
"Burgutlar" "Paxtakor" stadionida, ammo mezboni boshqa yoxud raqamlardagi ustunlik qanchalik foyda beradi?
“Andijon” 2-tur uchrashuvini ham yana mehmonda o‘tkazadi. Bu safar Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida “Surxon” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Xabaringiz bo‘lsa, “Surxon” uy o‘yinlarini vaqtincha mezbon sifatida “Paxtakor” stadionidan foydalanib turibdi.
Chempionatning dastlabki turida “Surxon” OKMKga qarshi uchrashuvda 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, “Andijon” Qarshida “Nasaf”ni 0:1 hisobida engib qaytdi. Hozirda asosiy e’tibor “Surxon”ga qarshi bahsga qaratilgan.
Ushbu jamoalar oxirgi bor 2021 yili o‘zaro to‘qnash kelishgan. Andijondagi uchrashuvda maydon egalari 1:0 hisobida g‘olib chiqqan. Ikkinchi davradagi to‘qnashuvda “Surxon” 2:0 hisobida ustun kelgan.
Mazkur klublarning chempionatimiz tarixidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasiga keladigan bo‘lsak, bunga qadar “Surxon” va “Andijon” 30 marotaba maydonda to‘qnashishgan. Qarama-qarshiliklardagi ustunlik “Burgutlar” tarafida.
Bu raqamlarda ham aks etgan. Aytaylik, “Surxon”ning hisobida 9 ta, “Andijon”da esa 16 ta g‘alaba bor. 5 ta o‘yinda kuchlar teng kelib qolgan. To‘plar nisbati 37\57 “Andijon” foydasiga.
Eng yirik g‘alabalar ham “Andijon”ning foydasiga hal bo‘lgan. Jumladan, 5:1, 6:2, 3:0, 4:0, 0:5 natijalari bilan “Surxon” tor-mor etilgan o‘yinlar kuzatilgan. Shuning uchun ham “Andijon” klubi “Surxon”ga qarshi bellashuvlarda yaxshigina ustunlikka ega.
Har ikki jamoa tarkibida yangi mavsum oldidan o‘zgarishlar kuzatilganini bilasiz. Rahbariyatdan tortib o‘yinchilargacha yangilar taklif qilindi. Masalan, “Surxon”da bosh murabbiy mavsum boshlanishi arafasida yana o‘zgardi va Pro litsenziyasi bor bo‘lgan Sergey Arslonovga bu lavozim topshirildi. Qishki yig‘inni Sergey Tokov boshchiligida o‘tkazishdi. U ham “Oqtepa” akademiyasidan olib kelindi. Biroq unda Superligada bosh murabbiylik qilish uchun tegishli litsenziya bo‘lmagani uchun Rauf Inileev taklif qilindi. Unda bor ediyu, ammo eshitishimizcha, muddati eskirgan ekan. Bu paytda 1-tur yaqinlashib qolgandi. Keyin Sergey Arslonov nomzodi ma’qullandi. Tarkibga keyinchalik yangi o‘yinchilar taklif qilindi.
Aytish mumkinki, “Surxon”ning ilk turda OKMKga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lgani oddiy qabul qilindi. Chunki raqib “Surxon”ga qaraganda tajribaliroq edi. Termizliklarda esa yangi jamoa va endi shakllanish jarayonida. Lekin 2-turga astoydil tayyorgarlik ko‘rayotgani tabiiy. Axir kim ham ketma-ket mag‘lubiyatlar qayd etishni istaydi? Hech kim. Faqat buning uchun ular “Andijon” himoyasini yorib o‘tishi shart. Ko‘rdikki, ilk turda “Andijon” safarda “Nasaf” maydonida mezbonlarning hujumlariga bardosh bera oldi va qaytanga qarshi hujumdan gol urib yutib ketdi. Bu tomondan qaraganda, andijonliklarda hozir kayfiyat a’lo darajada. Ular ketma-ket ikkinchi g‘alabani qo‘lga kiritib, muxlislarini yana xursand qilishni va shu orqali turnir jadvalida yuqoriroq pog‘onalarga ko‘tarilmoqchi.
Darvoqe, “Andijon”ning mavsumni yoqimli g‘alaba bilan boshlaganidan keyin endi Andijondan “Paxtakor” stadioniga yanada ko‘plab muxlislarning kelishi kutilmoqda.
Bu o‘yin haqiqatan qizg‘in va hujumkor ruhda o‘tadi. Endi “Andijon” ham birinchi uchrashuvga nisbatan bu safar yanada hujumkorroq taktika asosida o‘yin qurishi mumkin. Qolganini bellashuvdagi voqealar jarayonida bilib olamiz. Bahs 11 mart kuni soat 17:00 da boshlanadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar