«Chelsi» Abramovich davridagi noqonuniy bitimlar uchun ochkolar kamaytirishdan qutulib qoldi
Angliya Futbol assotsiatsiyasi (FA) avval qabul qilgan qarorini qayta ko‘rib chiqdi va "Chelsi" klubidan premyer-ligada noqonuniy bitimlar uchun ochkolarni olib qo‘ymaslikka qaror qildi. Bu haqida tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Chelsi" agentlar bilan hamkorlik qilish qoidalarini 74 marta buzgan. Dastlab klubga 10 million funt sterling miqdorida jarima belgilangan, shuningdek, turnir jadvalidagi 6 ochkosini olib qo‘yish rejalashtirilgan edi. London klubi bu qaror ustidan apellyatsiya berdi.
Natijada jazo chorasi o‘zgartirildi: ochko olib qo‘yish o‘rniga "Chelsi"ga kelasi ikki transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi. Shu bilan birga, klub moliyaviy jarimaga oid qarorni bahssiz qabul qildi.
FA tomonidan tekshiruv 2022 yildan beri olib borilgan. U "Chelsi"ning yangi rahbariyati klubning avvalgi egalari davrida yo‘l qo‘yilgan ehtimoliy qoidbuzarliklar haqida ma’lumot berganidan so‘ng boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil mart oyida Roman Abramovich Buyuk Britaniya hukumatı sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritilgandan keyin, Angliya premyer-ligasi kengashi uni "Chelsi"ni boshqarishdan chetlatgan edi. Shu yil mart oyidayoq klub sotuvga qo‘yildi, jamoa ustidan nazorat "Chelsi xayriya jamg‘armasi vasiylariga o‘tkazildi.
Keyinchalik klubni amerikalik tadbirkor Todd Boeli boshchiligidagi konsorsium 4,25 milliard funt evaziga sotib oldi. Buyuk Britaniya davlat idoralari ushbu bitimni 2022 yil may oyida rasmiy tasdiqladi.
Roman Abramovich "Chelsi"ni 2003 yilda ingliz tadbirkori Ken Beytsdan taxminan 140 million funtga (o‘sha paytda 233 million dollar atrofida) sotib olgan edi. Uning qo‘li ostida klub besh marta Angliya chempioni, besh marta Angliya kubogi sohibi bo‘ldi, uch marta Angliya liga kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ikki marta mamlakat superkubogini, ikki marta Chempionlar ligasini va ikki marta Yevropa ligasini yutib oldi. 2021 yilda esa "Chelsi" UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Fikrlar