"Bunyodkor" - AGMK uchrashuviga oid ma’lumotlar

  • 16.10.2019 14:30
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston Kubogi yarim finalida ketma-ket ikki yil mag‘lub etilgan "Bunyodkor" Superliganing navbatdagi turida yana olmaliqliklarga raqiblik qiladi. 

AGMK matbuot xizmati ushbu bellashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Bo‘lajak o‘yin ushbu jamoalarning o‘zaro umumiy hisobdagi 31-uchrashuviga aylanadi. AGMK va "Bunyodkor" qarama-qarshiligi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tkazilgan o‘yinlarda 5 marotaba AGMK g‘alabani tantana qilgan, 6 bor durang qayd etilgan va 19 marta "Bunyodkor" g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati ham "qaldirg‘ochlar" foydasida: 61-31.

Joriy mavsum hisobidan mazkur o‘yin ushbu jamoalarning to‘rtinchi bellashuviga aylanadi. Qizig‘i, "Bunyodkor" va AGMK joriy mavsumda uchta frontda ham o‘zaro to‘qnash keldi. Dastlab chempionat doirasida o‘tgan Olmaliqdagi bahsda sobiq futbolchimiz Lutfullo To‘raevning goli "Bunyodkor"ga g‘alaba keltirgan bo‘lsa, Liga kubogi va O‘zbekiston kubogida AGMK "qaldirg‘ochlar"ni dog‘da qoldirishni uddaladi.

Ayni paytda Superliga turnir jadvalida "Bunyodkor" 35 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinni egallab turibdi. AGMK hisobida esa 22 ochko mavjud va olmaliqliklar 10-pog‘onada.

Superliganing 22-turi doirasidagi "Bunyodkor" - AGMK o‘rtasidagi o‘yin Toshkentdagi "Bunyodkor" o‘yingohida 18 oktyabr kuni soat 17:30da boshlanadi. Bir kun avval, ya’ni 17 oktyabr kuni soat 17:00da "Bunyodkor" akademiyasi maydonida esa Yoshlar birinchiligi doirasida "Bunyodkor" va AGMK yoshlari (U-21) o‘zaro bahs olib borishadi.

Superliga, 22-tur

18 oktyabr

“Bunyodkor” – AGMK

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!