Bugun 11 nafar bokschimiz final yo‘llanmasiga ega chiqdi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Olimpiya shaharchasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tayapti. Bugun ham kichik o‘smirlar o‘rtasidagi yarim final bahslari davom etdi.
- 33 kg dagi vakilimiz Shamshod Komilov qozog‘istonlik Sayat Rahimberdiga qarshi ringga ko‘tarildi. Murosasiz jangda Komilov afsuski 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqani bronza bilan yakunladi!
- 37 kg: Fayozbek Noraliev ham yarim final bahsida ringga ko‘tarildi. Unga ham qozog‘istonlik Sultangali Nurmahan raqiblik qildi. Jang juda qiziqarli tus oldi va yakunda Noraliev 5:0 hisobida zafar quchdi va finalga yo‘l oldi!
-40 kg: Jasurbek Hayrullaev ham yarim final bosqichida ringga ko‘tarildi. Unga Hindiston vakili Nitin raqiblik qildi. Qiyin kechgan jangda Hayrullaev harakter ko‘rsata oldi va 3:2 hisobida zafar quchib, finalga yo‘l oldi.
-43 kg: Adizbek Ilhombekov ishtirokidagi yarim final bahsi yakunlandi. Unga bu bosqichda hindistonlik Samir Bohra raqiblik qildi. Vakilimiz imkon qadar harakat qildi. Biroq yakunda 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va bronza medali bilan musobaqani yakunladi.
-46 kg: Mansur Abduhamitov ham yarim final jangini o‘tkazdi. Unga bu bosqichda hindistonlik Meitei Oina duch keldi. Jang juda shiddatli kechdi va Abduhamitov 3:2 hisobida zafar quchib, finalga yo‘l oldi.
-49 kg: Sardor Omonboev va hindiston Parshant qarama-qarshiligi o‘z nihoyasiga yetdi. To‘liq 3 raund davom etgan jangda Omonboev raqibini bir bor nokdaun holatiga tushirib, yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bizda yana bir finalchi!
-52 kg: Javohir Ne’matjonov yarim final jangida Saudiya Arabistoni vakili Riyad Almusihga qarshi bahs yuritdi. Raqibidan bir bosh ustun ekanligidan ko‘rsatgan vakilimiz 5:0 hisobi bilan g‘alaba qozondi va finalga yo‘l oldi.
-55 kg: Boburmirzo Murodov yarim final bahsida janubiy koreyalik Jihoo Li bilan bahs yuritdi. Har jabhada ustunlikka erishgan vakilimiz 5:0 hisobida zafar quchdi. Bizda yana bir finalchi!
-61 kg: Azizbek Egamberganov ishtirokidagi yarim final jangi ham yakunlandi. Unga bu bosqichda Qirg‘iziston vakili Daniyar Abdilatipov raqiblik qildi. Qiziqarli o‘tgan jangda vakilimiz 4:1 hisobida g‘alabaga erishdi va finalga yo‘l oldi!
-64 kg: Samandar Jo‘raboev ham yarim final jangini o‘tkazdi. U qozog‘istonlik Dinmuhammad Moldaxan bilan finalga yo‘l olish masalasini hal qilib oldi. Qiziqarli jang, murosasiz to‘qnashuv, yakuniy natija 4:1 Jo‘raboev foydasiga!
-58 kg vazn toifasidagi vakilimiz Abdulloh Karimjonovning yarim finaldagi raqibi tojikistonlik Muhammadjon Sulaymonov jarohat sababli janga chiqa olmagan va Karimjonov to‘g‘ridan- to‘g‘ri finalga yo‘l olgan.
-67 kg: Bobur Niyazov yarim final bahsida qozog‘istonlik Janay Amanjan bilan to‘qnash keldi. Har ikkisi o‘zlarining ajoyib harakatlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdi. Yakuniy natija esa qozog‘istonlik Amanjan foydasiga 4:1 ko‘rinish oldi. Bizda navbatdagi bronza!
-70 kg: O‘lmasbek Satimov yarim finalda janubiy koreyalik Beomegun Seoga qarshi ringga ko‘tarildi. Vakilimiz qiyin jangda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Bizda yana bir finalchi!
+70 kg: Ibrohim Mirzakarimov yarim final bahsida hindistonlik Sushant Jayanga qarshi ringga ko‘tarildi. Kuchli zarbaga ega bo‘lgan vakilimiz jangni ko‘tarinki kayfiyatda boshladi va birinchi raunddayoq muddatidan avval texnik nokaut bilan g‘alabani qo‘lga kiritib, finalga yo‘l oldi.
Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Fikrlar