
Bugun bizga begona bo‘lmagan "Ayntraxt" EChLda debyut qiladi
"Ayntraxt" Frankfurt uchun tarixiy voqea: bugun Chempionlar ligasi madhiyasi ilk bor "Deutsche Bank Park" uy stadionida yangraydi! Debyut uchrashuvida “burgutlar” Lissabonning “Sporting” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Frankfurtning “Ayntraxt” jamoasi ushbu mavsumda Chempionlar ligasida debyut qilgan yagona jamoa bo‘ldi. "Sporting"ga kelsak, bu portugaliyaliklar uchun turnirdagi o‘ninchi ishtirokidir. O‘tgan mavsumda "sherlar" Chempionlar ligasining 1/8 final bosqichiga yo‘l olishga muvaffaq bo‘lgan va unda jamoa "Manchester Siti"ga umumiy 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Avvalroq “Ayntraxt” va “Sporting” klublari rasmiy o‘yinlarda to‘qnash kelmagan. Hammasi bo‘lib "Ayntraxt" Portugaliya jamoalari ("Benfika", "Portu" va "Vitoriya Gimaraes") bilan 6 ta o‘yin o‘tkazdi va portugaliyaliklarga qarshi teng statistikaga ega: 2 g‘alaba, 2 durang va 2 mag‘lubiyat.
O‘yinda jarohati bor Sebastyan Rode o‘ynamaydi. Ehtimol, uning o‘rniga Dina-Ebimbe maydonga tushadi. "RB Leyptsig"ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Luka Pellegrini kecha jamoa mashg‘ulotlariga qaytdi va bugungi o‘yinda maydonga tushadi.
Oliver Glasner (bosh murabbiy) Chempionlar ligasidagi debyuti haqida:
“Biz o‘yinni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Chempionlar ligasi Evropa ligasidagi ajoyib o‘yinimiz uchun beriladigan mukofotdir. Endi biz klub futbolida o‘zimizni eng yuqori darajada sinab ko‘rishimiz mumkin. "Sporting" juda yaxshi jamoa va o‘tgan mavsumda 1/8 finalga chiqdi. Biz ajoyib o‘yin namoyish etmoqchimiz va muxlislarga yana bir chiroyli kechani taqdim etmoqchimiz”.
Djibril Sou (futbolchi) ham ertangi o‘yin haqida gapirdi:
“Frankfurtda Chempionlar Ligasi logotipini ko‘rib, hayajonim pir bo‘ldi. Bu "Ayntraxt" bilan bog‘liq bo‘lgan har bir kishi uchun alohida voqea. Biz g‘alaba qozonish va muxlislarimizni xursand qilish uchun katta ishtiyoq bilan o‘ynashni istaymiz”.
O‘yin bugun Toshkent vaqti bilan 21:45 da, Frankfurtdagi "Deutsche Bank Park" stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar