
Bugun O‘zbekiston futzal terma jamoasi Gvatemala bilan o‘ynaydi
Bugun futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga hal qiluvchi tayyorgarlikning ilk yig‘ini doirasida Gvatemala qarshi bahs olib boradi.
Mazkur o‘yinlar terma jamoa futzalchilarining yakunlangan mavsumdan keyingi jismoniy holatini ham ko‘zdan kechirib olish va ularni musobaqa boshlanguniga qadar optimal sport formasiga kirib olishlari uchun katta ahamiyat kasb etadi. Bu galgi jaroxat yoki diskvalivikatsiya sababli yig‘inni o‘tkazib yuboradigan futzalchilar yo‘q. Hamma sog‘lom va to‘liq tarkibda safda. Etakchi o‘yinchimiz Davron Choriev ham og‘ir jarohatdan keyin umumiy gurux bilan mashg‘ulot o‘tkazishni boshladi.
Odatda biror o‘yinlar uchun prevyu yozayotganimizda ikkala jamoalarning o‘zaro o‘yinlar tarixiga nazar solib ko‘rardik. Bu terma jamoalar shu paytgacha faqatgina bir marotaba kuch sinashgan. U ham bo‘lsa, 2021 yilda Jaxon chempionatining guruh bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur qarama-qarshilik ham jangovar, ham gollarga boy tarzda o‘tgandi. Dastavval, shimoliy amerika qit’asi vakillari ikki daqiqa ichida ikkita gol urib, hisobni ancha ishonchli ko‘rinishga keltirib oladi. Keyingi qarshi hujumning o‘zida Ixtiyor Ropiev farqni qisqartiradi. Ammo bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, huddi shu stsenariy bizning zararimizga ishlaydi. Gvatemalalik futzalchilar yana ikkita to‘p farqini yuzaga chiqaradi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Marvin Sondovalning goli afsuski, hisobni yirik ko‘rinishga keltiradi. Ammo birozdan so‘ng katta sahnaga yana Ixtiyor Ropiev chiqadi. U 25 va 35-daqiqalarda ketma-ket ikkita gol urib, o‘zining xet-trigini nishonlaydi va intrigani qaytaradi. Uchrashuv yakuniga bir daqiqa qolganda esa, gvatemalalik futzalchi avtogol muallifiga aylanib qoladi. Go‘yoki hammasi shunday tugaydigandek. Biroq, bellashuv yakunlanishiga atigi bir necha soniya qolganda, raqib baribir standartdan gol kiritib ketadi va terma jamoamiz o‘ta alamli mag‘labiyatga uchraydi.
Bugun esa hozircha yagonaligini saqlab kelayotgan, o‘sha alam bilan eslanuvchi bellashuv uchun o‘ziga hos revansh olish imkoniyati bor. Bu yo‘lda futzalchilarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Mazkur bahs soat 19:00 da “Yunusobod” sport majmuasida start oladi va “Sport” telekanali orqali jonli tarzda efirga uzatiladi
Fikrlar