
Bugun "Tottenxem" "Manchester Siti"ni mehmon qiladi yoxud Pep Mourinoning yubileyiga nimalar hozirlamoqda? (prevyu)
Terma jamoa yig‘inlari tufayli klublar futboli biroz tanaffus olishiga to‘g‘ri keldi. FIFA kunlari doirasida o‘z milliy terma jamoasiga jalb qilingan futbolchilar bugun yana o‘zlari harakat qilayotgan klublar safida javlon urishga tayyor. Jumladan, bugun Premer-liga 9-turining markaziy uchrashuvida qatnashadigan "Tottenhem" va "Manchester Siti" futbolchilari ham. Biroq ularning ba’zilari jarohat tufayli o‘z jamoalariga yordam berolmasligi ham bor gap. Quyida ularga to‘liqroq to‘xtalishni va’da qilgan holda, bir ma’lumotga e’tiboringizni qaratishni lozim deb bildik: kecha "shporlar" ustozi Joze Mourino klub postini qabul qilib olganiga roppa-rosa 1 yil to‘ldi. Demak, portugaliyalik mutaxassisda kayfiyati bayramona va buni Jozening printsipial raqibi Pep Gvardiola shunday qoldirishiga ishonish qiyin. Boz ustiga, Pep yaqindagina "shaharliklar" bilan yangi shartnoma imzoladi va ushbu o‘yinda qozoniladigan g‘alaba arab milliarderlari ishonchini oqlash uchun qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘lishi shubhasiz.
"Tottenhem"
Ayni paytdagi "shporlar"ni "Siti"dan kuchsiz, deb kim ayta oladi? Turnir jadvalida 2-o‘rinda joylashgan londonliklar ajoyib sermahsullik namoyish etmoqda. Ular 8 turda 19 ta gol urib, bu borada faqatgina "Chelsi"dan ortda boryapti. Himoyaviy o‘yin tarafdori sifatida yodimizda qolgan Mourino o‘z uslubini o‘zgartirayotganligi quvonarli holat. Xarri Keyn va Son o‘zining kuchli o‘yinlarini ko‘rsatmoqda. Himoya ko‘rsatkichlari ham yomon emas: "Tottenhem" eng kam gol o‘tkazgan 4 klubdan biri. Faqatgina, bugun jamoasiga yordam bera olmaydigan Mett Doerti Mourinoni o‘ylantirish mumkin. Jamoada boshqa muammo yo‘q. Muhimi, jamoada tartib bor va bu natijalarda ham o‘z aksini topmoqda. "Shporlar" APLdagi eng uzoq davom etayotgan mag‘lubiyatsiz seriyani qayd etyapti: 5 g‘alaba va 2 durang. O‘zaro o‘yinlarda ham londonliklar oldinda ekanligiga nima deysiz?! O‘tkazilgan 46 o‘yinning 24 tasida "Tottenhem" zafar quchgan. "Shaharliklar" 15 bahsni o‘z foydasiga hal etgan bo‘lsa, 7 uchrashuvda jamoalar murosa ko‘chasini tanlagan.
Taxminiy tarkib: Loris, Ore, Alderveyreld, Dayr, Regilon, Xyoyberg, Uinks, Sissoko, Beyl, Son, Keyn.
Joze Mourino: "Agar bir yil ortga qaytganimda ham ushbu klub bilan hech ikkilanmay shartnoma imzolagan bo‘lardim. Bizda ajyoib tarkib bor. Ushbu yigitlar bilan ko‘p narsaga qodirmiz. Premer-ligadagi natijalarimiz menga yoqyapti. Lekin bundan ko‘prog‘iga qodirmiz".
"Manchester Siti"
Bu mavsum "Manchester Siti" APLning eng tushunarsiz jamoasiga aylanib bormoqda. Sermahsullik borasida aksariyat klublarga master-klass o‘tay oladigan "shaharliklar" ortda qolgan uchrashuvlarda o‘ziga o‘xshamayapti. Bunga qaysidir ma’noda ikki markaziy hujumchining jarohat olganini ham sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Biroq Gvardiola shogirdlarining Chempionlar Ligasidagi natijalariga nima deysiz?! 3 o‘yinda 9 ta gol urgan "Siti" APLdan ko‘ra evrokubokka ko‘proq e’tibor qaratayotgandek ko‘rinmoqda. Bu taxminning noto‘g‘riligini isbotlash bugun manchesterliklar g‘alaba qozonishi va jamoa egalari yaratib berayotgan imkoniyatlarga munosib javob qaytarishi mumkin. Jarohat olgan Sterling, Ake kabi futbolchilarni hisobga olmasak, Gvardiola qo‘lidagi "kartalar" juda katta qiymatga ega.
"Manchester Siti": Ederson, Uoker, Diash, Lyaport, Kanselu, Rodri, Gyundogan, De Bryuyne, Foden, Torres, Jezus.
Pep Gvardiola: "Hozirgi paytda sovrinlar haqida o‘ylamayapman. O‘tgan 3 yil mobaynida ham yomon natijalar qayd etmadik. Bu qanchalik qiyin bo‘lganligini bilaman. Qo‘l ostimdagi futbolchilardan ko‘nglim to‘q. Aynan ular tufayli hamon shu erdaman. Biz o‘zimizning eng kuchli o‘yinlarimizni ko‘rsatishda davom etishni istaymiz".
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar