Boshkovich jamoasi to‘xtatadimi yoxud Superligada hali yutqazmagan "Neftchi" "So‘g‘diyona"ni Farg‘onada qachondan beri yutolmayotganini bilasizmi?

  • 10 avgust, 2023, 11:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Vodiyda yana bir yuqori tempdagi o‘yin kutmoqda. Bu safar Farg‘onada “Neftchi” Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qiladi. “Neftchi” klubi o‘tgan turda qanday qahramonlik ko‘rsatganini bilasiz-a? Ular Toshkentda “O‘zbek klassiko”sida “Paxtakor” maydonida o‘ta qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritib qaytdi. Farg‘onalik muxlislar bu g‘alabani qanday nishonlaganini eshitgan yoki ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Kayfiyati yuqori darajada bo‘lib turgan farg‘onaliklarni endi “So‘g‘diyona”ga qarshi bahs kutyapti.

Tecno

Rosti, “Neftchi”ning bo‘lajak raqibi ham anoyi emas. “So‘g‘diyona” ikkinchi davrani yaxshi boshladi. Avvaliga “Bunyodkor” maydonida javobsiz ikkita gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘tgan turda yana Toshkentda bu safar “Olimpik”ga qarshi gollar shousida 3:3 hisobida jangovar durang qayd etdi. Qisqasi, Ivan Boshkovich “So‘g‘diyona”da o‘zining futbolini yaratyapti va raqiblarga jiddiy bosh og‘rig‘i vazifasini bajaryapti.

neft sugd

Shunday ekan, Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida oddiy o‘yin bo‘lmaydi. Qizig‘i, Superligada joriy mavsumda hali kuragi erga tegmagan, mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan birgina klub qolgan va bu ham bo‘lsa “Neftchi”. Ha, bu borada jamoa bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoga qoyil qolsa arziydi. Shuning uchun ham yaqinda u bilan shartnoma uzaytirildi, bu bejiz emasdi.

“So‘g‘diyona” uchun “Istiqlol” stadioni qulayroq deyish mumkin. Chunki birinchi davrada “Andijon” o‘z o‘yinlarini vaqtincha “Istiqlol” stadionida o‘tkazayotganida jizzaxliklar aynan u erda andijonliklarni 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytgandi. Bu hali hammasi emas. Quyiroqda yana to‘xtalamiz.

Ungacha statistik raqamlarga ko‘z tashlaymiz. “Neftchi” – “So‘g‘diyona” qarama-qarshiligi doirasida klublar shu paytgacha chempionatda 51 bor to‘qnash kelishgan. Mezbonlarda 29, mehmonlarda 11 ta g‘alaba bor. Yana 11 ta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 95\42 “Neftchi” foydasiga.

neft sugd1

Birinchi davrada “Neftchi” safarda “So‘g‘diyona”ni 2:0 hisobida engib qaytgani yodingizda bo‘lsa kerak. Lekin farg‘onaliklar uchun “So‘g‘diyona”ga qarshi oxirgi yillardagi o‘yinlar statistikasi salbiy bo‘lib turibdi. Chunki “Neftchi” o‘z maydonida “So‘g‘diyona” so‘nggi marta 2015 yili mag‘lub etgan. O‘sha yilning 24 aprelida farg‘onaliklar 4:1 hisobida tor-mor keltirgan. Shundan beri “Neftchi” o‘z uyida “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etish yo‘lini topa olmayapti. Hammasi bo‘lib Jizzax jamoasi safarda 5 g‘alaba va 3 durang qayd etgan. Masalan, “Neftchi”ga qarshi Farg‘onadagi oxirgi 3 ta o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonib kelayotgani e’tiborga molik.

Ko‘rinib turibdiki, “So‘g‘diyona” “Neftchi” uchun Farg‘onada noqulay raqibga aylanib qolgan. Boshkovich bu yilgi chempionatda “Neftchi”ning ilk bor mag‘lub bo‘lishi uchun o‘ziga xos reja ishlab chiqishi tabiiy. Ko‘ramiz, Levchenko jamoasi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettira oladimi yoki “So‘g‘diyona” to‘xtatadimi?

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davlatbek Muydinov
11/08/2023 07:30
Bugungi oyin neftchi uchun qiyin boladi va kichik hisobda baribir yutsa kk kechagi oyindan xulosa qilsak mantiqan bugun neftchi sugdiyonaga non bermaydi