"Bu pro liga uchun ajoyib topilma" - "Yangier" ustozi Diyor Mirzaboev chempionlar ligasida o‘ynagan o‘yinchining kelishi va kuchliroq legionerlarni kutayotgani haqida

  • 28 iyul, 2022, 12:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha “Bunyodkor” akademiyasi maydonida “Mash’al” hamda “Yangier” ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvini kuzatib bordik. O‘yin natijdasi hamda tarkibdagi o‘zgarishlar bo‘yicha saytimiz orqali xabar berdik. Bahs yakunida “Yangier” bosh murabbiyi Diyor Mirzaboev bilan tayyorgarlik jarayoni va yangi futbolchilar xususida suhbatlashdik.

- Jamoangizning “Mash’al”ga qarshi o‘yini sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Chempionat yaqin, 6 avgustda rasmiy o‘yinimiz bor. Yana bir bor Polshadan kelgan legionerlarni va o‘zimizdan qo‘shilgan yangi futbolchilarni asosiy tarkibda maydonga tushirib, ko‘rib olishim kerak edi. Tayyorgarligimiz reja asosida ketyapti. 5 ta o‘rtoqlik uchrashuvini tashkillashtirganmiz. Asosiysi, nazorat o‘yinlarida g‘alabaga erishish emas, jamoaviy o‘yinni shakllantirishga, o‘yin amaliyotini oshirishga qaratganmiz. Chunki bizga yangi yigitlar qo‘shilishgandi.

diyor3_1

- Umuman olganda, “Yangier”ning yozgi yig‘ini bosh murabbiy sifatida o‘zingiz o‘ylagan reja asosida davom etyaptimi yoki...

- Hammasi reja asosida bo‘ldi. Tayyorgarlikka etarlicha vaqt berildi – 35 kun. Faqat bitta kamchilik - birinchi davradan keyin futbolchi olish qiyin. Bir qator o‘yinchilar tayyorgarlikning ikkinchi bosqichi tugayotganida qo‘shilishdi. Yana 2-3 tasi uchinchi bosqichda qo‘shilishadi. Chunki bizga kerakli futbolchilarni qo‘lga kiritish oson bo‘lmayapti, aksariyatini klublari bilan shartnomalari bor. Baribir tayyorgarlikdan ko‘nglim to‘q, hammasi reja asosida o‘tyapti. Rahbariyatga hamma sharoitni yaratib berayotgani uchun rahmat.

- Polshalik legionerlarning taqdiri nima bo‘ldi? Ular qolishadimi?

- Aslida ularni o‘zimiz olib kelmaganmiz, bizga tavsiya qilishgan. Legionerlar bizni o‘yinchilardan bir bosh kuchli bo‘lishi kerak-da. Ularni olib kelib, ammo o‘ynatmasam rahbariyat va muxlislar oldida noqulay holatda qolish mumkin. Hozircha o‘zimizning yigitlardan ustun tomoni ko‘rinmayapti. Hali ularning masalasi ochiq turibdi.

diyor1_3

- Tarkibda Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynagan Muhammad Isaevni ko‘rdik, ochig‘i, buni kutmagandik...

- Isaevni qanday ijrochiligini hamma biladi. Pro liga uchun bu yaxshi tanlov. Bu futbolchi xorij klublari bilan muzokara o‘tkazayotgandi. Uni menga bir tanishim aytib qoldi, hozir bo‘sh, hali ketgani yo‘q, dedi. Hozirgacha Muhammad Isaevning masalasi 50x50. Biz u bilan muzokara olib boryapmiz. Bu pro liga uchun ajoyib topilma. Bilasiz, asosiy maqsadimiz 5 ta turdan keyin kuchli beshtalikka kirish. Imkon qadar tarkibni kuchaytirishga harakat qilyapmiz. Isaevning masalasi bugun-erta hal bo‘ladi.

- “Yangier”ni bir qator o‘yinchilar tark etdi. Asosiy tarkib a’zolarini nega saqlab qola olmadinglar?

- Jamoamizni yoshartirmoqchi bo‘ldik. Kim bilan shartnoma tuzayotgan bo‘lsak, uning muddati kamida 1,5 yilni o‘z ichiga olyapti. Biz bu yilni ham, kelajakni ham o‘ylagan taqdirda shunday qilyapmiz. Klub siyosati bo‘yicha yoshlar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzishni niyat qilganmiz. Shuning uchun boshqalar bilan do‘stona xayrlashdik.

diyor_1

- Tarkibga yana qaysi yangi futbolchilar qo‘shiladi?

- “Mash’al”dan Jonibek Mirzaqulovni oldik. Erkin agent sifatida keldi. Biz bilan shartnomaga qo‘l qo‘ydi. Yana “Mash’al” bilan kelishgan holatda Abdurahmon Abdulxakovni ham safimizga qo‘shib oldik. Birinchi davrada Abdulxakov “Mash’al”ning asosiy o‘yinchilaridan biri edi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, futbolchilarni “Yangier” jamoasidan yuqori o‘rindagi klublardan olyapmiz. “Neftchi”dan markaziy himoyachi Shodiyor Xojimatovni taklif qildik. To‘g‘ri, u erda o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan. Ilhom Mo‘minjonov futbolchini maydonga tushirmasdan 20 talik ro‘yxatda ushlab o‘tirgan. Shu kunlarda yangi legionerlar kutyapmiz. Rosti, bizga legionerlar kerak. Ko‘ryapsiz, o‘zimiz yaratgan vaziyatlardan unumli foydalana olmayapmiz. Oldimizda turgan 5 ta uchrashuvda beshtalikka kirish uchun imkoniyatimiz bor. Bizga shunday legioner kerakki, o‘zini imkoniyatidan albatta gol urishi kerak. Albatta, darajasi yuqori legionerning moliyaviy imkoniyati ham shunga yarasha kattaroq bo‘ladi. Ammo rahbarimiz Mahmud Orziqulovich imkoniyat yaratib berishini aytdi. O‘zimizda gol uradigan hujumchilar kam-ku. Hujumchi ko‘p, ammo gol uradigani kam.

- Yangi legionerlar qaerdan kelyapti?

- Ikkita variantimiz bor. Biri serbiyalik, hozirda Chernogoriya chempionatida o‘ynaydi. Yana biri Ruminiya Superligasida to‘p suradi. Iloji bo‘lsa, ikkalasidan foydalanishimiz mumkin. Muzokaralar davom etyapti. Ruminiya chempionatidagi o‘yinchi asli nigeriyalik. Ikki kun vaqt qoldi, ulgursak olib kelamiz. Ular tayyor shartnomaga kelishadi. Yuqori darajali futbolchilar bo‘lgani sababli ularni ko‘rikka olib kelib bo‘lmaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!