib” o‘ynadi va borini berdi. Buning uchun tasanno!

O‘yinda jamoalarning kuchi teng keldi va jangovar durang qayd etildi. Bunday o‘yin orqali Superliga mavqei ancha oshib borayotgani yana bir bor o‘z isbotini topdi. Chetdan qaraganda bu uchrashuv Evropaning qaysi shahrida bo‘lib o‘tdi, deb o‘ylaydiganlar bo‘lishi tabiiy. Lekin O‘zbekistonda, xususan Andijonda uning muxlislari hamda jamoasi yangi darajaga ko‘tarilib borayotganini endi hech kim inkor qila olmaydi.

“Andijon” – “Nasaf” – 1:1 (1:1).

30 mart. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 14861 tomoshabin.

Hakamlar: Rahim Karimov, Timur Gaynulin, Andrey Tsapenko.

Zaxira hakami: Sardor Ismatullaev.

VAR: Ibrohim Ismoilov

AVAR: Shoxruh A’zamov

Nazoratchi: Timur Galeev

Komissar: Shoxruh Said

“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov (Ilhom Abdug‘aniev, 76), Muhammadkarim Toirov, Sherzod Esanov (Levan Arveladze, 61), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 61), Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 76), Luka Zgurskiy (Rustam Turdimurodov, 86).

“Nasaf”: Abduvohid Ne’matov, Alibek Davronov, Igor Golban, G‘olib G‘aybullaev (Javohir Sidiqov, 87), Sherzod Nasrullaev, Akmal Mozgovoy, Sharof Muhitdinov (Marko Stanoevich, 71), Oybek Bozorov (Jambuli Jigauri, 71), Viktor Da Silva Matos (Zafarmurod Abdirahmatov, 46), Islom Kenjaboev (Bobir Abdixoliqov, 46), Zoran Marushich.

Gollar: Zoran Marushich, 10 – 0:1. Islom Mamatkazin, 33 – 1:1.

Ogohlantirishlar: Akmal Mozgovoy, 15. Alibek Davronov, 40. Ro‘ziqul Berdiev, 42.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Сафаров Кахрамонжон
31/03/2024 05:49
Гап йук ажойиб Андижон жамоасига омад Фаргонадан Алангали Саломлар булсин
Абдухаликов Мухаммад
01/04/2024 07:49
Андижон га факат омад ва галаба ёр булсин
&
Адхамжон Низомов
31/03/2024 08:30
Галаба муборак Андижонликлар.Демаак 17,18 минг одам кирибди.