Bu katta tavakkal, lekin Xolandni olamiz!
“Barselona” kelasi yozda transfer bozorida sensatsiya qilishni rejalashtirmoqda va “Manchester Siti” hujumchisi Erling Xolandni o‘z safiga qo‘shib olishga urinib ko‘radi.
El Nacional ma’lumotlariga ko‘ra, norvegiyalik forvardning uzoq muddatli shartnomasi va yuqori bahosiga qaramasdan, klub allaqachon strategiya ishlab chiqqan. Sport direktori Deku Xoland transferida Dani Olmodan shartnomaning bir qismi sifatida foydalanib, transfer narxini pasaytirishni ko‘zlayapti.
Klub xo‘jayini Joan Laporta Xolandni yoshi o‘tib qolgan Robert Levandovskining o‘rnini bosadigan hujumchi sifatida ko‘rmoqda. Klub ishonch bilan norvegiyalik yulduzni “Kamp Nou”ning yangi timsoli, deb hisoblayapti.
“Manchester Siti” to‘purarining narxi taxminan 175-180 million evro deb baholanmoqda, bu esa, “Barselona”ning hozirgi imkoniyatlaridan ancha yuqori.
Shu sabab ular shartnomaga Dani Olmoni qo‘shish orqali to‘lovni qisman qoplashni ko‘zlagan. Bu qadam maosh fondini ham engillashtiradi.
Katalon klubi Xolandni 2026 yil yozida, Levandovski shartnomasi tugayotgan paytda, olishni maqsad qilgan. Bu jamoaga yangi avlod hujumini qurish imkoniyatini beradi.
Shunga qaramay, ekspertlar kataloniyaliklarning bu strategiyasini katta tavakkal ustiga qurilganini alohida tilga olmoqda.

Fikrlar