Bu transfer amalga oshsa, Shomurodov “Yuventus” yulduzi bilan raqobatlashadi!

  • 3 fevral, 2022, 23:59
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma” yozgi transferlar vaqtida asosiy yulduzlaridan bo‘lgan Nikolo Dzanoloni qo‘ldan chiqarishi mumkin. 22 yoshli futbolchiga anchadan beri Angliya klublari, xususan, italiyalik mutaxassis Antonio Konte boshqarayotgan “Tottenxem” jamoasi ko‘z tikmoqda.

Mavsum yakunlangach, uni “Yuventus” va “Milan” o‘z safiga qo‘shib olish uchun hozirdan kurashga kirishdi.

Rim klubi sport direktori Tyagu Pinto hujumkor futbolchiga jiddiy klublardan qiziqish borligini ta’kidlab, yozda Dzanoloni olib qolishni uddalay olmasligi mumkinligini ham tan oldi.

Joze Mourino avval ham bu o‘yinchini qo‘yib yuborishga tayyor ekanini bildirgandi. Klub xo‘jayinlari Dzanolo transferidan tushadigan daromadni oshirish uchun futbolchi bilan shartnomani yangilab, unga o‘zlari istagan badal pulini qo‘shmoqchi. Hozircha, Dzanoloning transfer summasi 33 million evroni tashkil qilmoqda. 

3227375-66064768-2560-1440_4

Italiyalik futbolchining o‘zini tarbiyalagan klub bilan amaldagi kelishuvi 2024 yilning yozigacha davom etadi. Tyagu Pinto mavsum oxiriga qadar etakchi o‘yinchi bilan bitimni yana ikki yilga uzaytirib, unga 3,5 million evro maosh berishni taklif qilmoqchi bo‘lib yurgandi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Milan” mutasaddilari ham qishki transferlar oynasi yopilishi bilan Dzanoloning agentlariga murojaat qilib, o‘yinchini yozda xarid qilish niyatini bildirgan. Milanliklar ayni paytda “Roma”ga beriladigan taklif ustida ish olib borayotgani ma’lum.

O‘yinchiga jiddiy qiziqish bildirayotgan “Yuventus” o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda transfer summasiga turinlik o‘yinchilardan birini qo‘shib berishni ko‘zlayapti. Hozircha, turinliklar Dzanolo “Yuventus”ga keladigan bo‘lsa, uning o‘rniga 21 yoshli markaziy hujumchi Moyze Kinni Rimga jo‘natishga qaror qilgan.

Ta’kidlash joizki, bu transfer amalga oshsa, Eldor Shomurodovning klub ichidagi raqobatchilari orasiga yana bir kuchli futbolchi qo‘shiladi. Moyze Kin markaziy hujumchi bo‘lishiga qaramay, xuddi legionerimiz kabi qanot hujumchisi vazifasini ham yaxshi uddalay oladi.

Kin yosh bo‘lsa-da, Evropa futbolida o‘z nomiga ega. U A Seriyadagi debyutini 2016 yili 19 noyabr kuni “Yuventus” safida nishonlagan. Italiya grandi tarkibida 16 ta uchrashuvda 7 ta to‘p kiritgan hujumchi keyinchalik “Verona”, “Everton” va “Pari Sen-Jermen” klublarida to‘p tepdi. O‘tgan yili yozda Turinga qaytib keldi.

Moyze Kin joriy mavsumda A Seriya va UEFA Chempionlar ligasida jami 22 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga to‘rtta gol va bitta golli pas yozdirib qo‘ydi. Shuningdek, Italiya milliy terma jamoasida o‘nta uchrashuvda to‘rtta gol urgan.

Tabiiyki, Joze Mourino Italiya, Angliya va Frantsiya chempionatlarida to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilgan o‘yinchini o‘z jamoasiga qo‘shib olishga qarshilik qilmaydi.

463307

Qolaversa, turinliklar zaxira varianti sifatida rimliklarga Ueston Makkennini olishni ham taklif qilmoqda.

Amerikalik yarim himoyachi maydon markazida bir necha pozitsiyalarda samarali o‘ynashga qodir. Bundan tashqari, avval Bundesligada ham o‘zini ko‘rsatgan bu o‘yinchi golli hujumlarda ishtirok etishni  xush ko‘radi.

Makkenni bu mavsumda Italiya chempionati, mamlakat Superkubogi va Chempionlar ligasida 23 marotaba maydonga tushib, to‘rtta gol muallifi bo‘ldi.

Mutaxassislar Nikolo Dzanoloning o‘zi ham kuchliroq klublarda to‘p tepishga qarshi emasligini ta’kidlamoqda. Italiya futbolining ko‘zga ko‘ringan etakchilaridan biri bo‘lgan hujumkor futbolchi “Roma”da safida 2018 yildan beri to‘p tepmoqda va hali biror sovrinni qo‘lga kiritgani yo‘q.

2019 yilning 23 mart kuni Italiya terma jamoasi safidagi debyutini nishonlagan Nikolo shu kunga qadar etti marotaba maydonga tushib, ikki marta gol urishga ham erishgan.

Nikolo joriy mavsumda A Seriya, UEFA Konferentsiyalar ligasi va Italiya kubogida jami 26 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi va besh marta jamoadoshlariga golli pas uzatdi.

3e2JqCB

Shomurodov eshitdingmi, “Roma”ga hakam yordam berarkan!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!