
Bu turda chempion va Superligani tark etuvchi ikkinchi jamoa nomi aniq bo‘ladi...mi yoxud mutaxassis nima deydi?
Coca-Cola Superliga ham nihoyalab qoldi. 22 hamda 24 noyabr kunlarida 25-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Ushbu turda ko‘p masalaga oydinlik kiritilishi kutilmoqda.
Taniqli sobiq futbolchilardan biri Sherzod Rayimjonov 25-turdan o‘rin olgan 7 ta juftlik bo‘yicha munosabat bildirdi.
22 noyabr
“Turon” – “Andijon”
- Yaypanda chiroyli o‘yin bo‘ladi, maydoni yaxshi. “Turon” yosh jamoa bo‘lishiga qaramay, oxirgi imkoniyatini ishga soladi. “Andijon” ham ayniqsa ikkinchi davrada yaxshi o‘yinlar ko‘rsatyapti. Chempionat oxirini ham yaxshi notada yakunlashni istashmoqda. Keyingi yilga jamoada qolish niyatida bo‘lgan futbolchilari ham o‘zlarini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Imkoniyatlarga kelsak, 40\60 “Andijon” foydasiga.
“Buxoro” – OKMK
- Bu o‘yin ham “Turon” – “Andijon” uchrashuviga o‘xshagan. Buxoroliklar o‘z uyida muxlislari qarshisida chempionatdagi oxirgi uchrashuvini o‘tkazadi. Ulug‘bek Baqoevni eskitdan yaxshi bilamiz. Jamoasi qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar har bir bahsga jangovar kayfiyatda chiqadi. OKMK ham o‘zbek futbolini bayroqdorlaridan biri hisobida o‘zining markasini ushlab turishga harakat qiladi. 3-4-o‘rinlarga imkoniyati bor. Lekin “Buxoro” ham “tishi”ni ko‘rsatsa kerak. Imkoniyatlar 50\50.
23 noyabr
“Bunyodkor” – “Metallurg”
- Bu uchrashuvga keladigan bo‘lsak, ikkala jamoa turnir jadvalida hech qanday sovrinli o‘rinlarda yoki autsayderlar qatorida ham emas. Xudo xohlasa, chiroyli va toza o‘yin ko‘ramiz. Lekin “Bunyodkor”ning imkoniyatini yuqoriroq baholayman. Bu borada mezbonlarning imkoniyati 60\40.
“Neftchi” – “Qizilqum”
- Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida oxirgi o‘yin. “Neftchi” bu yil har taraflama muxlislarni va rahbarlarni nigohida ancha shov-shuv ko‘tardi. “Qizilqum” esa elitada jon saqlab qolishga harakat qilyapti. Ammo o‘ylaymanki, Levchenko shogirdlari o‘z maydonidagi oxirgi uchrashuvni ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, “Neftchi” jamoasi uch ochkoni qo‘lga kiritadi – 65\35.
“Nasaf” – “So‘g‘diyona”
- Bu o‘yin ham juda qiziqarli bo‘ladi. Ustoz va shogird qarama-qarshiligi, ya’ni, Ro‘ziqul Berdiev hamda Ivan Boshkovich to‘qnashuvi. Chiroyli uchrashuv ko‘ramiz, degan niyatdamiz. Ammo klass bo‘yicha “Nasaf” o‘z saviyasini ko‘rsatadi. Chempionlikka ham imkoniyati bor. O‘zbekiston Kubogini yutdi. Bu juftlikda 70\30 “Nasaf” foydasiga.
24 noyabr
“Olimpik” – “Navbahor”
- Turning eng markaziy o‘yinlaridan biri deb hisoblayman. Elitaning eng yosh jamoasi tarkib jihatidan elitaning eng kuchli klubiga qarshi. Chunki “Navbahor” 2023 yilda O‘zbekiston Superligasida ijrochilar nomidan sanaydigan bo‘lsak, eng grand jamoa hisoblanadi. “Navbahor”ni ham hali chempionlikka imkoniyati bor. “Jar” stadionida juda qiziqarli bellashuvni ko‘ramiz va imkoniyatlar 50\50.
“Surxon” – “Paxtakor”
- Turning oxirgi o‘yini. “Surxon”ning “Olimpik”ga qarshi uchrashuvini ko‘rdik. “Paxtakor” jamoasi chempionlik yo‘lida jiddiy kurashyapti. Agar uchrashuv Termiz shahrida “Surxon”ning o‘z uyida bo‘lganida boshqacha fikr bildirgan bo‘lardim. Ammo bu safar “Surxon” qog‘ozda uy jamoasi bo‘lgani bilan “Paxtakor”ning stadionida o‘ynaydi. Menimcha, “Paxtakor”ni bu taraflama ham imkoniyati yuqoriroq. Klub chempionlik masalasini oxirgi turga qoldirmaydi. Shuning uchun imkoniyatlar 30\70 “Paxtakor” foydasiga.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar