
Chempion bo‘lish uchun 6 qadam qoldi yoxud "Nasaf"ning navbatdagi raqiblarga qarshi statistikasi qanday?
O‘zbekiston Superligasida mavsum yakuniga yaqinlashmoqda. Ammo bu yil chempionat oldingilarga qaraganda ancha qiziqarli va shiddatli bo‘layotganini e’tirof etish kerak. 20-turdan keyin oltin medallar uchun 3 ta klub da’vogarlik qilmoqda – “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”.
19-turda ko‘plab markaziy bahslar bo‘lib o‘tdi. “Navbahor” kutilmaganda Toshkentda “Bunyodkor”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, “Nasaf” “Paxtakor”dan ustun kelgan holda chempionlik uchun imkoniyatini ancha yaxshilab oldi. Hozirda Qarshi klubi 41 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Paxtakor” esa 38-ochko bilan 2-pog‘onani pand etgan. Namanganning “Navbahor” jamoasi “sherlar”dan 1 ochko kam to‘plagan holda kuchli uchlikka yakun yasagan.
Avvalgi mavsumlar bilan solishtirganda “Nasaf” chempionlik uchun ancha yaqin keldi. Ular qolgan 6 bahsda maksimal ochkolarni to‘play olsa, uzoq kutilgan oltin medallarga ega chiqishi mumkin. Shu bois, bugun Qarshi klubining navbatdagi turlarda duch keladigan jamoalarga qarshi statistikasini keltirib o‘tamiz.
9 oktyabr
“Nasaf” – “So‘g‘diyona”
Qarshiliklar uchun “So‘g‘diyona” ancha qulay raqib hisoblanadi. “Ajdarlar”ning “bo‘rilar”ga qarshi bahslardagi statistikasi juda yaxshi. So‘nggi 10 ta bellashuvni oladigan bo‘lsak, 7 ta o‘yinda “Nasaf” g‘alaba qozongan, 1 bellashuv Jizzax klubi foydasiga hal bo‘lgan. Yana ikkita bahsda esa g‘olib nomi aniqlanmagan.
2018 yil
“Nasaf” – “So‘g‘diyona” 3:0
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” 0:1
2019 yil
“Nasaf” – “So‘g‘diyona” 3:1
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” 1:1
2020 yil
“Nasaf” – “So‘g‘diyona” 3:0
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” 3:1
2021 yil
“Nasaf” – “So‘g‘diyona” 1:0
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” 0:1
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” 1:1
2022 yil
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” 1:2
“Nasaf” – “So‘g‘diyona” ?
19 oktyabr
“Qizilqum” – “Nasaf”
Navoiy klubi joriy mavsum chempionatda ancha shovqin ko‘tardi. “Qizilqum” hozirda 32 ochko bilan 5-o‘rinni band etgan. Chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Nasaf”ni esa 22-turda yana bir sinov kutmoqda. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari 19 oktyabr kuni Navoiyga safar qiladi. Mazkur jamoalarning so‘nggi o‘yinlarida qayd etilgan natijalarga qaraydigan bo‘lsak, katta ustunlik “ajdarlar” tomonda. Oxirgi 10 ta bahsning 6 tasida “Nasaf” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 1 bellashuv “oltin izlovchilar” foydasiga hal bo‘lgan. 3 ta o‘yinda esa tomonlar murosa yo‘lini tanlagan.
2018 yil
“Nasaf” – “Qizilqum” 0:0
“Nasaf” – “Qizilqum” 4:2
“Qizilqum” – “Nasaf” 2:0
2019 yil
“Nasaf” – “Qizilqum” 1:1
“Qizilqum” – “Nasaf” 0:0
2020 yil
“Qizilqum” – “Nasaf” 1:3
“Nasaf” – “Qizilqum” 4:0
2021 yil
“Qizilqum” – “Nasaf” 1:2
“Nasaf” – “Qizilqum” 2:1
2022 yil
“Nasaf” – “Qizilqum” 5:0
“Qizilqum” – “Nasaf” ?
22 oktyabr
“Nasaf” – “Bunyodkor”
“Bunyodkor” joriy mavsum juda yomon o‘yin namoyish qilmoqda. Klub 24-turdan keyin 24 ochko to‘plagan holda 10-o‘rinni egallab turibdi. 23-tur doirasida esa “qaldirg‘ochlar” Qarshida “Nasaf” mehmoni bo‘lishadi. Ushbu jamoalarning so‘nggi 10 ta o‘yini natijasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘zaro tenglikni kuzatishimiz mumkin. 4 ta bellashuvda “Nasaf”ning, 4 ta bahsda “Bunyodkor”ning qo‘li baland kelgan. Ikki o‘yinda esa g‘olib nomi aniqlanmagan.
2017 yil
“Nasaf” – “Bunyodkor” 0:1
2018 yil
“Bunyodkor” – “Nasaf” 2:1
“Nasaf” – “Bunyodkor” 1:4
2019 yil
“Bunyodkor” – “Nasaf” 1:1
“Nasaf” – “Bunyodkor” 3:1
2020 yil
“Nasaf” – “Bunyodkor” 2:2
“Bunyodkor” – “Nasaf” 0:1
2021 yil
“Bunyodkor” – “Nasaf” 2:0
“Nasaf” – “Bunyodkor” 5:0
2022 yil
“Bunyodkor” – “Nasaf” 1:4
“Nasaf” – “Bunyodkor” ?
04 noyabr
“Nasaf” – “Dinamo”
“Dinamo” Pro ligaga tushib ketish arafasida turibdi. Samarqandliklar 20-turdan keyin atigi 9 ochko to‘plagan holdi so‘nggi pog‘onani egallab turibdi. 24-turda “yo‘lbarslar”ni yana bir sinov kutib turibdi. O‘sha kuni Abramov shogirdlari Qarshida “Nasaf” mehmoni bo‘lishadi. Ushbu jamoalarning so‘nggi 10 ta o‘yini statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, 6 ta o‘yinda “ajdarlar”ning, 1 bahsda “Dinamo”ning qo‘li baland kelgan. 3 ta o‘yinda esa durang qayd etilgan.
2013 yil
“Dinamo” – “Nasaf” 1:3
2014 yil
“Nasaf” – “Dinamo” 1:0
“Dinamo” – “Nasaf” 0:5
2015 yil
“Nasaf” – “Dinamo” 2:0
“Dinamo” – “Nasaf” 1:1
2017 yil
“Dinamo” – “Nasaf” 1:1
“Nasaf” – “Dinamo” 3:0
2019 yil
“Dinamo” – “Nasaf” 1:1
“Nasaf” – “Dinamo” 1:2
2022 yil
“Dinamo” – “Nasaf” 0:4
“Nasaf” – “Dinamo” ?
12 noyabr
“Nasaf” – “Neftchi”
“Neftchi” Superligada qolish masalasini deyarli hal qilib bo‘lgan. Farg‘ona klubi 20-turdan keyin 25 ochko to‘plagan holda 8-o‘rinni egallab turibdi. 25-turda “Neftchi” Qarshiga safar uyushtirishiga to‘g‘ri keladi. Mazkur jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etilgan. Shu bois, ushbu o‘yin “ajdarlar” uchun revansh uchrashuvi sifatida ham e’tibor markazida bo‘ladi. “Nasaf” va “Neftchi”ning so‘nggi 10 ta o‘yini natijalariga qaraydigan bo‘lsak, 6 ta o‘yinda qarshiliklar g‘alaba qozongan. Farg‘ona klubi1 bahsni o‘z foydasiga hal qilishni uddalagan. 3 ta bellashuvda esa g‘olib nomi aniqlanmagan.
2016 yil
“Nasaf” – “Neftchi” 1:0
“Neftchi” – “Nasaf” 2:2
“Nasaf” – “Neftchi” 3:1
2017 yil
“Nasaf” – “Neftchi” 2:0
“Neftchi” – “Nasaf” 0:3
2018 yil
“Neftchi” – “Nasaf” 0:0
“Nasaf” – “Neftchi” 2:0
“Neftchi” – “Nasaf” 3:1
“Nasaf” – “Neftchi” 2:0
2022 yil
“Neftchi” – “Nasaf” 1:1
“Nasaf” – “Neftchi” ?
19 noyabr
“Olimpik” – “Nasaf”
“Olimpik” Superligada debyutant bo‘lsa-da, ancha mazmunli o‘yin ko‘rsatmoqda. Timur Kapade boshchiligidagi olimpiyachilar grand klublar uchun ancha boshog‘riq bo‘ldi. 19 noyabr kuni ushbu klub o‘z maydonida “Nasaf”ga qarshi saf tortadi. Agar Qarshi klubi mazkur bahsga qadar maksimal ochkolarni qo‘lga kiritgan holda kelsa, katta ehtimol bilan bu o‘yin “Nasaf” uchun chempionlik bahsiga aylanadi. “Nasaf” va “Olimpik” shu paytga qadar atigi bitta rasmiy o‘yinda kuch sinashgan. Superliga 13-turi doirasidagi bellashuvda 2:2 hisobidagi durang qayd etilgan. Shu bois, ushbu o‘yin ancha qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q.
2022 yil
“Nasaf” – “Olimpik” 2:2
“Olimpik” – “Nasaf” ?
Kuzatganingizdek, “Nasaf” qolgan uchrashuvlarda nisbatan o‘zi uchun qulay bo‘lgan jamoalarga qarshi maydonga tushadi. Statistikalarga qaraydigan bo‘lsak, katta ustunlik Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari tomonda. Ammo bu bilan “ajdarlar”ning imkoniyatiga katta baho bermagan bo‘lardik. Sababi, bu – futbol va maydonda hamma narsa kuzatilishi mumkin.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar