
“Chelsi” Amorimga yordam berishni istamadi
“Manchester Yunayted”ni qabul qilib olgan Ruben Amorim tarkibda bir necha o‘zgarishlar qilishini bildirgan edi.
Xususan, portugaliyalik mutaxassis hujum chizig‘iga yangi o‘yinchi olishga urinyapti. Manchesterliklar nazariga “Chelsi” hujumchisi Kristof Nkunku tushdi.
27 yoshli futbolchi o‘ziga berilayotgan o‘yin vaqtidan norozi va Londonni tark etishga tayyor. U hatto “Manchester Yunayted”ga ko‘chib o‘tishga ham rozilik berdi.
Football Insider nashrining ma’lum qilishicha, “Chelsi” bosh murabbiy Entso Mareska Nkunkuning transferini blokladi. U jamoaning asosiy hujumisi Nikolas Jekson bo‘lishiga qaramay, ko‘p gol ura oladigan Nkunkuni qo‘yib yuborishni istamadi.
“Chelsi”ga 2023 yilning yozida olib kelingan Nkunku joriy mavsumda barcha turnirlarda 17 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 10 marotaba ishg‘ol qildi. Biroq bu gollarining faqat bittasi Angliya Premer-ligasiga to‘g‘ri keldi xolos. Qolgan to‘plar boshqa turnirlarda kiritilgan.
Fikrlar