Braziliyalik ishqibozlar g‘azab otiga mingan! Pelening dafn marosimi chog‘ida Neymar qaerda edi?
PSJ klubi hujumchisi Neymar Junior kutilmaganda Pelening dafn marosimi chog‘ida Braziliyaga qaytmadi. Frantsuz nashrlari mahalliy jurnalistlarning ma’lumotlariga suyangan holda, uni klub qo‘yib yubormagani haqida yozdi. Unga ko‘ra, mundialdan charchab kelgan futbolchiga dam olish buyurilgan va Parijda qolish talab qilingan.
Bu versiyani futbolchining otasi ham tasdiqladi. Uning aytishicha, o‘g‘li dam olish kunlarini Pelening dafn marosimida ishtirok etishga bag‘ishlagan biroq, PSJ bunga izn bermagan. Bu voqealar sodir bo‘lganidan bir kun o‘tib, ko‘plab jurnalistlar aslida voqea boshqacha bo‘lgani haqida yoza boshladi. Ular bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, Neymar Parij klubiga o‘zini Braziliyaga qo‘yib yuborishlarini so‘rab murojaat etmagan. Agar shunday bo‘lganida ham, PSJ hech qachon rad javobini bermagan bo‘lar edi. Boz ustiga, qisqa ta’til chog‘ida klub Ashraf Hakimi va Kilian Mbappening AQShdagi NBA o‘yinlarini tomosha qilishiga ruxsat bergan edi.
Bir qarashda, Neymar atayin o‘zi uchun qulay grafik tuzib olgandek ko‘rinishi mumkin. 28 dekabrda “Strasburg” bilan bahsdagi qizil kartochka sababli u 1 yanvardagi “Lans” bilan o‘yinni o‘tkazib yubordi. Bu kunlar orasida (29 dekabr) Pele vafot etdi. To‘g‘ri, vaqt qisqa bo‘lishi mumkin, ammo Pelening oila a’zolari uning joni uzilishidan bir necha soat avval bemor og‘irlashib qolgani haqida ma’lum qilgan edi.
feiwjifwjif
Bugun esa, internetda 2 yokm 3 yanvar sanasida tasvirga olingani taxmin qilinayotgan videorolik paydo bo‘ldi. Unda, Neymar tungi klublardan birida qo‘shiq aytib, raqsga tushayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Natijada, ishqibozlar g‘azab otiga mindi. Gap PSJ yulduzining dafn marosimiga kelmaganida emas. Ikkisi ham “Santos” tarbiyalanuvchisi bo‘lgani bois, Pele Neymar Juniorni 13 yoshlik paytida o‘z qaramog‘iga olgan edi. Uni o‘zining izdoshi deb e’lon qilibgina qolmay, moddiy yordamini ham ayamagandi. Natijada, 14 yoshga to‘lishi bilan u to‘liq Pelening muhofazasida bo‘ladi. E’tiborlisi shundaki, Pele yosh futbolchini professional karerasini boshlab olguniga qadar yolg‘iz qoldirmagan. Undan xabar olib turar, OAV bilan uchrashuvlarda izdoshining reklama kampaniyasining muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlab berardi.

Neymar “Santos” bilan “Libertadores kubogi"da zafar quchgan payt, Pelening shaxsan o‘zi stadionga tushib, u bilan g‘alabani nishonlagani ko‘pchilikning xotirasidan ko‘tarilmagani aniq.
Ayni damda, bu videorolikni Neymar va uning atrofidagi insonlar eski deb atamoqda, biroq ishqibozlarga buning o‘zi kamlik qiladi. Hozir Braziliyada kun mavzusiga aylangan voqeaning keyingi tafsilotlari haqida SPORTS.uz sayti ma’lumot beradi. Bizni kuzatishda davom eting!
Fikrlar