Chempionatimizda yangi "Rejissyor"lar! Yoxud Superligada katta va’dalar berayotgan murabbiylar

  • 13 fevral, 2022, 21:21
  • 1
  • Futbol

Faraz qiling, maydondagi o‘yinchilarni “aktyor”larga qiyoslasak, “rejissyor”i bu - bosh murabbiy. Ha, murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. Yangi boshlanajak mavsumda ham murabbiylar o‘rtasida o‘ziga xos “jang” bo‘lishi muqarrar. Har bir mutaxassisning oldiga qo‘yilgan maqsadi bo‘lgani kabi, shunga yarasha harakat qilinadi.

Bu yil Superligamizda yangi murabbiylar ish boshlayapti, demak yangi nomlarning paydo bo‘lishi chempionatimiz saviyasini oshishiga xizmat qilishi mumkinligi borasida umidimiz yo‘q emas. Oldingi yillarga taqqoslaganda, bu safar sezilarli ravishda yangi bosh murabbiylarga ishonch bildirilmoqda. Xo‘sh, bu yil kimlar rasman yangi bosh murabbiy sifatida ishga kirishdi?

Slavche Voyneski – “Paxtakor” bosh murabbiyi

Piter Xyuistra o‘tgan yili “Sherlar”ni chempion qildi. Lekin Kubok finalida yutqazdi. Shundan so‘ng niderlandiyalik murabbiy jamoadan ketishni xohlab qoldi. Rahbarit esa uning o‘rniga Makedoniyadan Voyneskini topdi. 48 yoshli murabbiy UEFA “Pro” litsenziyasiga ega. Makedoniyada “Metallurg” hamda “Skope”da bir necha yillar davomida ishladi. Makedoniyaning turli yoshdagi terma jamoalarida ham faoliyat ko‘rsatdi. Turkiyada esa bir qator klublarda yordamchi murabbiy lavozimida ko‘rindi. Endi esa u jiddiy ishga kirishdi. Bu bilan uni oldingi ishlagan jamoalaridagi vazifasini jiddiy emasdi, degan fikrdan yiroqdaligimizni ham qo‘shib qo‘ymoqchimimiz. Ammo yordamchi murabbiy bilan bosh murabbiy o‘rtasida qanchalik farq borligini biz aytmasak ham siz yaxshi bilasiz. Voyneski esa endi “Paxtakor” bosh murabbiyi! Makedoniyalik mutaxassis O‘zbekistonning amaldagi chempionini qabul qilib oldi. Endi u oldingidek yordamchi murabbiy bo‘lib yuravermaydi, balki bevosita natijaga javobgar shaxsga aylandi. “Paxtakor” u bilan chempionlik kamarini o‘zida saqlab qoladimi yoki boy berib yuboradimi? Bu savolga javobni mavsum oxirida olamiz. Rosti, hali Voyneskining qanday murabbiy ekanini va nimalarga qodirligini bilmaymiz, shaxsan men. Balki u chempionatimizda o‘ziga yarasha inqilobga qo‘l urar yoki hech nimani o‘zgartira olmas, bunisini oliy hakam – vaqt ko‘rsatadi.

voyneski

Denis Korostichenko – “Lokomotiv” bosh murabbiyi

Mikael Sekeyradan bo‘shab qolgan lavozimga ega chiqqan Denis Korostichenko biz uchun yangi murabbiy. Qaysi ma’noda? Ha, uni qisman bilardik, asosan ikkinchi raqam ostida. Endi esa “Lokomotiv” mutasaddilari Denis Vladimirovichga mustaqil ravishda o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat yaratib berishdi. U hali murabbiy sifatida yosh, endi 36 ni “urdi”. Korostichenkoning murabbiylik faoliyati hozircha u qadar keng emas. Ilgari “Bunyodkor” akademiyasida ishlagan. 2019 yildan beri “Lokomotiv”da mehnat qilib kelayotgandi. O‘tgan yilgi chempionatning oxirgi turida safarda “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda jamoani vaqtincha bosh murabbiy sifatida maydonga boshlab tushdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Shundan keyin yangi mavsumda uni rasman bosh murabbiy etib tayinladilar. Klub nufuzini saqlab qolish va murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsata olishi bu endi Korostichenkoga bog‘liq.

denis4_2

Predrag Rogan – “Dinamo” bosh murabbiyi

Superligaga qaytib chiqqan “Dinamo”ning “ishtahasi” chakki emas. Samarqand jamoasi yil boshidan buyon selektsiyada faol ishladi. Barchasi esa yangi bosh murabbiyni tanishtirishdan boshlandi. Serbiyalik 48 yoshli Predrag Rogan “Dinamo” taklifiga ijobiy javob qaytarib, klubni boshqarishga kirishdi. Endi u O‘zbekiston chempionatida debyutini o‘tkazadi. Rogan shu paytga qadar Serbiyaning qator klublarini boshqargan. Adashmasak, u hali o‘zini chetda sinab ko‘rmagan. Mana, ilk bor murabbiy sifatida “legioner”ga aylandi. “Dinamo” o‘z oldiga qo‘yilgan katta marralarni serbiyalik mutaxassis bilan bosib o‘tmoqchi. Buning uchun unga sharoitlar yaratib berilyapti. Xabaringiz bor, klub hozir Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazyapti. Eng katta narsa – bu ishonch. Rahbariyat va samarqandlik muxlislarning Rogandan umidi katta.

rogan1_2

Samvel Babayan – “Navbahor” bosh murabbiyi

O‘tgan yilning yarmidan namanganliklar jamoasida maslahatchi murabbiy bo‘lib ishga kirishgan Babayan bu yildan boshlab rasman bosh murabbiyga aylandi. Rostini aytish kerak, bu yil “Navbahor” Babayan boshqaruvi ostida qanday natija ko‘rsatishi hamma uchun qiziq. Hozirdanoq chempionat favoritlari qatorida tilga olinyapti. Yaxshi selektsiya ishlari amalga oshirildi. Murabbiy tarkibda o‘zi ko‘rishni xohlagan ijrochilarni yig‘di. Qolgani endi murabbiyning mahoratiga bog‘liq. Klub rahbariyati uning talablarini bajargancha, qulay sharoitlarni muhayyo qilyapti. “Navbahor” qishki tayyorgarlik jarayonida ikkinchi xorij yig‘inida qatnashayotgani ham e’tiborga molik. Samvel Vyacheslavovich bungacha qanday tanqidlarga uchragani barchaga yaxshi ma’lum. Lekin hozirgi paytda u yana katta sahnada.

babayan2_2

Nikola Lazarevich – “Qizilqum” bosh murabbiy

29 yanvar kuni 44 yoshni qarshilagan Lazarevich “Qizilqum” klubinig yangi ustoziga aylandi. Bu jamoani uzoq yillar Hamidjon Aktamov boshqardi. Bu safar u joyini serbiyalik mutaxassisga bo‘shatib berdi, ammo o‘zi klubda qoldi va rahbarlik lavozimlaridan birida ishini davom ettiradi. Nikola Serbiya, Tojikiston, Saudiya Arabistoni chempionatlarida ishladi va tajriba orttirdi. Oddiy qilib aytganda, yaxshi mutaxassis. Lekin O‘zbekiston chempionatida ilk bor ishga kirishyapti. Moslashuv jarayoni uning uchun qancha muddatni o‘z ichiga olishini bilmaymiz. “Qizilqum” esa katta rejalarni tuzib qo‘ygan. Lazarevich qanday vazifa uchun kelganini yaxshi biladi. Boshqa yangi kelgan xorijlik mutaxassislardan farqli o‘laroq, Nikola o‘zbek futboli va chempionati bilan oldindan yaxshi tanish.

203933_b2684c7105489fd4a7bf37bfbb81d58a_2

Anxel Lopes Peres – “Surxon” bosh murabbiyi

Unga nisbatan Superligada ishlayotgan murabbiylar orasida top-saviyadagisi deya ta’rif berayotganlarni ham eshityapmiz. Ya’ni, “Surxon”ga yangi bosh murabbiy bo‘lib kelgan ispaniyalik Anxel Lopes Peres haqida ana shunday gaplar yuribdi. 39 yoshli murabbiy haqida yaqinda saytimiz orqali batafsil ma’lumot bergandik. Lopes Ispaniyada La Liga klubi – “Getafe”da faoliyat olib borgan. Shuningdek, “Rekreativo” klubiga bosh murabbiylik qilgan. Ekvatorial Gvineya terma jamoasiga ham ustozlik qildi. Qolaversa, Xitoy, BAA, Ruminiya, Ekvador chempionatlarida ham ishladi. Oxirgi yillarni Gretsiyada o‘tkazdi. “Volos” hamda “Atromitos” klublariga bosh murabbiylik qildi. Endi navbat “Surxon”ga! U yangi jamoasi bilan allaqachon ishga kirishgan. Yaxshi mutaxassisligi ko‘rinib turibdi. Ammo “Surxon”da hali yana boshqa hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar turibdi. Ispaniyalik murabbiyga ham tabiiyki vaqt kerak, undan tezda natija talab qilinishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Sababi, birinchidan, jamoa kishki yig‘inni juda kech boshladi. Ikkinchidan, Anxel Lopesni kech taklif qilishdi. Ungacha klubga ispaniyalik boshqa murabbiy Valmanya ustozlik qilishni boshlagandi. Biroq litsenziya bilan bog‘liq muammo tufayli ortlariga qaytishdi. Yangi kelgan murabbiy uchun jamoani chempionatga tayyorlashda bir oy vaqt bo‘ladi yoki bo‘lmaydi.

o_p_146_756_angel-lopez-perez-1

Klublarmizda ishlaydigan yangi bosh murabbiylar haqida so‘z yuritdik. Ularning orasida besh nafari xorijlik. “Metallurg”ni ham ispaniyalik Luisma Ernandes boshqarayotganidan xabardorsiz. Yuqorida ro‘yxatga uni qo‘shmaganimizga sabab Luisma o‘tgan yilning oxirlarda bosh murabbiylikka kirishgan. Biz esa bu yildan e’tiboran yangi ishga kirishgan mutaxassislar haqida so‘z yuritdik.

Qolgan klublarimizda esa murabbiylari joyida. Mirjalol Qosimov (AGMK), Ro‘ziqul Berdiev (“Nasaf”), Shuhrat Maqsudov (“Bunyodkor”), Ulug‘bek Baqoev (“So‘g‘diyona”), Baxtiyor Ashurmatov (“Qo‘qon-1912”), Ilhom Mo‘minjonov (“Neftchi”) va Timur Kapadze (“Olimpik”) ham “rejissyor” sifatida “aktyorlar”ini sahnaga tayyorlayapti. Ko‘ramiz, kimning spektakli yaxshiroq chiqarkin?  Yuqoridagi murabbiylarning aksariyati bilan suhbatlar uyushtirdik va o‘ziga yarasha jiddiy maqsadi borligi bilan birga va’dalar ham berishyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Аббосхон Ахмедов
14/02/2022 09:13
Мухлисларни (фан клубларни) тартибга чакириб турилувчи мутасаддилар бунга қандай қараркин... Уфф ми Пфл ми ҳўш.... Доим мухлисларни деб жамоага жарималар солингани,мухлисларни ўйинларга қуйилмаганини кўп кўрганмизку... Буларгаям нимадир бормикин... Ёки пфл ва уфф даги акалар пахтакордаги акахонларидан қўрқишармикин