
"Buxoro" ustozi mashg‘ulotlar qachondan boshlanishini ma’lum qildi
"Buxoro" jamoasi matbuot xizmati klub bosh murabbiyi Muxsin Muhammadiev bilan suhbatlashdi.
- Ayni damda butun dunyoda koronovirus pandemiyasi sabab karantin e’lon qilingan, siz o‘z-o‘zingizni izolyatsiya qilish davrini qanday o‘tkazmoqdasiz?
- Hozirgi kunda men o‘z oilam bilan birga o‘z uyimda ya’ni Moskva shahrida karantin davrini o‘tkazyapman. Butun dunyo bu ofatdan jabr ko‘ryapti, normal hayot pandemiya tufayli butunlay o‘zgarib ketdi.
Afsuski, hamma o‘z uyida izolyatsiya davrini o‘tkazishi shart, nafaqat sportchilar balki boshqa kasb egalari ham o‘z ish faoliyatlarini davom ettira olishmayapti. Nima ham qila olardik? Bundan qochib qutilib bo‘lmaydi. Juda ham og‘ir davr.
- Jamoaning xozirgi ahvoli haqida aytib o‘tsangiz.
- Bugunga kelib, jamoamiz futbolchilari 40 kundan beri karantin davrini o‘z uylarida o‘tkazishmoqda. O‘zbekiston Superligasi 3-tur uchrashuvlari yakunlangach, ya’ni 15 martdan so‘ng hech bir jamoa birga shug‘ullanmayapti. Biz ham barcha futbolchilarimizga javob berdik. Murabbiylar shtabi ta’tilga chiqdi. Legioner futbolchilarni ushlab turishdan mano yo‘q edi, shu sababli ular ham o‘z yurtlariga uchib ketishdi. Chunki, chempionatning qayta tiklanishi mavhum edi. Mahalliy futbolchilarga kelsak, ko‘plari Buxoro shahrida istiqomat qilishadi. Toshkent va boshqa viloyatlarda bo‘lgan futbolchilarimiz bilan har kuni aloqadamiz. Futbolchilar o‘z formalarini yo‘qotmaslik uchun o‘z uylarida individual mashqlar olib borishyapti va albatta chempionat qayta boshlanishini intizorlik bilan kutishiyapti.
- Yaqin orada O‘zbekiston Superligasi davom ettiriladi degan umiddamiz. Agar bu sodir bo‘lsa, jamoa chempionatga to‘liq tayyor bo‘la oladimi?
- Chempionatni davom ettirish uchun hali konkret kun belgilanmagan, biz hozircha kutish rejimidamiz. Hukumat ruxsat bersa, mashg‘ulotlarga kirishamiz, hozircha esa faqat bizdan kutish talab etilmoqda.
Legioner futbolchilarimizning barchasi chet elda. Milovan Kapor Kanadada, Artyom Baranovskiy va Jaba Lipartiyalar Ukrainada, Edin Yunuzovich esa Xorvatiyada. Bu legionerlarimiz asosiy tarkib futbolchilari hisoblanishadi. Agar chempionat davom ettirilib, xalqaro aviareyslar yo‘lga qo‘yilmasa bu futbolchilar safimizga kelib qo‘shila olishmaydi. Menimcha, bu masalani ham qandaydir echimini topish kerak bo‘ladi.
Menga kelib etgan xabarlarga ko‘ra, 12 maydan keyin, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoalarga o‘z qarorgohlarida umumiy mashg‘ulotlar olib borish uchun ruxsat berilishi kutilmoqda, unda barcha gigiena qoidalariga amal qilib yopiq holda o‘tkazilishi rejalashtirilyapti.
Barcha futbolchilar dam olishdan charchashdi, bundan keyin eng shimarib mehnat qilib, keyingi turlarga tayyorlanish kerak. To‘g‘ri ikki haftada jamoa o‘z formasiga qaytishi qiyin masala, lekin nafaqat biz, balki butun dunyo chempionatdagi jamoalari ham shu ahvolda. Nolishga hojat yo‘q! Biz barcha harakatlarimizni, chempionat boshidagi xatolarimizni yuvish uchun qattiq ter to‘kamiz. Ishqibozlar oldida aybdormiz, ular jamoadan faqat g‘alaba kutishadi. Biz hali o‘z so‘zimizni aytishga ulgurmadik, omadsiz start bizni to‘xtata olmaydi.
Fikrlar