
Bundesligada porlagan yulduzlar. (3 qism)
Bundesligada porlagan yulduzlar haqida suhbatimizni davom ettiramiz.
Miroslav Kloze (“Kayzerslautern”, “Verder”, “Bavariya”)
21 yoshida “Xomburg”dan “Kayzerslautern”ga kelgan Miro Bundesligadagi “sayohat”ini boshladi. Murabbiy Andreas Bryome uni markaziy hujumchi sifatida sinab ko‘rdi va Kloze bu pozitsiyada o‘zini eng yaxshi sifatlarini ko‘rsatdi. “Kayzer”dagi muvaffaqiyatli o‘yinlari sabab Miroslav terma jamoaga chaqirildi va 2002-yilgi Jahon chempionatida Germaniya sharafini munosib himoya qildi. Birinchi o‘yinidayoq Birlashgan Arab Amirligi darvozasiga 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik “Verder” safiga o‘tgan futbolchi “Musiqachilar” safidagi ikkinchi mavsumida barcha turnirlarda 31 ta gol urib jamoaning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi. 2006-yilgi mundialda Kloze 5 ta gol bilan musobaqa to‘purariga aylandi. Shundan so‘ng esa u “Bavariya” safiga o‘tdi va u erda eng yaxshi yillarini o‘tkazdi. Faoliyatini “Latsio”da yakunlagan forvard Jahon Chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.
Emre Djan (“Bavariya”, “Bayer”)
Germaniya chempioni, Germaniya kubogi va superkubogi sohibi, 2013-2014 yilgi Chempionlar ligasi g‘olib bo‘lgan Djan “Bavariya” bilan bu sovrinlarga ega chiqqan bo‘lsa-da, ammo jamoa safida bor yo‘g‘i 214 daqiqagina o‘ynagan, xolos. Keyinchalik “Bayer”da o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Germaniyadagi uncha yorqin bo‘lmagan faoliyatidan so‘ng Emre Angliyaga yo‘l oldi. “Liverpul” safida Brendan Rojers, keyin esa Klopp qo‘l ostida rivojlanishni boshladi. Hozirda “Yuventus” safida bo‘lgan Emre asosiy tarkibdan o‘ziga joy kafolatlay olmadi. Sarri uni Chempionlar ligasi qaydnomasiga ham kiritmadi.Demak, katta ehtimol bilan uni boshqa jamoada ko‘rishimiz mumkin.
Leroy Sane (“Shalke 04”)
2014-15 yilgi mavsumda Chempionlar ligasida “Shalke”ning “Real”ga qarshi o‘yinidan so‘ng ko‘pchilik Sane ismini taniy boshladi. Futbolchi Iker Kasilyas darvozasida juda chiroyli gol urgandi. Germaniyadagi ajoyib o‘yinidan so‘ng, uning xizmatlariga “Man Siti” qiziqa boshladi va futbolchini sotib oldi. Pep qo‘l ostida Leroy porlay boshladi. 2 mavsum avval esa APLning eng yaxshi yosh futbolchisi sovriniga ega chiqdi.
Mixael Ballak (“Xemnitser”, “Kayzerslautern”,”Bayer”,”Bavariya”)
Ballak Germaniya tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi. 1997-yil “Xemnitser” safidan “Kayzer” safiga kelib qo‘shilgan germaniyalik futbolchi birinchi mavsumidayoq chempion bo‘lgandi. O‘sha yili “Kayzer” ikkinchi diviziondan kelganiga qaramasdan sensatsion natija ko‘rsatib oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
Leverkuzenga o‘tgach Ballak yorqin faoliyatini boshladi. “Bayer” safidagi o‘yinlari sabab Germaniya terma jamoasining ham asosiy figurasiga aylandi. Keyinchalik esa “Bavariya”da o‘z omadini sinab ko‘rishni istagan futbolchi 3 marta mamlakat chempioni va kubok sohibiga aylangan. 2006-yilda esa Tumanli Albionga yo‘l oladi va u erda “Chelsi” bilan sovrinlar yutishni davom ettiradi.Faoliyatini o‘ziga qadrli bo‘lgan “Bayer”da yakunlagan Ballak, yosh avlodga munosib o‘rnak bo‘la oldi.
Sami Xedira (“Shtutgart”)
2004-yil “Shtutgart” yoshlar jamoasida faoliyatini boshlagan Sami bir qancha yil jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Aynan uning “Energi”ga urgan goli 2007-yilda “Shtutgart”ga chempionlikni olib kelgandi. 2010-yil yozida Sami “Real Madrid”ga o‘tadi va u erda o‘z pozitsiyasida dunyodagi eng yaxshi futbolchilardan biriga aylanadi. 2014-yilda esa bir mavsumning o‘zida Chempionlar ligasini va Jahon Chempionatini qo‘lga kiritgan futbolchi sifatida tarixga kirgan.
Fikrlar
Shu yerda.
E'tibor uchun rahmat