
Chempionlar ligasida zafar quchgan Yaxshiboev jamoasi haqida antiqa ma’lumot
Jasur Yaxshiboev 15 sentyabr kuni Moldovaning “Sherif” jamoasi tarkibida Chempionlar ligasi guruh bosqichida debyut qilib, Evropaning eng nufuzli turnirida ishtirok etgan kamsonli o‘zbekistonlik futbolchilardan biriga aylandi. Avval, bu turnirda asosan Maksim Shatskix porlagan va o‘z gollari bilan “Dinamo Kiev” g‘alabalariga munosib hissa qo‘shgan.
Evropa futboli mutaxassislari ayni paytda birinchi turda sensatsiyaga sabab bo‘lgan musobaqa debyutantini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqmoqda. Bunga etarlicha asos bor.
“Sherif” Moldova futboli tarixida birinchi marta Evropa Chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma oldi. Ayrim evropalik futbol ekspertlari qit’aning eng katta turniri guruh bahslari boshlanishi oldidan tiraspolliklarni musobaqaning eng zaif jamoasi, deb atadi va bu jamoani hech kim mensigani yo‘q.
Jamoaning ukrainalik bosh murabbiyi Yuriy Vernidubning shogirdlari har qanday raqibga qarshi o‘ynashga tayyor ekani, tezkorlik va mahorat bobida boshqalardan qolishmasligi, murabbiylar shtabi kuchli raqobatchilar bilan qanday o‘ynashni yaxshi bilishi haqidagi gaplarini hech kim jiddiy qabul qilgani yo‘q, albatta.
Lekin “Sherif” ilk urinishdayoq, Evrokuboklarda katta tajriba to‘plagan Donetskning “Shaxtyor” klubini 2:0 hisobida er tishlatganidan keyin ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tibori bu klubga qaratildi.
O‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari esa, “Sherif” o‘yinlarini Jasur Yaxshiboev uchungina kuzatib boradi. Bizga o‘zbek yigiti futbol olamining eng nufuzli turnirlarida to‘p tepishi, bu orqali yanada kuchli jamoalar va ligalarga o‘tish imkoniyatini qo‘lga kiritishi ahamiyatli.
Xullas, “Sherif”ning g‘alabasi Moldova futbolining ulkan yutug‘i sifatida qabul qilindi. Biroq, eng qiziq tomoni shundaki, bu g‘alabaga birorta moldovan futbolchisining hissasi qo‘shilgani yo‘q. Bunga xorijlik mutaxassislar alohida e’tibor qaratdi.
Demak, “Sherif” g‘alabasini ta’minlagan qahramonlar va ular qaysi mamlakatdan ekani bilan tanishamiz.
Aytilganidek, uchrashuvga futbolchilarni to‘g‘ri tayyorlay olgan va ajoyib taktika tanlagan bosh murabbiy Yuriy Vernidub mag‘lub etilgan “Shaxtyor” jamoasi kelgan mamlakat – Ukrainadan.
O‘yinda ilk daqiqadan o‘ynagan boshlang‘ich tarkibdagi 11 nafar o‘yinchining barchasi xorijlik: Giorgos Afanasiadis (Gretsiya), Danilo Arboleda (Kolumbiya), Adama Traore (Mali), Frank Kastaneda (Kolumbiya), Fernando Peyshoto (Braziliya), Kristiano Da Silva (Braziliya), Jasur Yaxshiboev (O‘zbekiston), Edmund Addo (Gana), Dmitris Kolovos (Gretsiya), Sebastyan Till (Lyuksemburg), Gustavo Dulanto (Peru / Italiya).
O‘yin davomida zaxiradan maydonga tushgan to‘rt nafar futbolchining ham Moldova fuqaroligiga hech qanday aloqasi yo‘q.
Yana bir ma’lumot. “Sherif” Chempionlar ligasining saralash bosqichidagi muvaffaqiyati uchun musobaqa tashkilotchisi UEFA tomonidan 16 million evro bilan taqdirlangan. Avvalroq, tiraspolliklar birinchi turdagi g‘alaba evaziga 2,8 million evro bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik.
Qiziqarli ma’lumotlarning Jasurga tegishli joyi ham bor. “Sherif” Yaxshiboev bilan tengdosh klub hisoblanadi. Hamyurtimiz 1997 yilning 24 iyunida tug‘ilgan. Tiraspol klubi esa shu yilning 7 aprelida tashkil qilingan.
Chempionlar ligasining dastlabki turidan so‘ng “D” guruhida peshqadamlik qilayotgan “Sherif” ikkinchi tur uchrashuvini mashhur “Santyago Bernabeu” arenasida o‘tkazadi.
Biz 28 sentyabr kuni Madridda bo‘ladigan bellashuvda Jasur Yaxshiboev “Real”ga qarshi o‘zini ko‘rsata olishiga umid qilamiz!
Fikrlar