Buyuklikka etolmay qolishi mumkin bo‘lgan Xoland. Sabablar!

  • 17 oktabr, 2023, 23:39
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Messi Jahon chempionatini yutgach, ko‘p mutaxassislar va ko‘plab nashrlar tomonidan barcha davrlarning eng yaxshisi, deya e’tirof etildi. Ha, termadagi o‘yinlar, mundial va qit’a birinchiliklaridagi muvaffaqiyatlar chindan ham futbolchini mavqeiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Peleni 1000 ta gol urganidan tashqari uch karra jahon chempioni ham, deb eslaymiz. Maradona 1986 yilgi Mundialni Argentinaga yutib bergani uning karerasidagi cho‘qqisi va ayni shu ishi bilan uni ko‘p e’tirof etishadi.

Ronaldu Chempionlar ligasi qiroli. Biroq jahon chempioni bo‘la olmagani uni qanchalar xafa qilganini Marokashga qarshi o‘yindan so‘ng ko‘rdik. Kuboksizlik undan buyuk futbolchi maqomini olib qo‘ya olmaydi. Ammo o‘sha kubok uni yana ham buyuk qilgan bo‘lardi.

Neymar Braziliyaning eng yaxshi to‘purari. Statistikada Ronaldinomi, Ronaldomi yoki Pele, xullas, o‘zidan avvalgilarni ortda qoldirgan. Aniq ayta olamanki, eng yaxshi to‘purarlik ham uni o‘sha yulduzlar bilan tenglashtirish uchun etarli emas.

4 yilda bir bo‘ladigan turnir shu qadar ahamiyatlimi? Kim kuchliligini aniqlovchi mezon shumi? Yo‘q, qo‘shilmagan bo‘lardim. Avvalambor, kimni kimdan kuchliligi did masalasi. Lekin buyuklik haqida gap ketganda sap-sariq kubok katta ustunlik beradi.

Xoland qachondir Ronaldu va Messining gol urish borasida rekordlarini parchalab tashlar, bir necha karra EChL g‘olibi bo‘lar va ko‘plab titullar yutar, ammo u maqomga bir ishni uddalamasa chiqa olmaydi. Bu - terma bilan muvaffaqiyat. Ronaldu jahon chempioni bo‘lmagan, ammo Evroni yutgan. Xoland esa "Evro-2024"dan quruq qolish arafasida. Kelajakda: "1000 ta gol urgan bo‘lsam ham nega meni ulardan ustun deb bilmaysilar" deya savol berib qolsa, javobimiz shu bo‘lgay.

Bu kabi katta turnirni o‘tkazib yuborish unga hali pand berishi aniq. Agar u buyuklar ichra buyuk bo‘lishni maqsad qilgan bo‘lsa. Messi yaqinda katta ehtimol "Oltin to‘p"ga ega chiqishini inobatga olsak, pand berishlar boshlanib ketdi. Balki hali Norvegiya bilan muvaffaqiyat qozonishni uddalar. Ungacha Xolandsiz o‘tayotgan shu kabi katta turnirlar uni ham, bizni ham biroz xafa qilaveradi.

To‘g‘ri klubda to‘p tepyapsan, faqat noto‘g‘ri davlatda tug‘ilgansan, Erlingjon.

                                                                                                                                           Xudayqulov Karim

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!