Bu kabi o‘yinlar oddiy tarzda o‘tmaydi, raqibini yaralangan sher kabi kutib oladi yoxud Superligamizning 9-turida unutilmas o‘yinlar bor

  • 4 may, 2023, 00:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 8-turi yozga qoldirilgani tufayli jamoalar 7-turdan 9-turga sakrashmoqda.

Tecno

4-8 may kunlari 7 ta juftlik Superliga doirasida aynan 9-tur uchrashuvlarini o‘tkazadilar.

Oldimizda turgan o‘yinlar esa sizni aslo befarq qoldirmaydi.

4 may

“Buxoro” – “Metallurg”

“Metallurg” o‘tgan turda “Andijon”dan 5:0 hisobidagi qaqshatgich tarzda qabul qilib olgan mag‘lubiyatidan o‘ziga kela oldimi? Oldinda esa Vesko Steshevich jamoasini safarda “Buxoro”ga qarshi uchrashuv kutib turibdi. Aksiga olib, Ulug‘bek Baqoev buxoroliklar ustoziga aylangach, Superligada hali g‘alaba qozonishgani yo‘q. Jamoa uning boshchiligida hozircha 2 mag‘lubiyat va 1 durang o‘ynadi. Chempionatda shu kungacha o‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoa “Metallurg” bo‘lib turibdi. 7 ta uchrashuvda 16 marta gol o‘tkazgan. Agar murabbiylar klubning mudofaa chizig‘ini mustahkamlamasa “Buxoro”da ochko yo‘qotishi mumkin.

5 may

“Andijon” – “So‘g‘diyona”

Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionidan nominal mezbon sifatida foydalanib turgan andijonliklar bu safar “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. 7-turda “Metallurg”ni qabul qilib javobsiz 5 ta gol urgan “Andijon” navbatdagi uchrashuvda ham yana gollar shousini tashkil qila oladimi? Agar “Burgutlar”ning oxirgi o‘yinidan xulosa qiladigan bo‘lsak, mehmonlarga ancha qiyin bo‘ladi. “So‘g‘diyona” yangi bosh murabbiy Ivan Boshkovichning uslubiga moslashish jarayonida.

and met_1

6 may

“Bunyodkor” – “Olimpik”

Mazkur uchrashuvni stadionida bevosita FIFA prezidenti Janni Infantinoning shaxsan o‘zi kuzatishi kutilmoqda. Asosan yoshlarga tayanadigan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin shu kuni boshqacha tus olsa kerak. O‘tgan turda ikkala jamoa ham yutqazdi. Albatta, bahs oldidan imkoniyatlar teng. Lekin bu juda qiziqarli o‘yin bo‘lishi katta ehtimol.

“Turon” – “Paxtakor”

Chempionatimizda birgina g‘alaba qozonmagan jamoa qoldi, bu ham bo‘lsa pro ligadan qaytgan “Turon”, shuning uchun rahbariyat yana murabbiyni o‘zgartirdi. Bu safar rossiyalik Denis Bushuev taklif qilindi. U debyut uchrashuvida “Navbahor”ga imkoniyatni boy berildi. Endi “Paxtakor”ni qabul qiladi. Garchi Maksim Shatskix jamoasi bilan chempionatni ikkita kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, shundan beri faqat g‘alaba qozonib kelmoqdalar. Rosti, “Turon” va Bushuevga taqvim noqulay. Chunki birin-ketin jiddiy raqiblarga qarshi o‘ynamoqda. Bo‘lajak uchrashuvda ham “Sherlar”ning imkoniyati yuqoriroq.

7 may

“Nasaf” – “Navbahor”

Haqiqiy jang bo‘ladi. Bu shubhasiz turning markaziy uchrashuviga aylanadi. Katta o‘yin va shunga yarasha auditoriyani o‘ziga jalb qilishga qodir bo‘lgan qarama-qarshilik. Esimizda, o‘tgan yili “Navbahor” Samvel Babayan boshqaruvida “Nasaf” maydonida shunday o‘yin ko‘rsatgandiki, mezbonlarga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan yagona gol evaziga yutib ketgandi. Ikkalasining maqsadi sovrin yutish. Bunday to‘qnashuvda har ikki klubda bosim bo‘ladi. Baribir kim eng zo‘r tayyorgarlik ko‘rgani yakunda o‘z so‘zini aytadi. Bu kabi uchrashuvlar oddiy tarzda o‘tmaydi.

navbahor yangi_2

“Surxon” – “Neftchi”

Bu juftlik ham qiziqarli o‘tadi. Chempionatni kutilganidan ancha yaxshi boshlagan “Surxon” peshqadamlardan biri, hali mag‘lubiyat nimalagini bilmay kelayotgan “Neftchi”ni qabul qiladi. Termizliklar bu yil ancha qaysar jamoa sifatida ko‘zga tashlanmoqda. Hozirda “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko mazkur o‘yinga shogirdlarini har jihatdan puxta tayyorlashga harakat qilayotgani aniq. Chunki “Surxon” jiddiy raqib sifatida gavdalanmoqda va buni farg‘onaliklar ustozi yaxshi tushunib turibdi.

8 may

OKMK – “Qizilqum”

Mirjalol Qosimov jamoasida ustunlik katta, buni tan olish kerak. “Qizilqum” o‘yinida hali tuzatadigan jihatlari ko‘p. Qolaversa, navoiyliklar bosh murabbiyi Asror Aliqulov ham bir necha bor shu haqida gapirgan. Boz ustiga olmaliqliklar so‘nggi ikkita turda mag‘lubiyatga uchraganini hisobga olsak, “Qizilqum”ni yaralangan sher kabi kutib oladi.

Shuhratbek Jo‘raev.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!