
"Buxoro" bilan shartnomasini uzaytirgan Muhammadievning yangi mavsum uchun rejalari qanday?
«Mavsum-2019»ni bir tekisda o‘tkaza olmagan «Buxoro» klubi sal qolsa Superliga bilan xayrlashardi. Hammasi esa oxirgi turda hal bo‘ldi. «Buxoro»ning so‘nggi turda qo‘lga kiritgan qiyin g‘alabasidan so‘ng Superligada qolish vazifasini uddaladilar. Mavsumning yarmidan jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangan tojikistonlik Muhsin Muhammadiev esa qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, «Buxoro»ni kuchlilar orasida saqlab qola oldi. Ko‘pchilikni esa murabbiyning keyingi taqdiri qanday kechishi qiziqtirayotgandi. Ya’ni, klub Muhammadiev bilan hamkorlikni yana davom ettiradimi yoki boshqa variantlar ko‘rib chiqiladimi, degan savol o‘rtaga tashlangandi. Biroq yakunda «Buxoro» tojikistonlik mutaxassis bilan yangi mavsumda ham hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shu tariqa, Muhammadievga yana ishonch bildirildi. Ayni paytda esa buxoroliklar ushbu murabbiy boshchiligida yangi mavsumga o‘z qarorgohida tayyorgarlikni olib bormoqdalar. Kuni kecha ushbu murabbiy bilan bog‘lanib, yangi mavsum rejalari, chempionat haqidagi taassurotlari, tarkibdagi o‘zgarishlar va yana boshqa masalalarda suhbatlashdik.
- Muhsin Muslimovich, jamoangiz bilan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab oldingiz. Ayting-chi, qishki rejalar qanday?
- Ha, 20 dekabrdan jamoa Buxoro shahrida yig‘ildi. Biz darhol futbolchilar bilan shartnomalar tuzishni boshlab yuborganmiz. Ammo hozircha asosan yoshlar bilan kelishuvlarga erishyapmiz. Keyingi yig‘inimiz esa 5 yanvardan 19 yanvargacha tashkillashtiriladi. Umuman olganda, biz tayyorgarlik rejalarimizni bosqichlarga bo‘lib chiqqanmiz. Masalan, keyin Toshkentda shug‘ullanamiz. Fevralda esa Turkiyada yig‘in o‘tkazishni mo‘ljallab turibmiz.
- Demak, xorijda yig‘in o‘tkazish rejasi jiddiymi?
- Hammasi byudjetga borib taqaladi. Agar bu borada hammasi joyida bo‘lsa, u holda albatta xorij yig‘iniga boramiz.
- Yangi futbolchilardan kimlar shug‘ullanyapti?
- Hozircha tarkibimizda yangi o‘yinchilardan hech kim yo‘q. Boya aytganimdek, hammasi byudjetga borib taqaladi. Biz aynan mablag‘imizga qarab futbolchilarni taklif qilamiz va shartnomalar tuzamiz.
- Yaqinda sizning klubda qolib yangi mavsumda ham «Buxoro»ni boshqarishingiz aniq bo‘ldi. Klub bilan rasman shartnomangizni uzaytirdingizmi?
- Ha, men shartnomamni uzaytirdim.
- Shartnomangizni qancha muddatga uzaytirdingiz?
- Bir yilga mo‘ljallangan.
- Unday bo‘lsa, murabbiy sifatida shaxsiy vazifa sifatida oldingizga qanday maqsadlarni qo‘ydingiz?
- Mening shaxsiy maqsadim yuqori o‘rinlar uchun kurashish. Lekin bu birgina mening xohish va ishtiyoqim bilan bog‘liq holat emas. Bilasiz, yaxshi saviyadagi futbolchilar shunga yarasha katta maosh oladilar. Baribir hammasi mablag‘ga bog‘liq. Agar byudjet yaxshi bo‘lsa, shunga yarasha o‘yinchilarni olib kelib yuqori o‘rinlarga kurashsa bo‘ladi.
- Umuman aytganda, tarkibda jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladimi?
- To‘g‘ri, biz ham jamoamizni kuchaytirmoqchimiz. Bu borada o‘zimizga kerakli bo‘lgan futbolchilar bilan gaplashmoqchimiz va kuchaytirishga harakat qilamiz. O‘yinchilar bilan muzokara olib borishga tayyormiz, ammo ular hali biz bilan shartnomaga qo‘l qo‘yishga shoshilishmayapti. Kim qolishi va kim ketishi yangi yildan keyin aniq bo‘ladi. Hozir esa bu borada dabdurustdan javob qaytara olmayman.
- Lekin eshitishimcha, jamoangiz sardori va etakchisi Salamat Quttiboevning «Metallurg»ga ketayotgani haqida gap-so‘zlar yuribdi…
- Bu hali faqat mish-mish xolos. Hozircha «Buxoro»ni rasman hech kim tark etgani yo‘q.
- Ushbu mavsumda «Buxoro»da to‘p surgan legionerlar haqida nima deya olasiz? Ishonchingizni oqlay olishdimi?
- «Buxoro»da o‘ynagan legionerlarimizni yaxshi saviyadagi futbolchilar deb hisoblayman. Milovan Kapor, Fatxullo Fatxulloev, Jaba Lipartiya kabi o‘yinchilarning jamoamizga foydagi tegdi. Albatta, chempionat davomida kimningdir o‘yini chiqdi, kimnidir o‘yini ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Lekin legionerlarimizdan ko‘nglim to‘ldi. Muhimi, biz Superligada qoldik va har bir futbolchimiz bu borada o‘z hissalarini qo‘sha olishdi.
- O‘sha legionerlar bilan yana hamkorlik davom ettiriladimi yoki…
- Albatta, ular jamoamizda qolsa yaxshi bo‘lardi. Shunday ekan, legionerlarimizni tarkibda saqlab qolish rejamizda bor. Ammo biz shu bilan birgalikda yana boshqa legionerlarni ham ko‘rib chiqmoqchimiz. Ayni paytda esa bu borada yana boshqa nomzodlarni ham ko‘rib chiqyapmiz.
- Bu mavsumda «Navbahor» safida to‘p surgan tojikistonlik himoyachi Amirbek Jo‘raboev o‘zidan yomon taassurot qoldirgani yo‘q. Aytishiga qaraganda, u bilan Tojikistonning «Istiqlol» klubida birga ishlagan ekansiz. Shu bois futbolchi siz haqingizda iliq fikrlarni bildirgandi. Uni jamoangizda ko‘rishni istaysizmi?
- Albatta, Amirbekni jamoamizga taklif qilishni xohlardik. Lekin uning shartnomasi bormi-yo‘qmi, shunisiga ham qarash kerak. Jo‘raboevni men yaxshi bilaman. Bilasizmi, uni «Navbahor»ga taklif qilishganida jamoa murabbiyi mendan bu futbolchi haqida maslahat so‘raganida ijobiy fikrlarimni aytganman. To‘g‘risi, uni «Buxoro»da ko‘rishni xohlayman.
- Muhsin Muslimovich, yakuniga etgan mavsum sizga yoqdi deyish mumkinmi?
- Mavsum kimga yoqqan bo‘lishi mumkin? Faqat «Paxtakor»ga. Chunki ular chempion bo‘lishdi va yana ikkita Kubokni qo‘lga kiritishdi. Bundan tashqari, yana ayrim klublarga ham yoqqan bo‘lishi mumkin. Superligada jon saqlab qolish uchun kurashadigan jamoalarga esa albatta mavsum yoqmasligi tayin. Axir kim ham nuqul jon saqlab qolish uchun o‘ynashni xohlardi? Xursand qilgan tomoni shundaki, biz Superligada qoldik. Shunisidan mamnunman. Yangi mavsumda esa rahbarlarimiz va muxlislarimizni yaxshi natijalarimiz bilan xursand qilishni istaymiz.
- Umuman, siz uchun qaysi jamoalar syurpriz bo‘ldi?
- Avvalo aytishim kerakki, «Paxtakor» hammadan bir bosh ustunligini ko‘rsatib, qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga haqli ravishda erishdi. Ikkinchi o‘rinni egallagan «Lokomotiv» ham kuchli jamoa sanaladi. Uchinchi o‘rinni olgan «Bunyodkor» esa nafaqat meni, balki boshqalarni yoqimli tarzda ajablantira oldi. Aynan «Bunyodkor» syurpriz ko‘rsatdi deyish mumkin. Chunki ularni yoshlar bilan uchinchi o‘rinni egallashlarini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi ham o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. «Nasaf» ham mavsumni yaxshi boshlagandi. Ammo keyinchalik ularga barqarorlik etishmadi. Vaholanki, qarshiliklar ham aslida yuqori o‘rinlar uchun kurashishga qodir jamoa edi. To‘g‘risi, «Nasaf»dan ko‘p narsa kutgandim. Qolgan klublarning barchasi esa joy-joylarida. Ya’ni, qaysi o‘rinni egallashi kerak bo‘lsa, o‘sha joylarda bo‘lishdi.
- Mutaxassis sifatida chempionatimizdagi saviya borasida ham o‘zgarishni sezdingizmi yoki yo‘qmi?
- Saviyani yomon deb ayta olmayman. Biroz bo‘lsa-da, mavsumni qiziqarliroq o‘tdi deb aytishim mumkin. To‘g‘ri, chempionatda g‘oliblik ancha oldin hal bo‘lib qoldi. Lekin 2-3-o‘rinlar uchun jiddiy kurash kechdi. Qolaversa, Superligadan tushib ketmaslik uchun ham intriga yaxshi kechdi. Jamoalar bu borada oxirigacha kurashishdi.
- Muhsin Muslimovich, sizning ushbu mavsumda «Buxoro»dagi statistikangizni qoniqarli darajada bo‘lmadi. Raqamlar shuni ko‘rsatib turibdiki, g‘alabangizdan ko‘ra durang bilan ayniqsa, mag‘lubiyatlaringiz ko‘proq bo‘ldi…
- Statistikam haqida gapiradigan bo‘lsam, to‘g‘ri ko‘proq yutqazdik va durang o‘ynadik. Lekin biz asosan safarda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdik. O‘z uyimizda esa nimagadir o‘yinimiz unchalik o‘xshamadi. Natijada o‘zimizdagi bahslarda g‘alabalarimiz kamroq bo‘ldi. Endi shu kamchiliklarimizni yangi mavsumda albatta to‘g‘rilashimiz kerak. Biz uyda ham, safarda ham yutishga harakat qilamiz. Lekin o‘z maydonimizda yutishga majburmiz. Chunki biz bunday paytda o‘z muxlislarimiz oldida o‘ynaymiz.
- «Buxoro»ni kuchaytirish masalasida gap ketar ekan, ko‘proq qaysi chiziqlarda muammolar ko‘p deb o‘ylaysiz?
- Iloji boricha barcha chiziqlarimizni kuchaytirishimiz kerak. Darvozabonimiz Rahimjon Davronovni «Mash’al»dan ijaraga olgandik. Ammo uning ijara muddati tugagan. Biz esa «Mash’al» bilan uning masalasida gaplashyapmiz. Biroq uni qaytarish biz uchun qiyin bo‘lsa kerak.
- Umuman aytganda, yangi futbolchilar bilan muzokaralar boshlanganmi?
- Ha, biz hozir futbolchilar bilan gaplashyapmiz. Kimdir o‘ylayapti, yana kimdir boshqa klub bilan kelishib qo‘ygan. Muxlislar ham jamoa kuchli bo‘lishi uchun shunga yarasha ijrochilarni olib kelishimizni xohlashadi. Biz esa bu ish bilan har kuni shug‘ullanyapmiz.
- Buning uchun moliyaviy tomondan barqarorlik ham zarur shundaymi?
- Albatta, moliyaviy tomondan imkoniyatlar yaxshi bo‘lsa, shunga yarasha o‘yinchilarni taklif qilamiz. To‘g‘ri, rahbarlarimiz ham jiddiy e’tibor qaratishyapti. Shu sababli moliyaviy imkoniyatimizni o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Ko‘p narsa esa pulga bog‘liq. Masalan, yaxshi o‘yinchi olib kelish ham mablag‘ga borib taqaladi.
- Sizga bungacha boshqa klublardan takliflar ham bo‘ldimi?
- Taklif bo‘yicha men hech kim bilan gaplashganim yo‘q. Chunki «Buxoro» bilan shartnomamni uzaytirdim. Bu xabar ommaga ham e’lon qilingan. Shunday ekan, endi menga taklif bildirishning nima foydasi bor? Mening butun e’tiborim «Buxoro»ga qaratilgan.
- Yanvar oyida olimpiya terma jamoamiz Osiyo chempionatida qatnashadi. Mutaxassis sifatida bizning imkoniyatlarimizni qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Olimpiya terma jamoasining imkoniyatini yuqori deb hisoblayman. Chunki terma jamoada qo‘lidan ko‘p narsa keladigan futbolchilar bor. Tarkib yaxshi shakllangan. O‘ylaymanki, ular Osiyo chempionatida o‘zlarini ko‘rsatib, yaxshi natijalarga erishishga qodir. Biz terma jamoaga muxlislik qilamiz.
Fikrlar