Bobur Omonov: Jamoamizga ham, murabbiyga ham omad etishmayapti

  • 3 aprel, 2020, 05:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytga kelib uchta o‘yinning barchasida yirik hisobda yutqazgan holatda Superligamizda yaqqol autsayder bo‘lib turgan “Buxoro” jamoasida garchi muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, tarkibida yaxshi saviyadagi futbolchilari ham borligini aytishimiz lozim. Biroq murabbiylar ularning hammasidan ham foydalana olishmayapti.

Tecno

Gap shundaki, aynan dastlabki uchta turda “Buxoro”ga yordam bera olmagan futbolchi sifatida himoyachi Bobur Omonovni e’tirof etsak arziydi. Balki himoya chizig‘ida uning yo‘qligi ham jamoasining muammolar girdobiga tushib qolishiga sabab bo‘lgandir. O‘z navbatida mahalliy ishqibozlarni ham nima sababdan dastlabki bahslarda Omonovning maydonga tushmaganligi qiziqtirayotgandi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun esa futbolchi bilan bog‘langanimizda aslida nima bo‘lganini tushuntirdi.

- Birinchi navbatda shuni aytishim kerakki, fevralning oxirlari, mart oyining boshlarida yig‘in paytida jarohat olganim sababli oyog‘imni operatsiya qildirishga majbur bo‘lgandim. Mana, hozir asta-sekin tiklanish mashqlarini bajaryapman. Hozirda o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman, - deydi Omonov.

Jarohat va albatta operatsiya sababli futbolchi o‘z jamoasining o‘yinlarini chetdan kuzatishga majbur bo‘lgan. Shu o‘rinda mag‘lubiyatli o‘yinlarni chetdan kuzatganida jamoasining maydondagi muammoli holatlari yanada yaxshiroq ko‘rinishi mumkin. Natijada ushbu futbolchidan muvaffaqiyatsiz uchrashuvlarning sababi bilan qiziqqanimizda shunday fikr bildirdi:

- Menimcha, jamoamizga dastlabki turlarda omad etishmadi. Shu bilan birga o‘yinlar chog‘ida futbolchilarimizda azart ham kamlik qildi. Ammo “Buxoro”da boshqa hamma narsa yaxshi. Ichki muhit ham joyida. Hech qanday muammo yo‘q. Shunchaki, ijobiy natijalarga erishish uchun jiddiy harakat qilish lozim.

Shunday ekan, Bobur Omonov bunday salbiy natijalar vaqtinchalik ekanligini, chempionat bahslari yana davom ettirilsa, jamoasining ishlari yurishib ketishini ta’kidladi.

- Chempionat endi boshlandi. Yana biroz vaqt o‘tgach, jamoadagi yigitlar bir-birini yanada yaxshiroq tushuna boshlaydilar, - deya gapini davom ettirdi Omonov. - Baribir yig‘inlar paytidagi o‘yinlar bilan rasmiy uchrashuvlardagi o‘yinlarning katta farqi bor. Bunday holatlarda ikki xil o‘yin bo‘ladi. Umid qilamanki, biz uchun hammasi yaxshi tomonga o‘zgaradi. Darrov pashshadan fil yasamaslik kerak. Ishonamanki, jamoamizning mag‘lubiyatli starti tasodif.

Qolaversa, bunday salbiy natijalardan so‘ng bosh murabbiyga jiddiy tanqidlar bildirildi. Balki futbolchilar Muhammadievning nimani xohlayotganini uning qo‘li ostidagi o‘yinchilar yaxshi tushuna olmayotgandirlar. Yoki bo‘lmasa murabbiy bilan futbolchilar o‘rtasidagi munosabat ko‘ngildagidek emasdir?! Lekin bunga javoban Omonovning fikrlari qarama-qarshi bo‘ldi.

- Bosh murabbiy bilan munosabatimiz yaxshi. U harakatchan. Ammo jamoamizga ham, murabbiyimizga ham omad etishmayapti-da. Muhammadiev bilan o‘tgan yildan beri birga ishlab kelyapmiz. Uning bizdan nimalarni talab qilayotganini yaxshi tushunib turibmiz. Faqat “Buxoro”ga yangi kelgan futbolchilarning yanada moslashib ketishlari uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. O‘yindan-o‘yinga futbolchilar bir-biriga moslashib ketadilar. Ana shunda jipslashish ham yaxshi bo‘ladi.

Ma’lumki, salbiy natijalar tufayli bosh murabbiy masalasida uning egallab turgan kursisi qimirlab ham qolgandi. Bobur Omonov esa hozircha buning hojati yo‘qligini, asosiysi maydonga chiqib o‘ynash hamda g‘alaba qozonish zarurligiga e’tibor qaratdi.

- Bosh murabbiy o‘zgarishi mumkinligi haqida eshitgandek bo‘ldim. Biroq menda bu borada aniq ma’lumot yo‘q. Lekin hozir bunday gap-so‘zlarning mavridi emas. Maydonga chiqib o‘ynashimiz va g‘alabalar qozonishimiz kerak. Chunki maydonda futbolchilar o‘ynashadi, - dedi jarohatidan forig‘ bo‘layotgan futbolchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!