"Buni kim o‘ylab topdi, ekan? - "Metallurg" bosh direktori bosh murabbiy masalasi va yangi rejalari xususida

  • 10 noyabr, 2022, 09:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bekobodning “Metallurg” klubi joriy mavsumda qanday o‘yin ko‘rsatganini bilasiz. Jamoa ispaniyalik murabbiy Luisma Ernandes qo‘li ostida o‘zidan yomon taassurot qoldirgani yo‘q.

“Metallurg” bir qator jamoalarga hamon noqulay raqib bo‘lib kelmoqda. Ammo ularning imkoniyati hozirgi holatidan ham yuqoriroqqa ko‘tarilishga qodir edi. Chempionatni 9-o‘rinda yakunlaydimi yoki undan yuqoridami, pastdami, buni oxirida bilamiz.

So‘nggi paytlarda mazkur klub atrofida ham turli gap-so‘zlar paydo bo‘lyapti. Sports.uz muxbiri jamoa bosh direktori Shavkat Saidov bilan aloqaga chiqdi.

- Xabaringiz bor, 2021 yilga nisbatan 2022 yilda jamoamiz tarkibi 70-80 foizga o‘zgardi, - deya gap boshladi, Saidov. - Ispan mutaxassisi boshchiligida yil yakuniga etyapti. Umuman olganda, qoniqarli. Lekin tashkiliy tomonlarini, hamma vaqt sharoitlar, moliyaviy jihatdan hech qanaqa e’tiroz yo‘qligini hisobga olganda, oldimizga 5-6-o‘rinlarni egallash vazifasi qo‘yilgandi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, futbolda o‘sish va pasayish bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu yil biroz barqarorlik bo‘lmadi. Shuning hisobiga ko‘p duranglar bo‘ldi. Jamoamizning himoyaviy o‘yiniga e’tirozlar yo‘q. Hujumda muammolar ko‘zga tashlandi. Statistik ma’lumotlar ham ko‘rsatib turibdiki, kam gol urganmiz. Oxirida yana bir o‘yin bor va imkoniyatimiz yomon emas. Bir so‘z bilan aytganda, natijalarni qoniqarli, deb hisoblasak bo‘ladi. Yangi murabbiy, yangi tarkib bilan yomon qatnashmadik.

shavkat saidov

- Bosh murabbiy Luisma Ernandesning klubdagi keyingi taqdiri nima bo‘lishi qiziqtiryapti. “Metallurg”ni murabbiy bo‘yicha pozitsiyasi qanday? Hamkorlik davom ettiriladimi yoki...

- Aslini olib qaraganda, har bir murabbiy yoki futbolchi bilan shartnomasi nihoyasiga etayotganiga olti oy qolganida albatta rahbariyat tomonidan qandaydir qarorga kelishi kerak. Chunki ularni kelajakdagi rejalari bo‘ladi. Shunga asosan shartnomani tezroq uzaytirish yoki bekor qilish kerak bo‘ladi. Rahbariyat bilan kelishgan holda bosh murabbiy masalasiga oxirgi turdan keyin oydinlik kiritiladi. Bizning yagona homiyimiz – “Uzmetkombinat”. Uning har doim keyingi yil uchun rejalari mavsum yakunidan keyin bo‘ladi. Hozircha bu haqida aniq bir nima deya olmayman. Luisma Ernandesning ko‘rsatgan natijalarini qoniqarsiz deb hisoblamayman. Lekin bundan ham yaxshi natijalarga erishish mumkin edi.

- U bilan tuzilgan shartnoma nihoyasiga etyaptimi?

- Ha, bu yil tugaydi.

- Klub uning o‘rniga Piter Xyuistra va yana boshqa mutaxassislar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida eshitmoqdamiz. Bular haqiqatga to‘g‘ri keladimi?

- Men ham bu xususida ijtimoiy tarmoqlarda o‘qidim. Men uchun bu yangilik bo‘ldi. Xyuistra bilan hech qanday muzokara olib borilmagan. Bilmadim, buni kim o‘ylab topdi, ekan? Masalan, meni umuman xabarim yo‘q.

luisma4_3

- Umuman, qaysidir murabbiylar bilan muzokaralarga kirishganmisizlar?

- Yo‘q, hozircha bosh murabbiy nomzodi haqida gap bo‘lgani yo‘q va ko‘rib chiqilmayapti ham. “Uzmetkombinat”da har yili dekabr va yanvar oylarida nafaqat futbol, balki boshqa yo‘nalishlarda ham yil yakunida sarhisob qilinadi. Chunki kombinatimiz tartibi shunaqa. Shuning uchun hozircha bu savol ochiq qoladi.  

- Futbolchilar masalasida rejalar qanday? Masalan, shartnomani uzaytirish yoki hamkorlikni to‘xtatish yuzasidan aniq ma’lumotlar ko‘rib chiqilyaptimi?

- Rejalarimizni bosh murabbiy bilan ham ko‘rib chiqdik. 90 foiz futbolchilarimiz bilan ikki yillik shartnomalar bor. Ba’zi-bir yoshlar bilan uch yillik shartnoma qilingan. Faqat 2-3 nafar o‘yinchining bitimi yakuniga etyapti. Ammo biz ham o‘zimizga yarasha rejalar tuzyapmiz. Ayniqsa, hujum va yarim himoyani kuchaytirish haqida o‘ylayapmiz. Kelgusida 4-5 nafar yangi futbolchilar bo‘lishi mumkin. Rahbariyat bizga legionerlar masalasida imkoniyat beryapti. Kelasi mavsumga legionerlar ham kelishi kutilmoqda.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!