"Bunyodkor" yosh futbolchilari va murabbiylari "Dinamo" Zagreb tomon yo‘l oldi

  • 11 avgust, 2022, 02:25
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-sonli Farmonida futboli taraqqiy etgan Xorvatiyadek yurtlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Yosh futbolchilarni Xorvatiyadek mamlakatlarga ko‘rikka, murabbiylarni esa stajirovkalarga yuborish masalalari zikr etilgan.

Zagrebning jahonga mashhur “Dinamo” futbol klubi bilan o‘zaro memorandumga asosan, 2022 yilning 10-18 avgust kunlari oralig‘ida “Bunyodkor” futbol akademiyasining 5 nafar iqtidorli yosh futbolchilari ko‘rikka, 5 nafar murabbiylar esa amaliyot o‘tashga Xorvatiyaga yuborilmoqda. Bemalol aytish mumkinki, bu voqealik o‘zbek futbolida o‘ziga xos va alohida o‘ringa ega bo‘lyapti.

“Qaldirg‘ochlar” delegatsiyasi Zagrebga Istanbul orqali 9 avgust kuni tunda uchib ketdi.

Adolatli konkurs asosida o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra, “Dinamo”da ko‘rikdan o‘tgani quyidagi iste’dodli futbolchilar tanlab olindi:

1. Ollabergan Karimov, 2006 yil, hujumkor yarim himoyachi.
2. Abdulhamid Ikromov, 2006 yil, hujumkor yarim himoyachi.
3. Zikrilloxon Muxtorov, 2006 yil, o‘ng/chap qanot yarim himoyachisi.
4. Shohruhxon Qahhorov, 2006 yil, chap qanot himoyachisi.
5. Azizbek To‘lqinbekov, 2007 yil, tayanch yarim himoyachisi.

Amaliyot o‘tashga tanlab olingan murabbiylar tarkibi esa quyidagicha:

1. Jamoliddin Rahmatullaev, “Bunyodkor” U-19 jamoasining yangi bosh murabbiyi, O‘zbekiston U-16o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi.
2. Ulug‘bek Boqiev, akademiya 2006 yillar jamoasi murabbiyi.
3. Mirkamol Qosimov, “Bunyodkor-2” jamoasi yordamchi murabbiyi.
4. Aziz Hoshimov, akademiyaning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyi.
5. Aleksey Roshin, akademiya darvozabonlar bo‘yicha murabbiylarining katta murabbiyi.

Yana bir e’tiborga molik ma’lumot sifatida shuni aytish mumkinki, “Bunyodkor” a’zolari 13 avgust kuni Xorvatiyadagi eng mashhur qarama-qarshilikning guvohi bo‘lishadi. Shu kuni ular mamlakat chempionatining “Dinamo” Zagreb – “Xayduk” bahsini bevosita “Maksimir” stadionida kuzatadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!