
"Buxoro"da o‘zgarishlar: Superliga o‘yinchilari tarkibga qo‘shilyapti, navbatdagi nishon "Paxtakor" futbolchisi. Shavkat Salomov "So‘g‘diyona"ga ijaraga berildi
Pro vakili – “Buxoro” yozgi tayyorgarligini Dukentda davom ettiryapti. Mavsumning dastlabki qismida qayd etilgan natijalar jamoani ham, rahbariyatni ham qoniqtirgani yo‘q.
Shuning uchun hozirgi yig‘indan unumli foydalanish hamda selektsiyada ham faol ish olib borgan holda tarkibni kuchaytirish ishlari ustivor vazifaga aylangan.
Shulardan kelib chiqqan holda “Buxoro” safida yana e’tiborga molik o‘zgarishlar kuzatilyapti. Bu haqida klub bosh direktori O‘tkir Qodirov Sports.uz muxbiriga ma’lum qildi.
- “Buxoro” klubini hozirda Dukentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirayotganidan xabardormiz. Muxlislarni avvalo tarkibdagi o‘zgarishlar qiziqtirmoqda. Dastlab shu haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.
- Tarkib masalasi bo‘yicha muzokaralarimiz davom etyapti. Lekin jamoamizga qo‘shilgan futbolchilar bor. “Qizilqum”dan Jasur Azimovni olib keldik. “Dinamo” klubidan yana bir iqtidorli o‘yinchi Timur Ismoilov qo‘shildi. “Yangier”dan uch nafar o‘yinchi mashg‘ulotlarimizda qatnashyapti. Qolaversa, “Sho‘rtan”dan jamoa sardori bilan asosiy darvozaboni ham bizning jamoamiz bilan mashg‘ulotlarda qatnashishmoqda. “Paxtakor” bilan Humoyunmirzo Iminov bo‘yicha gaplashyapmiz, bugun safimizga qo‘shilishi kerak. 18 iyul kuni Namanganda “Navbahor” bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz. Ular bilan shunday kelishuvga erishganmiz. Ochig‘i, namanganliklar tarkibidan ham safimizga o‘yinchilar qo‘shilishi mumkin, bu borada ish olib boryapmiz. Shunday qilib, tarkibimizni shakllantirib boryapmiz. Hali yana biroz vaqtimiz bor. Qaysidir o‘yinchilar bilan tarkibimizni kuchaytirish imkoniyatimiz bor. Superliga va pro ligadagi futbolchilar hozir jamoamizning Dukentdagi yig‘inida ishtirok etishyapti.
- Yig‘in mobaynida yana nechta nazorat uchrashuvi mo‘ljallangan?
- 4-5 ta nazorat o‘yini bo‘ladi. Masalan, 22 iyulda “Olimpik” bilan bahs olib boramiz. 25 iyul kuni jamoamiz “Neftchi”ga qarshi maydonga tushadi. 27 iyulda “Qizilqum” bilan o‘ynaymiz.
- “Buxoro”ni qaysi futbolchilar tark etdi?
- Shavkat Salomov ketmoqchi edi, u “So‘g‘diyona”ga ijaraga berildi. Sobit Sindarov jamoamizni tark etish niyatida. Shoxjahon Nasimov bilan Xurshid Olimov ham “Buxoro” bilan xayrlashishgan. Shu to‘rtta futbolchi endi biz bilan birga emas. Yana rejamiz bo‘yicha kamida 3-4 ta o‘yinchi bilan xayrlashamiz.
- Salomovning ketishi jiddiy yo‘qotish emasmi? O‘rnini qanday to‘ldirmoqchisizlar?
- Albatta, uning o‘rnini to‘ldiramiz. Iqtidorli yoshlar bor. Salomov masalasida shunday qarorga keldik, “So‘g‘diyona”ga ijaraga berishni lozim topdik.
- Legionerlar masalasi nima bo‘ldi?
- Hozir shu ish bilan ham shug‘ullanyapmiz. Lekin hali bir qarorga kelmadik. Murabbiy qoniqmayapti. Legionerlar bilan gaplashyapmiz.
- Yaqinda Hamidjon Aktamovning “Buxoro”da ish boshlashi mumkinligi haqida ma’lumotlar chiqdi. Shu rostmi?
- Ko‘p mish-mishlar bo‘ldi. Yashirmayman, Hamidjon Aktamov bilan telefon orqali aloqada bo‘lganmiz. U tajribali murabbiyligi uchun bizga maslahati kerak bo‘lgan. Shuning uchun aloqada bo‘lganman, buni yashiradigan joyi yo‘q. Ammo Aktamovni jamoamizda ishlash varianti ko‘rib chiqilmagan. Bosh murabbiy Hakim Fuzaylov o‘z joyida ishini davom ettiryapti. Unga yordamchi sifatida yangi mutaxassisni chaqirganmiz. Uning ishini ko‘rganimizdan keyin sizga bu haqida aytaman.
- Klub rahbari sifatida “Buxoro”ning tayyorgarligidan qoniqyapsizmi?
- Albatta, maqsadimiz jamoani kuchaytirish va Superligaga olib chiqish. Bu borada o‘zim tinmay yangi futbolchilar bilan muzokaralar olib boryapman. Buxoro xalqi futbolni sevadi, Buxoro xalqini dunyo taniydi. Faqat “Buxoro” jamoasi oxirgi paytlarda yaxshi natijalarga erishmayotgani uchun klubda tozalash ishlarini boshlaganmiz. Xabaringiz bor, stadionimiz foydalanishga topshirildi. Klubimiz homiysi “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” rahbari Akbar Alisherovich Fozilov, viloyatimiz hokimi Botir Komilovich Zaripovning katta yordamlari bo‘lyapti. Ularning sa’y-harakatlari, jamoamizga ko‘rsatayotgan yordamlari va ayniqsa, moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlayotganliklari uchun minnatdorman. Jamoamizda qarzdorliklar yo‘q. Oylik maoshlari to‘lab borilyapti.
Fikrlar