
Boks sirlarini o‘rganib, MMA qoidalariga o‘zgartirish kiritib, UFCni mashhur qilgan Dana Uayt!
Shunday inson borki, muxlislar MMA jangchilaridan ko‘ra, uni ko‘proq ko‘radi. U intervyular beradi, chempionlarga kamar taqadi va matbuot anjumanlarini olib boradi. Jangchilar oktagonga ko‘tarilib, g‘alaba qozonadi, mag‘lub bo‘ladi, faoliyatlarini yakunlab, sekin-asta unutiladi. Ammo har bir musobaqaning kameralarida UFC prezidenti Dana Uayt ko‘rinish beradi.
Bugun aralash jang san’atidagi eng nufuzli insonlardan birining muvaffaqiyat tarixi, holati va daromadi haqida batafsil xabardor bo‘lish imkoniga egasiz.
Bolalik va o‘smirligi
Dana Frederik Uayt 1969 yilning 28 iyulida Manchesterning Konnektikut shtatida dunyoga kelgan. Uning otasi katta Dana Uayt va onasi Jun Uaytning tomirida irland qoni bor. Oila mamlakat bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan. Yoshligidan Uayt Amerikaning ko‘plab shtatlarida bo‘lgan. Bolakay Xermon shtatidagi o‘rta maxsus maktabni tugatgan. 1987 yili Massachusets shtatidagi nufuzli Boston universitetiga o‘qishga kirdi. O‘qishning birinchi yilidan boshlab, boks va gimnastika sektsiyalariga qatnay boshladi. Sport va o‘qish bilan bir qatorda Dana Bostondagi tungi klublardan birida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan.
O‘qish hech qachon Uaytni qiziqtirmagan. U darslarga kamdan-kam borardi va ikkinchi kursning boshlarida o‘quv yurtidan chetlatilgan. Dana juda tashabbuskor yigit edi. U doimiy ravishda passiv daromad manbai izlar, bu esa unga kelajakdagi ulkan rejalarni tuzish uchun imkon berardi.
"Mendan muvaffaqiyat sirini so‘rashganida, men doim tinmay harakat qilish haqida gapiraman. Siz o‘zingizni turli sohalarda sinab ko‘raverishingiz kerak. Har bir insonning qaysidir sohada qobiliyati bor," - dedi Uayt.
Uaytning dastlabki loyihalaridan biri bolalar, o‘smirlar va ayollar uchun boks va gimnastika dasturi edi. Dana boks va gimnastika harakatlarini birlashtirgan umumiy rivojlanish mashqlaridan iborat texnikani ishlab chiqdi. Dastlab, u o‘zi o‘qituvchi bo‘lib ishladi va keyinchalik, istaganlar uchun maxsus klub ochdi. Bir nechta murabbiylarga tizim bo‘yicha saboq berib, o‘z ishidan katta dividientlar oladigan nafaqaga chiqdi. Dana homiyligida 3 ta sport zali ishlagan - "Dana White Enterprises".
1990 yili Uaytning hayotida fojiali voqea yuz berdi. Kechqurun Bostondagi barlarning birida unga hujum qilishdi. 15 daqiqa davomida uni bir necha kishi tinimsiz kaltaklagan. Shundan so‘ng, Uayt kasalxonaga yotqizilgan. Qulog‘idan qattiq jarohatlangan edi. Unga Menera kasalligi (quloqning ichki qismi kasalligi) tashxisi qo‘yilgan. Birinchi operatsiya ahvolni battar yomonlashtirdi. Uayt 10 ming dollar evaziga Germaniyaga borib, ikkinchi operatsiyani o‘tkazishga majbur bo‘lgan (1990 yil uchun juda katta pul).
Bir kelsa, qo‘shaloq keladi, deganlaridek, muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan "Dana White Enterprises" kompaniyasi soliq organlari bilan bog‘liq muammolar tufayli yopilishi kerak edi. Uayt o‘z kompaniyasini yopdi va Las-Vegasga ko‘chib o‘tdi.
"Bu juda dahshatli edi. Mening eng sevimli qoidam: "Faqatgina qabrdan chiqishning yo‘li yo‘q". Men harakatimni davom ettirdim. Men o‘z biznesimni jang san’ati bilan bog‘lamoqchi edim", - dedi Dana Uayt.
90-yillarning boshlarida aralash jang san’atlari o‘z rivojlanishini endigina boshlagan edi.
Sog‘liqdagi muammosiga qaramay, Dana Braziliyaning jiu-jitsusini o‘rganishni boshladi va shu bilan birga ushbu jang san’atining eng yaxshi vakillari bilan tanishishni boshladi. Shu paytlarda, Uayt MMA kelajak ekanligini tushungan. Biroq, buni oddiy yo‘llar bilan boshlash kerak edi. U boks menejmentlarining ishini o‘rganishni boshlagan va bir nechta bokschilar bilan shartnoma imzolashga ham erishgan. Promouterlikning elitasiga kirish nihoyatda qiyin edi. 90-yillarda Bob Arum, Don King, Den Duva va boshqa bir nechta kompaniyalarga Uayt raqobat qilolmasdi. Uni puli ham, kerakli aloqalari ham yo‘q edi. Bundan tashqari, u jahon boksidagi mavqeini mustahkamlash uchun uzoq vaqt kerakligini yaxshi tushundi. Dana yakkakurashlarning rivojlanib ulgurmagan turlariga e’tibor berishni boshladi. U ko‘cha janglarini uyushtirdi. Tez orada, MMA olamida Uaytning nomi mashhur bo‘ldi.
U kelajakdagi aralash yakkakurash yulduzlari - Chak Liddell, Tito Ortis, shuningdek muay-tay, professional kurash, jiu-jitsu, dzyudo vakillari bilan hamkorlik qildi.
"Biznesda halollik va adolat haqidagi keraksiz gaplarni tashlashingiz kerak. Bunday fikrlar bilan hech narsa bo‘lmaydi. Ba’zida men yomon ishlar qildim. Axloq - bu MMA va boks kabi biznes dunyosida eng oxirgi o‘rindagi so‘z", - dedi Dana Uayt.
UFC prezidentining faoliyati
Dana kerakli tajribani to‘pladi. XXI asrning boshlariga kelib, u MMA yaqin kelajakda "pul uyi"ga aylanishiga to‘liq ishonch hosil qildi.
"UFC - bu yangi texnologiyaga o‘xshaydi. Bilasizki, bu narsa haqida hech kim bilmaydi, ammo usiz kelajakni tasavvur qilolmasdim," - dedi Uayt.
Uayt UFCda (Ultimate Fighting Championship) unchalik taniqli bo‘lmagan jangchilar bilan ishladi.
Kompaniya boshqalardan yaxshi ham, yomon ham emasdi. Janglarni tashkil qilish va o‘z brendini ommalashtirishda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi.
Dana UFC huquqlarini sotib olish va ushbu tashkilotni keng targ‘ib qilish g‘oyasiga ega edi.
Kompaniyaning nominal miqdori 2 mln dollarni tashkil etardi. 2001 yili Uayt sobiq sinfdoshiga, hozirgi multimillionerga va Las-Vegasdagi kazino tarmog‘ining egasi Lorentso Fertittega murojaat qildi. U tadbirkorga ushbu loyihani sotib olishning barcha afzalliklarini tushuntirdi. Lorentso va uning akasi Frenk UFC huquqlarini maxsus tashkil etilgan Zuffa kompaniyasi yordamida sotib oldi va Dana Uaytni prezident etib sayladi.
UFC prezidentining karerasi juda tez rivojlanib ketdi. U Amerikada aralash jang san’atlarini kuchli ravishda ommalashtirdi va kompaniyaga mashhur jangchilarni jalb qila boshladi. Qoidalar tahrir qilindi va malakali hakamlar yollandi. Dana OAVda juda yaxshi ish qildi. Kompaniyaning musobaqalari "UFC 33" turniridan boshlab, SpikeTV telekanalida namoyish etila boshladi.
Televideniyadagi debyut turnirda birdaniga 3 ta chempionlik jangi rejalashtirilgandi.
UFC mashhurlashib ketdi. 2005 yili Uayt haqiqiy shou ko‘rinishidagi "The Ultimate Fighting" klubini tashkil etdi. Bu ko‘plab yosh jangchilar o‘zlarini ko‘rsatishlari va UFC tarkibiga kirishlari uchun imkon berdi. 2007 yili UFC mashhur Pride kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Pride boshqalar bilan hamkorliklarini to‘xtatdi. Bir yil avval, Kaliforniyaning WEC promousheni bilan ishlardi. Shu tariqa, UFC aralash jang san’atlaridagi eng mashhur tashkilotga aylandi.
Dana Uayt katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lishiga qaramay, qattiqqo‘lligi uchun doim tanqidlar ostida bo‘lgan. U ommaviy nutqlar va intervyular paytida odob doirasidan chiqib, ochiq gapiradi va o‘zini juda qat’iy tutadi. Masalan, yapon va rus MMA promouterlari ba’zi hollarda u bilan til topisholmay qolishgan.
Shunday bo‘lsa-da, Uayt xayriya ishlarida ham faol qatnashgan. Afsonaviy Tailand jang san’ati ustasi Ratanakkaya Uorning qizi Tuptim Uorni qutqargan UFC prezidenti haqidagi ta’sirli voqea butun dunyoga tarqaldi. Bolaning tug‘ilishidan ikki oy vaqt o‘tgach, shifokorlar unga kam hollarda uchraydigan jigar kasalligi tashxisini qo‘yishdi. Tuptimning tirik qolish imkoni deyarli yo‘q edi. Operatsiya amaliyoti Uorlar oilasida bo‘lmagan 50 ming dollarni talab qildi. Pul topishning barcha yo‘llarini qo‘llab ko‘rishdi, ammo natija bo‘lmaganidan so‘ng, Ratanakkaya o‘zining AQShdagi sobiq do‘sti Dana Uaytga qo‘ng‘iroq qilishga qaror qildi. Yoshlikda ular bitta sport zalida shug‘ullanishgan va o‘zaro munosabatlari yaxshi bo‘lgan. Dana darhol sobiq do‘stining qayg‘udagi oilasiga ko‘ngilli ravishda yordam berdi. U 50 ming dollarni o‘tkazib berdi va kerakli shifokorlarni topishda ko‘maklashdi. Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, qizaloq to‘liq sog‘ayib ketdi. Keyinchalik, 2018 yili Uayt Tailandga tashrif buyurib, Tuptim bilan uchrashdi.
Uaytning yutuqlari:
- Wrestling Observer Newsletter talqiniga ko‘ra, "Yilning eng yaxshi promouteri" (2005-2009);
- Nevada shtatida "Yilning eng yaxshi sportchisi" (2009);
- World MMA Awards talqiniga ko‘ra, "Yil odami" nominatsiyasi g‘olibi (2010-2015);
- Qurolli kuchlar jamg‘armasining "Patriotlar" mukofoti sohibi (2015).
Fikrlar