
Davron Fayziev: Bu o‘yin avvalgi turlarda "Real" rostdan ham motivatsiya etishmasligidan ochko yo‘qotdimi yoki muammolar jiddiyroq va kengroqmi, shuni aniqlab beradi
Bugun EChLda ajoyib o‘yin bo‘lib o‘tadi. "Inter" Madridda "Real" mehmoni bo‘ladi. Bellashuv har ikki jamoa uchun juda ahamiyatli. Sababi tomonlar turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda bormoqda. Vaziyatga taniqli sharhlovchi Davron Fayziev telegramdagi sahifasida munosabat bildirib, uchrashuvning qiymati haqida so‘z yuritdi.
- "Real" – "Inter" o‘yini, qur’adan so‘ng, guruhda birinchi o‘rin uchun kechishi taxmin qilingandi. Hozir esa vaziyat boshqacharoq. "Inter" uchinchi, "Real" esa to‘rtinchi o‘rinda. Bu bahsda mag‘lub bo‘lgani "V" guruhida mutlaq autsayderga aylanadi. Tasavvur qiling. "Shaxtyor" va "Borussiya M" bilan bir guruhda "Real" va "Inter" qolib ketish ehtimoli oshmoqda. Ular nihoyat birinchi g‘alabaga erishish uchun o‘ynamoqda. Durang qoniqtirmaydi. Bu vaziyatning plyus tomoni ham bor. Agar 2 ta turda 6 ochkodan olganda, bu grandlar bugun jang namoyish etmasligi, kuch tejashi mumkin edi. Endigi vaziyatda ortga yo‘l yo‘q, biz "Real Madrid" va "Inter" ishtirokidagi kichik finalga guvoh bo‘lamiz. Yana bir masalaga oydinlik kiritiladi. Zinedin Zidanda kuchsizroq klublar bilan o‘yinda motivatsiya berish bilan muammolar bor, deyiladi. Xo‘p, "Shaxtyor" va "Borussiya M" bilan shunday bo‘lgandir, "Inter" top va motivatsiya maksimal darajada bo‘lishi aniq. Bu o‘yin avvalgi turlarda "Real" rostdan ham motivatsiya etishmasligidan ochko yo‘qotdimi yoki muammolar jiddiyroq va kengroqmi, shuni aniqlab beradi. "Inter"da esa teskari vaziyat, Antonio Konte shogirdlari Italiyada aynan bevosita raqobatchilari ustidan g‘alabaga erisha olmayapti. Bunga yana chempionlar ligasidagi qoqilishlar qo‘shildi va "Inter" muxlislari Kontega sal o‘qrayib qarashni boshlashyapti. Natija yo‘q.
Mana, qanchalik bu uchrashuv ko‘p narsani hal qilishini bilib oldik. Endi tungi soat 01:00gacha uxlab qolmaslikni uddalasangiz, Evropa klassikasi darajasidagi super o‘yinga guvoh bo‘lasiz, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar