"Bunyodkor" sobiq futbolchisini ortga qaytardi. U endi sport direktori!
“Bunyodkor” klubi chempionatda munosib ishtirok etishdan tashqari infratuzilmasi va tashkiliy tomonlama ham boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelishi bor gap. Buning uchun jamoada talabchanlik yuqori bo‘lib, shunga yarasha kadrlar ish olib boradilar.
Kuni kecha xabar berib o‘tganimizdek, klubda bosh direktor o‘rinbosari sifatida Zokirjon Holiqov ish boshladi. U reja va loyihalari haqida saytimiz muxbiriga gapirib berdi. Bundan tashqari, “Bunyodkor” klubida yana bir mutaxassis ish boshlaganini ma’lum qilmoqchimiz. Muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan sobiq futbolchi – Islom Inomov ham “Bunyodkor” strukturasida faoliyatini boshladi. Gap shundaki, u klub sport direktori lavozimiga qabul qilindi.

39 yoshli Inomovning “Qaldirg‘ochlar” a’zosiga aylangani to‘g‘risida “Bunyodkor” rasmiy sayti ham xabar berib o‘tdi. Bilganimiz shuki, Inomovni oxirgi marta “Buxoro” klubi murabbiylar shtabida ishlayotgani xususida eshitgandik. Ko‘rib turganingizdek, u endi “Bunyodkor”da. Shuni aytish mumkinki, Islom “Bunyodkor”da ilgari futbolchi sifatida to‘p surgan. 2011 hamda 2014 yilgi mavsumlarda “Qaldirg‘ochlar” sharafini himoya qilgan.
Yaxshi bilasiz, Inomov O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham bir necha yillar mobaynida o‘ynagan. U bosh jamoamiz tarkibida 37 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 2 ta gol urgan. Shuningdek, 2003 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchisi ham sanaladi. Umumiy ma’noda, Islom Inomov O‘zbekiston chempionatida jami 350 dan ziyod uchrashuvlarda maydonga tushgan holda o‘z hisobiga 17 ta gol yozib qo‘ygan. Bu esa tabiiyki, himoyachi uchun yaxshi ko‘rsatkich.

Inomov 2004, 2006, 2007 va 2011 yillarda O‘zbekiston chempioni degan yuksak sharafga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, mos ravishda 4 marta O‘zbekiston Kubogini ham qo‘lga kiritgan. Endilikda, Islom futbolda to‘plagan bilim va tajribasini “Bunyodkor”da sport direktori sifatida ishga soladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar